Xayol jarayonlarining nerv-fiziologik asoslari Xayol qilish jarayoni juda ham murakkab aks ettirish jarayoni bo’lishiga
qaramay, uning asosida yotgan fiziologik mexanizmlarni akademik.
I.P. Pavlovning oliy nerv-faoliyati haqidagi ta'limoti asosida ma'lum darajada
tushuntirib o’tish mumkin. Xayolning nerv fiziologik asosida ham miyaning
po’stida ilgari hosil qilingan vaqtli aloqalarning (assosiasiyalarning) yana qayta
tiklanib, bir-biri bilan yangicha qo’shilish jarayoni yotadi. Shuni ham aytish
kerakki, bosh miya yarim sharlarida ilgari hosil qilingan vaqtli aloqalar birin-ketin
tiklanadilar va binobarin ularning qo’shilishlari ham asta-sekin yuzaga keladi. Ana
shuning natijasida bosh miyaning po’stida inson o’z shaxsiy hayotida hech qachon
idrok qilmagan narsalarning obrazlari paydo bo’ladi. Bu obrazlarning ko’pi
voqelikka mutlaqo to’g’ri kelmaydi va natijada tormozlanib holadilar. Boshqa
birlari esa voqelikka to’g’ri kelganligi hamda inson faoliyati uchun miyadan yangi
imkoniyatlar
ochib
bergani
tufayli
amaliy
faoliyat
natijalari
bilan
mustahkamlanadilar. Xayol qilish jarayoni hamisha nutq orqali amalga oshirilishi
tufayli nutqning nerv-fiziologik asosida ikkinchi signallar tizimining faoliyati ham
faol qatnashadi. Bundan tashqari xayol qilish jarayonida diqqat, xotira, tafakkur va
iroda jarayonlari ham ishtirok qiladi. Ana shu nuqtai nazardan olganda xayolning
(xususan ijodiy xayolning) nerv fiziologik mexanizmlarni to’la tushuntirib berish
uchun yetarli ilmiy ma'lumotlar yo’q. hozirgi kunda fan va texnikaning juda tez
temp bilan rivojlanishi ijodiy xayol jarayonining oldiga katta vazifalar qo’ymoqda.
Masalan, kosmik fazoni zabt etish, insonning oyga chiqishi, murakkab aqlli
mashinalarning yaratilishi va shu kabilar inson tafakkuri hamda ijodiy xayolning
yuksak taraqqyoti natijasida qo’lga kiritilmoqda.
Odamning uyg’oq paytida yuzaga keladigan xayol jarayoni ma'lum darajada
tartibot va ixtiyoriy xarakterga ega bo’ladi. Shuning uchun odam o’zining xayol
qilish jarayonini oldidagi maqsad va vazifalarga bo’ysindira oladi. Odam o’zining
bilimlari, tushunchalariga asoslangan holda xayoliy obrazlarning paydo bo’lishini
idora qila oladi.
Bosh miya katta yarim sharlarining barcha tomonlari tormozlanib, odam
uxlagan paytida ham xayol tush ko’rish shaklida yuzaga keladi. Odatda odam
uxlay boshlagan paytida ikkinchi signallar tizimining faoliyati bilan bog’liq
bo’lgan nerv hujayralari hammadan oldin tormozlanadi. Uyqu bilan bog’liq
bo’lgan tormozlanish jarayoni miyaning hamma joyiga baravar ravishda
tarqalmaydi. Natijada ayrim joylar tormozlanmasdan holadi va kutilmagan
darajada ajoyib munosabatlarga kirisha boshlaydi. Ana shuning uchun tush ko’rish
ikkinchi signallar tizimining nazoratisiz juda betartib, pala-partish ravishda yuzaga
keladigan assosiasiyalardan iborat bo’ladi.