www.ziyouz.com kutubxonasi
171
621/9. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «So‘zlardan
oldin salom», dedilar. Termiziy zaif isnod ila rivoyat qilganlar.
Fasl: Salom bilan boshlash afzal ekaniga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
quyidagi sahih hadislari dalildir: «Ular ikkovining yaxshisi salom bilan boshlaganidir».
Shundan kelib chiqib, har bir ko‘rishgan kishi salomni boshlashga hirs etmog‘i lozim
bo‘ladi.
622/10. Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kishilarning Alloh huzuridagi oliy martabaligi salomni boshlaganidir», dedilar. Abu
Dovud rivoyatlari.
Imom Termiziy rivoyatlarida keltirilishicha, «Ey Rasululloh, ikki kishi yo‘liqib qolsa, qaysi
biri salomni boshlaydi?» deyilganida, u zot: «Alloh huzuridagi oliy martabaligi», deb
aytdilar.
216-bob Salomning mustahab, makruh va muboh holatlari haqida Bilingki, yuqorida aytganimizdek, salomni ommaviy qilishga buyurilganmiz. Lekin bu
ba’zi holatda ta’kidlangan va ba’zi holatda yengillatilgan va ba’zi holatda man qilingan.
Ammo ta’kidlab mahbub sanalganlarining hududi yo‘qdir. Va yana bilingki, tirikka ham,
o‘likka ham salom beriladi. Biz o‘likka salom berish kayfiyatini «Janoza zikrlari kitobi»da
aytib o‘tganmiz. Ammo salomning makruh, yengillatilgan va muboh holatlarini istisno
qilib, bir oz bayon qilishga ehtiyoj bor. Masalan, kishi bavl va shularga o‘xshash narsaga
mashg‘ul bo‘lib turganida salom berish makruhdir. U javobga ham hakdor emas. Yana
uxlayotgan yoki esnayotgan yoki namoz o‘qiyotgan yoki muazzin namozga azon yoki
iqomat aytayotgan bo‘lsa yoxud hammomda bo‘lsa yo shunga o‘xshash salom o‘z
ta’sirini o‘tkazmaydigan ishlarda ham salom bergan kishi javobga haqdor emas. Ammo
ovqatlanayotgan bo‘lsa-yu og‘zida luqma bo‘lmasa, salomning zarari yo‘qdir. Javob
berish u kishiga vojib bo‘ladi. Oldi-sotdi va boshqa muomalalarda salom berilsa, javob
berish vojibdir. Ammo jumaga xutba o‘qilib turganda salom berish makruhdir. Chunki
xutbada jim turishga buyurilganmiz. Endi shunga xilof qilib salom berib qo‘ysa, javob
beriladimi? Bunda bir oz ixtilof bor. U amal qilmagani uchun javob qaytarilmaydi,
deganlar bor. Agar xutbada jim turish vojib, deyilsa, salomga alik olmaydi. Agar xutbada
jim turish sunnat, deyilsa, o‘sha hozir bo‘lganlar orasidan bir kishi javob qaytaradi. Bir
kishidan ko‘pi javob qaytarmaydi deganlar ham bor. Ammo Qur’on qiroati bilan mashg‘ul
kishiga beriladigan salom haqida Abul Hasan al-Vohidiy: «Tark qilgan afzaldir», deydilar.
«Agar salom berilsa, ishora bilan javob berish kifoya qiladi. Agar Qur’on o‘qiyotgan kishi
lafz ila salomga alik olsa, «A’uzu»ni aytib, yana tilovatga qaytadi». Bu Vohidiy fikrlari
edi. Bunga bir oz e’tibor qilishga to‘g‘ri keladi. Zohiriy olib qaralganda, Qur’on o‘qiyotgan
kishi lafz ila alik oladi. Ammo xotirni jamlab, berilib duo bilan mashg‘ul bo‘layotgan
kishini Qur’onga mashg‘ul bo‘layotganga o‘xshatish mumkin. Fikrimcha, ana shu holda
unga salom berish makruhdir. Chunki bu unga ovqatlanishdagi mashaqqatdan ham
ko‘proq qiyinchilik olib keladi. Ammo ehromdagi talbiya aytuvchi kishiga salom berish
makruhdir. Chunki talbiyani to‘xtatish makruh. Bordi-yu salom berilsa, lafz ila alik olib
qo‘yadi.