141-bob. Yomg’irdan keyin aytiladigan zikrlar 467/1. Zayd ibn Xolid Juhaniy (r.a.) rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam Hudaybiyada kechasi yoqqan yomg’irdan namiqqan yerda bizga bomdod
namozini o’qib berdilar. Namoz tugaganidan keyin odamlarga yuzlanib:
«Parvardigorlaringiz nima deb aytganini bilasizlarmi?» dedilar. Sahobalar: «Alloh va
Uning rasuli bilguvchiroq», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Alloh taolo bandalarim Menga mo’min yoki kofir bo’lgan holda tong ottiradilar. Kim,
Allohning fazli va rahmati sababli yomg’ir yog’dirildi, desa, ana shu kishi Menga iymon
va sayyoraga kufr keltirgan bo’ladi. Ammo kimiki sayyoradagi undoq va bundoq
o’zgarishlar sababli yomg’ir yog’dirildi desa, ana shu kishi Menga kufr va sayyoraga
iymon keltirgan bo’ladi dedi», dedilar. Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari
142-bob. Yomg’irning zararidan qo’rqilganda o’qiladigan duolar 468/1. Anas (r.a.) rivoyat qiladilar: «Bir kishi juma kuni masjidga kirdi. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam tik turib xutba aytayotgan edilar. Haligi kishi: «Ey Rasululloh,
mollar halok bo’lib, ko’chalar huvillab qoldi. Allohdan so’rab bering, bizga yomg’ir
yuborsin», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo’llarini ko’tarib:
«Allohumma ag’isna, Allohumma ag’isna, Allohumma ag’isna», (Ey Rabbim, yomg’ir ber,
ey Rabbim, yomg’ir ber, ey Rabbim, yomg’ir ber), dedilar. O’shanda osmonda biror to’p
yo tarqoq bulut yo’q edi. Bizga Sal’ tog’i shundoq ko’rinib turardi, o’rtamizda biror uy,
hovli yo’q edi. Ana shu tog’ orqasidan qalqondek bir bulut chiqib, osmon o’rtasiga kelib
yoyildi, so’ng yomg’ir yog’di. Allohga qasamki, (ko’p yoqqanidan) bir qancha payt
quyosh ko’rinmay qoldi. Haligi kishi kelasi jumada yana o’sha eshikdan kirib keldi.
Rasululloh o’shanda ham tik turib xutba aytayotgan edilar. U: «Ey Rasululloh, mollar
halok bo’lib, ko’chalar huvillab qoldi. Allohga duo qiling, yomg’irni to’xtatsin», dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki qo’llarini ko’tarib:
«Allohumma havaliyna va la ‘alayna Allohumma ‘alal akami vazzirobi va butunil avdiyati
va manabitish shajari» (Ey Rabbim, atrofimizga yog’dir, ustimizdan yog’dirma, ey
Rabbim, uni tepaliklarga, tog’larga, vodiylarga, daraxtzorlarga yog’dir), dedilar. Keyin
yomg’ir to’xtadi, biz ko’chaga chiqdik va quyosh nuri ostida yurib ketdik». Imom Buxoriy
va Imom Muslim rivoyatlari