O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta'lim vazirligi f. I. Xaydarov n. I. Xalilova



Yüklə 3,09 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə210/379
tarix11.11.2023
ölçüsü3,09 Mb.
#132195
1   ...   206   207   208   209   210   211   212   213   ...   379
хайдаров, халилова 2009 умумий психол(1)

Xotira tasavvurlari 
Ilgari idrok qilingan narsa va hodisalar obrazlarining ongimizda qaytadan
gavdalanishiga 
xotira tasavvurlari
deyiladi. 
Esda olib qolish va qayta esga tushirish tasavvur obrazlari orqali amalga 
oshiriladi. Xotira va xayol tasavvurlari bir-biridan farq qiladi. Xotira tasavvurlari 
ilgari idrok qilingan, ammo hozir ko’z o’ngimizda bo’lmagan narsalarning 
obrazlarini ongimizda gavdalanishdan iborat.
Masalan, yoshlik vaqtimizdagi hodisalarni eslashimiz, ongimizda qayta tiklashimiz 
xotira tasavvurlari bo’ladi. Xayoliy tasavvur xotira tasavvuriga qaraganda 
murakkab bo’lib, ongimizdagi bilimlar tajribalarimiz asosida ilgari idrok 
qilinmagan, shu paytgacha uchramagan narsalarning obrazlarini yaratishdan 
iboratdir. Xayoliy tasavvur ijod qilish bilan bog’liq. 
Masalan
: ertaklar, romanlar umuman biror asarni o’qiyotganimizda undagi 
qahramonlarning ko’z o’ngimizda gavdalanishi xayoliy tasavvurdir.
Tasavvurlar paydo qilishda so’zning ahamiyati katta. So’z bilan nomlash 
tegishli obrazning yaratilishiga yordam beradi. Masalan, "ildiz", "o’t" so’zlarini 
to’rt kishiga berib, qanday tasavvur qilishlarini so’rasak, ularning tasavvurlari bir-
biridan farq qilishini ko’ramiz, chunki, har bir kishi tajribasiga ko’ra, kasbiga ko’ra 
tushunadi. Masalan, matematik ildizni sonning ildizi deb, botanik o’simlik qismini, 
uning ildizini, tish doktori esa tish ildizini tushunadi. Tasavvur qilishning 
fiziologik asosi shartli reflekslarning hosil bo’lishi, bosh miya po’stida paydo 
bo’lgan izlarning jonlanishidir. 
Tasavvur birorta turtki tasirida jonlanadi, masalan, biror odam haqida 
tasavvurlarning tug’ilishi uchun birorta so’z yoki hodisa turtki bo’ladi. Asosan, 
maxsus qo’zg’ovchi so’zdir, shuning uchun so’z bilan tasvirlash orqali tasavvurlar 
tug’iladi.
Xotira borasidagi nazariyalar 
Inson xotirasining qonuniyatlarini o’rganish psixologiya fanining markaziy 
masalalaridan biri bo’lib hisoblanadi. Ma'lumki, insonning har qanday kechinma, 
xatti-harakatlari uzoq muddat ongda saqlanib, ma'lum bir sharoitda qayta namoyon 
bo’luvchi izlar qoldiradi. Shuning uchun, xotira deganda, inson tabiat, jamiyat, 
koinot to’g’risida ma'lumot, xabar va taassurot to’plash imkoniyatini beradigan 


185 
hamda ilgarigi tajriba izlarini esda olib qolish, esda saqlash, qayta esga tushirish, 
unutishni tushuniladi.
Bunga bog’liq ravishda psixologiya fani oldida xotira jarayonlarini o’rganish 
bilan aloqador bo’lgan qator murakkab muammolar masalalarini tadqiq qilish 
masalasi turibdi. Bular quyidagilardan iborat: izlarni esda olib qolishning 
fiziologik mexanizmlari qanday, esda olib qolishga qanday ob'ektiv (tashqi), 
sub'ektiv (ichki), tabiiy, biologik va ijtimoiy, psixologik sharoitlar ta'sir qiladi, 
ularning chegaralari qanday kabi masalalarga qaratilgan.
Hozirgi zamon xotirani tadqiq qilish bilan bog’liq tadqiqotlarda markaziy 
o’rin xotira jarayonining asoslariga ajratilgan. Xotira jarayonining asoslari 3 
yo’nalishda o’rganilgan: psixologik, neyro-fiziologik, bioximik.
Xotiraning psixologik nazariyalari inson faolligi bilan bog’liq bo’lgan xotira
jarayonlarini shakllantirishni tadqiq etadi. Ulardan birinchisi assosiativ nazariyadir. 
Ma'lum bir bilimlar inson ongida birin ketin o’rin olishi tufayli ularda assosiativ 
bog’liqlikni yuzaga keltiradi va ushbu bog’liqlikda biror bir narsa esga tushiriladi. 
Ushbu assosiasiyalarni 3 turga bo’lish mumkin, ya'ni ob'ektlarning fazoviy 
bog’liqligi, bir-biriga mosligi va qarama-qarshiligidir. Bundan 3 ta assosiasiya 
kelib chiqadi: bir-biriga bog’liqlik, o’xshashlik va qarama-qarshilik. Assosiasiya 
nazariyasi bo’yicha xotira assosiativ bog’lanishlar asosida mavjud ma'lumotni 
saqlash va qayta tiklash imkoniyatiga ega. 
Ikkinchi psixologik nazariya xotiraning geshtalt nazariyasidir. Ushbu 
nazariyaning asosiy ta'limoti narsaning negizi, yaxlitligi, yig’indisidir. Ushbu 
nazariyaga asosan xotira yaxlit hodisa sifatida tahlil etiladi.
Bixeviorizm - inson xotirasida, esda olib qolishda takrorlashning 
ahamiyatiga diqqatni qaratadi.
Freydizm xotirani emosiyalar, motivlar va ehtiyojlar bilan bog’laydi.
Xotiraning mantiqiy nazariyasi A.Bine va Byullerlar tomonidan ilgari 
surilib, ular xotiradagi materialni xotiraning mantiqiy esda olib qolinishi bilan 
bog’laydi. 
A.N.Leontev, N.I.Zinchenko, A.A.Smirnovlar tomonidan faoliyat nazariyasi 
ilgari surilib, turli tasavvurlar orasidagi bog’liqlik esda olib qolingan materialning 
qandayligiga emas, balki odamning u bilan nima qilishiga bog’liqdir. 
Bioximik nazariya tashqi ta'sir ostida nerv hujayralarida yuz beradigan 
o’zgarishlarni qayd qilish va xotira jarayonida DNK va RNK ahamiyatini 
aniqlashga qaratilgandir. DNK xotirani genetik tug’ma tashuvchi sifatida, RNK esa 
individual xotiraning ontogenetik asosi sifatida qabul qilinadi. Kibernetik nazariya 
bo’yicha xotira ma'lumotni qabul qilib olish, qayta esga tushirish va unutishdir.
Adabiyotlarda keltirilishicha, navbatdagi nazariya xotira jarayonlari asoslari 
haqidagi fiziologik nazariyadir. Vaqt oraliqida esda olib qolish, saqlash va esga 
tushirish xotiraning asoslari fiziologik nazariyasini tashkil qiladi. Har qanday 
tashqi ta'sir nerv tizimida izsiz o’tmaydi va qandaydir "iz" qoldiradi. "Iz"ning fizik 
ta'siri qayta impuls harakatini engillashtiradi. Vaqtinchalik nerv munosabatlarining 
yuzaga kelishi, ularning izini va keyinchalik faollashtirilishini xotira jarayonlari 
asoslari nazariyasi sifatida ko’rib chiqiladi.


