www.ziyouz.com kutubxonasi
260
Fasl: Ikki kishining uchinchi bir kishini yakka qo‘yib, pichirlashib gaplashmog‘idan
qaytarish:
954/21. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Agar uch kishi bo‘lsangizlar, birini qoldirib, hattoki, u odamlarga ko‘shilib ketguncha
ikki kishi pichirlashmasin. Chunki ana shunday qilish uni xafa qiladi», dedilar. Imom
Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
955/22. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar
uch kishi bo‘lsangizlar, uchinchi kishini qoldirib, ikki kishi pichirlashib gaplashmanglar»,
dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Abu Dovud rivoyatlarida: «Mana shu hadisning rivoyat qiluvchisi Abu Solih ibn Umarga:
«To‘rt kishi bo‘lsa-chi?» deganlarida, Ibn Umar: «Zarar qilmaydi», deganlar»i ziyoda
qilindi.
Fasl: Ayolning eriga yoki boshqa erkakka agar shar’iy hojat bo‘lmasa, o‘zga bir
xotinning badani chiroyli ekanini xabar berishdan qaytarish:
956/23. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Ayol boshqa bir xotinning xabarini bermasin. Bordi-yu u eriga sifatlasa, go‘yoki eri u
ayolga qaragandek bo‘ladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Fasl: Nahhosning Abu Bakr Muhammad ibn Yahyodan rivoyat qilishlaricha, biror kishi
g‘azablanib turgan paytda unga «Allohni zikr qil», deb aytish ham karih ko‘rilgan. Chunki
bu g‘azabi uni kufrga olib kelishi xavfi bor. Va shu singari g‘azabi kelgan kishiga
«Rasulullohga salavot ayt», ham deyilmaydi. Chunki bunda ham yuqoridagi xavf bor.
Fasl: Eng yomon lafzlardan biri aksar kishilar odat qilib olgan qasamdir. Agar biror
narsaga qasam ichishni xohlasa, «vallohi» so‘zining o‘rniga «shunday bo‘lganini Alloh
biladi», deyishadi. Bunda ular qasam buzishni karih ko‘rganlaridan yoki Allohni
ulug‘laganliklaridan va qasam ichishdan o‘zlarini saqlaganliklaridan shunday qilishadi. Bu
iborada xatar bor. Agar ushbu so‘z sohibining ana shu aytgan so‘zlari o‘z aytganidek
bo‘lsa, buning zarari yo‘q. Agar shak qiladigan bo‘lsa, bas, u eng xunuk so‘zdir. Chunki u
Allohga nisbatan yolg‘on ishlatgan bo‘ladi. Chunki u Alloh ana shu narsani albatta biladi,
deydi-da, qandayligiga o‘zida ham ishonch yo‘q. Bundan ham nozik qabohatli tomoni
bor. U Allohni sifatlab, Alloh bilgan narsaning xilofini bilaman, deyishlikdir. Agar shu
aytgani haqiqatda shunday bo‘lsa, kofir ham bo‘ladi. Kishining bu iboralardan
chetlanmog‘i lozim bo‘ladi.
Fasl: Duoda «Allohim, agar xohlasang yoki iroda qilsang, meni kechirgin», deb aytmoq
makruhdir. Balki bunda so‘rashni jazm ila qiladi.
957/24. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Sizlardan biringiz «Allohim, agar xohlasang, meni kechirgin, Allohim, agar xohlasang,
menga rahm qilgin», deb aytmasin. So‘rashni qasd qilsin. Chunki Unda qabul qilmaslik
yo‘qdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.