www.ziyouz.com kutubxonasi
179
652/2. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot bir qissada: «Rasululloh sollallohu
alayhi vasallamga yaqin bo‘lib, qo‘llarini o‘pdik», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.
Ammo kichik bolaning yuzidan o‘pish yoki ukasini o‘pish yoki yuzidan boshqa joylarini
o‘pishi shafqat, rahmat, lutf va qarindoshlik muhabbati yuzasidan sunnatdir. Bunga
mashhur sahih hadislar ko‘pdir. U xoh o‘g‘il, xoh qiz bo‘lsin. Shu singari bolalari do‘stini
va boshqa yosh bolalarni ham shu alfozda o‘pish sunnatdir. Ammo shahvat bilan o‘pish
ittifoq qilingan holda haromdir. Xoh yosh bola bo‘lsin, xoh boshqasi bo‘lsin. Hatto
shahvat bilan nazar qilish haromdir. Xoh yaqini, xoh uzoq kishisi bo‘lsin.
653/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
Hasan ibn Alini (r.a.) o‘pganlarida, huzurlarida Aqra’ ibn Hobis at-Tamiymiy bor edi.
Shunda u: «Mening o‘nta bolam bor-u, ularning birortasini o‘pmaganman», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga qaradilar-da, «Kim rahm qilmasa, rahm
qilinmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
654/4. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning sollallohu alayhi vasallam
huzurlariga a’robiylar kelib, «Sizlar yosh bolalaringizni o‘pasizlarmi?» deyishganida,
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», dedilar. Ular: «Biz, Allohga qasamki,
bolalarimizni o‘pmaymiz», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh
sizlardan rahmni tortib olgan bo‘lsa, men nimaga ham qodir bo‘lardim?» dedilar. Imom
Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Bu hadis boshqacha lafzlar bilan ham rivoyat qilingan.
655/5. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘g‘illari
Ibrohimni ushlab turib, o‘pdilar va hidladilar. Imom Buxoriy va boshqalar rivoyati.
656/6. Baro ibn Ozibdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Madinaga kelingan paytda Abu Bakr
(r.a.) bilan birga (uylariga) kirsak, qizlari Oisha (r.a.) isitma bo‘lib yonboshlab yotgan
edilar. Abu Bakr (r.a.) oldilariga borib, «Ey qizcham, ahvolingiz qanday?» deb yuzlaridan
o‘pib qo‘ydilar». Abu Dovud rivoyatlari.
657/7. Safvon ibn Assoldan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir yahudiy do‘stiga «Anavi nabiy
huzuriga bizni olib bor», dedi. Bas, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
huzurlariga borib, to‘qqizta ochiq-oydin oyat haqida so‘rashdi. (Hadisning davomida)
ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘llari va oyoqlarini o‘pib, «Biz guvohlik
beramizki, albatta sen nabiydirsan», deyishdi. Termiziy, Nasaiy va Ibn Mojalar rivoyati.
658/8. Iyos ibn Dag‘faldan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Abu Nazrani Hasan ibn Alining (r.a.)
yuzidan o‘pganini ko‘rdim», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.
Ibn Umar (r.a.) o‘g‘illari Solimni o‘pib, «Qariya qariyani o‘pganida ajablaninglar»,
dedilar.
Bu ummatning zohid va obidlaridan biri bo‘lgan Sahl ibn Abdulloh at-Tustariy Abu Dovud
Sijistoniyning oldilariga kelib, «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini
gapiruvchi o‘sha tilingizni chiqaring, o‘pib olay», deb o‘par edilar. Salaflarimizning bu
to‘g‘ridagi amallari chegarasiz ko‘p edi.