M.G.Davletshin texnikaviy qobiliyat ustida
tadqiqot ishlari olib borgan yetakchi mutaxassis hisoblanadi. Muallif texnikaviy
qobiliyat deganda shaxsning individual psixik xususiyatlaridan tuzilgan shunday
o’ziga xos birikmalarni tushunadiki, u shaxsning texnikaviy faoliyatga yaroqlilik
darajasini va u bilan muvaffaqiyatli ravishda shug’ullana olishini aniqlaydi.
M.G.Davletshin ham an'anaviy yo’ldan borib, texnikaviy qobiliyatlarni
ikkita o’sha nomdagi tipga ajratadi hamda yetakchi tayanch xususiyatlarini
o’zgarishsiz qoldiradi. Lekin boshqalardan farqli o’laroq, bunda yetakchi
xususiyatlar rivojlangan texnikaviy fikrlash va fazoviy tasavvurdan iboratdir.
Uning talqinicha, texnikaviy iste'dodli shaxs bo’lish uchun unda a) amaliy jihatdan
fahmli; b) texnik moslamalarni tahlil qila olish qobiliyati; v) narsalarni montaj qilib
qismlardan butun hosil qila olish qobiliyati bo’lishi shart.
M.G.Davletshin texnikaviy iste'dod ko’rsatkichlarini an'anaviy baholashni
tan olgan holda (ko’z bilan chamalash, fazoviy tasavvur, texnikaviy tahlil,
konstruksiyalash qobiliyati) o’zining original yondashuvini ishlab chiqqan.
Texnikaviy qobiliyat darajasini tashxis qilish uchun tekshirishlarda ishlab
chiqilgan eksperimental masalalarning to’qqizta seriyasidan foydalanadi.
Keyingi yillar ichida o’zbekiston psixologiyasida ham qobiliyat va iste'dod
masalalari bo’yicha bir qancha psixologlar ish olib bormoqdalar. Bu sohada
B.R.Qodirov, B.S.Sodiqov, E.G’.G’oziev, V.A.Tokareva, Z.Nishonovalarning
tadqiqot ishlari ma'lum bo’lib, qobiliyat, iste'dod tushunchalariga o’z ta'riflarini
berganlar.
B.R.Qodirovning fikricha: "Ma'lum bir faoliyatga qiziqmay turib qobiliyat
haqida gapirib bo’lmaydi. Va o’z navbatida har qanday qobiliyatli bola hali
iste'dodli degani emas. Ko’p qirrali va rivojlangan qobiliyatlar iste'dodli bola
shaxsining moddiy asosini tashkil etadi, xolos. Aksincha, iste'dodli bola
qobiliyatsiz bo’lishi mumkin emas. Bu fikrlardan ko’rinib turibdiki, iste'dodli bola
sof fikrli, har xil qobiliyatga va umuman aqliy rivojlanishga tayyor turgan
hozirjavob, nodir shaxsiy xususiyatlarga to’la boladir.