186 
80-yillarda nemis psixologi German Ebbingauz o’z "sof" xotira qonunlarini 
o’rganish imkonini beruvchi, boshqacha so’z bilan aytganda, tafakkurga bog’liq 
bo’lmagan holda izlarning esda qolish jarayoni tadqiq etishning yangi uslubini 
taklif qilgan, ya'ni ma'nosiz bo’g’inlarni yod olishdan iborat bo’lgan bu uslub 
Ebbingauzga materialni esda olib qolishning egri chiziqiga oid qonunni kashf 
qilishga, uning asosiy qoidalarini bayon etishga va ana shularning asosida izlarni 
xotirada saqlanish muddatini hamda asta-sekin so’nish holatini tekshirishga 
imkoniyat yaratgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Amerikalik psixolog Eduard 
Torndaykning tekshirishlari paydo bo’ldi. U birinchi bo’lib tekshirish predmeti 
sifatida hayvonlarda ko’nikmalarni paydo bo’lish jarayonini tanlagan edi. 
XX asrning birinchi 10 yilida xotirani tekshirish yangi ilmiy talqinga ega 
bo’ldi, uning moddiy asosi to’g’risidagi muammolarga mohiyati jihatidan mutlaqo 
boshqacha yondashish ro’yobga chiqdi. 
Xuddi shu davr xotira psixologiyasida keskin burilish nuqtasini vujudga 
keltiradi. Akademik I.P.Pavlov shartli reflekslarni o’rganishning ilmiy metodini 
taklif etadi, bu narsa o’z navbatida bosh miya yarim sharlarida yangi bog’lanishlar 
paydo bo’lishiga va mustahkamlanishning asosiy fiziologik mexanizmlarini 
tekshirish imkoniyatlarini tug’dirdi. Ana shunday qilib, ushbu bog’lanishlar paydo 
bo’lishiga va saqlab qolishga yordam beradigan shart-sharoitlar, shuningdek, 
bog’lanishlarning saqlani-shiga ta'sir qiluvchi holatlar, omillar va mexanizmlar 
tasvirlab berildi. I.P.Pavlov oliy asab faoliyati ta'limoti va uning asosiy qonunlari 
xotiraning fiziologik mexanizmlariga oid bilimlarning asosiy manbasiga aylanib 
qoladi.
Bolalarda xotiraning yuksak (yuqori) shakllarini birinchi marta tadrijiy 
ravishda tadqiq qilish taniqli psixolog L.S.Vigotskiyga nasib etgan. U 20-yillarning 
oxirlarida maxsus tekshirishlarning predmeti qilib, xotiraning yuksak shakllarining 
rivojlanishi muammosini tanlagan va u o’z shogirdlari A.N.Leontev (1905-1979) 
va A.V.Zankov bilan birgalikda xotiraning yuksak shakllari ruhiy faoliyatning 
murakkab shakli ekanligini, kelib chiqish jihatidan ijtimoiyligini ko’rsatadi. 
Shuning bilan birga u murakkab, mohiyatiga ko’ra esda olib qolishning asosiy 
bosqichlari rivojlanishini isbotlab berdi.
Psixologlardan A.A.Smirnov, P.I.Zinchenkolar ham xotira bo’yicha ilmiy 
tekshirish ishlarini olib bordilar, uning yangi qonunlari va mexanizmlarini 
ochdilar. Esda olib qolishning faoliyat maqsadiga bog’liqligini yoritdilar, 
murakkab materialni esda olib qolishning oqilona usullarini ko’rsatib berishga 
muvofiq bo’ladilar. 
Yuqoridagi fikrlardan ko’rinadiki, psixolog olimlar tomonidan xotira 
borasida qator ilmiy izlanishlar olib borilgan va borilmoqda.

Yüklə 3,09 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   206   207   208   209   210   211   212   213   ...   379




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin