«Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» hamda Nur surasining 63-oyatida:
«(Payg‘ambarning) amriga xilof ish qiladigan kimsalar o‘zlariga biror fitna- kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan hazir bo‘lsinlar!» deb
aytgan.
«Janoza kitobi»da keltirganimizdek, Fuzayl ibn Iyozdan quyidagi ma’nodagi narsa
rivoyat qilingan: «Hidoyat yo‘liga tobe’ bo‘l. Usha yo‘lda yuruvchilarning ozligi seni
o‘ksitmasin. Zalolat yo‘lidan chetlan. Halokatga olib boruvchi yo‘ldagilarning ko‘pligi seni
g‘ururga olib bormasin».
Fasl: Ammo kiruvchi kishiga hurmat qilib o‘rnidan turish mahbub amallardandir. Agar
o‘sha kishi ilmda fazilatli yoki isloh, sharaf yoki o‘zini saqlagan boshliq bo‘lsa yoki
tug‘ishgani hamda katta yoshdagi qarindosh bo‘lsa, ana shu turishdan maqsadi
yaxshilik, ikrom va ehtirom bo‘lishi shart. Ammo riyo va buyuk sanash bo‘lsa, joiz emas.
Bunga salaf hamda xalaflar bardavom amal qilishgani uchun bu so‘zni ixtiyor qildik.
Bunga dalil bo‘luvchi salaflarning so‘zlari va asarlarini jamladim. Bunga xilof qilganlarni
ham zikr etdim va javob ham berdim. Kimga bu narsalar tushunarsiz bo‘lsa, mana shu
qismda yozganlarimdan o‘qib, tushunmagan narsalarini bartaraf etishini umid qilaman.
Fasl: Solih kishilar, og‘aynilar, qo‘shnilar, do‘stlar va qarindoshlarni ziyorat qilish
ta’kidlangan mahbub amallardandir. Vaqtini aniqlash ularning holatlari, martabalari va
bo‘sh paytlariga qarab o‘zgaradi. Ziyorati karih ko‘rmaydigan ko‘rinishda va rozi
bo‘ladigan vaqtda bo‘lishi shart. Bunga bir necha mashhur asar va hadislar bor.
672/22. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Bir kishi boshqa bir qishloqdagi og‘aynisini ziyorat qildi. Alloh taolo uning yo‘lida
kuzatuvchi qilib bir farishtani yubordi. Farishta uning oldiga kelib, «Qaerga borishni
xohlaysan?» deganida, haligi kishi: «Mana bu qishloqdagi og‘aynimnikiga», dedi.
Farishta: «Sening unda parvarishlab turgan biror mol-mulking bormi?» deganida, «Yo‘q,
lekin men uni Alloh yo‘lida yaxshi ko‘raman», dedi. Shunda haligi farishta: «Men senga
yuborilgan Allohning elchisiman. Albatta Alloh seni xuddi uni yaxshi ko‘rganingdek
yaxshi ko‘radi», dedi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
673/23. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Kim biror kasalni borib ziyorat qilsa yoki birodarini Alloh yo‘lida ziyorat qilsa, bir nido
qiluvchi nido qilib: «Qadamlaringga hasanot, jannatdan o‘z manzilingni tayyorlab
qo‘yding», deb aytadi», dedilar. Termiziy va Ibn Mojalar rivoyatplari.
Fasl: Kishi solih do‘stidan ziyoratni ko‘paytirmog‘ini so‘rash mahbub ekanligi haqida:
674/24. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil
alayhissalomga: «Bizni bundan-da ko‘proq ziyorat qilishdan sizni nima man qiladi?»
deganlarida, quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «(Ey Muhammad), biz yolg‘iz
Parvardigoringizning amri-farmoni bilangina nozil bo‘lurmiz. Oldimizdagi (oxirat) ham,
ortimizdagi (dunyo) ham, (dunyo va oxirat) o‘rtasidagi barcha ish-amallar ham yolg‘iz
Unikidir» (Maryam surasi, 64-oyat). Imom Buxoriy rivoyatlari.