O’QITUVCHILIK VIJDONI Vijdon kishining o’z xatti-harakati, qilmish, yurish-turishi uchun odamlar, jamoatchilik
oldidagi mas‘uliyat tuyg’usidir. U diyonat, insof, halollik, sofdillik degan ma‘nolarni ham
bildiradi. Abdulla Avloniy: “Vijdon deb ruhimizga, fikrimizga ta‘sir qiladurgan hissiyot, ya‘ni
sezuv-tuymakdan iborat ma‘naviy quvvatni aytiladur” deb ta‘rif bergan edi (Turkiy guliston
yoxud axloq. Toshkent, “O’qituvchi”, 1992 yil, 27-bet). Uning fikricha vijdon kishining fe‘l-
atvori va harakatlarining yaxshi va yomonligini, foydali yoki zararligini ko’rsatadi. Vijdon inson
aqli va fikrining haqiqiy mezonidir. Uning yordamida har bir kishi o’z kamchiliklarini va
boshqalarning fe‘l-atvorini o’lchaydi, baholaydi.
Pedagogik faoliyatda o’qituvchining vijdoni ta‘lim-tarbiya jarayonida axloqiy yo’l-
yo’riqlarni va kasbiy burchni qanday bajaryotganini, nazorat qiluvchi ma‘naviy kuchdir.
O’qituvchi faoliyatida, axloqida, xulqida vijdon o’z-o’zini nazorat qilish vositasidir.
O’qituvchilik boshqa kasblardan o’zining shu jihati bilan keskin ajralib turadi. O’qituvchilik
vijdoni muallimni o’z bilmi, tajribasi va qobiliyatini to’la ishga solib, boshqalarni o’qitish,
tarbiyalash va ma‘rifatli qilishga da‘vat etadi. Vijdonli o’qituvchi ta‘lim-tarbiya ishlarini yuksak
darajada amalga oshirish uchun qo’lidan kelgan barcha ishlarni qiladi.
Agar u ta‘lim berayotgan bolalarning bilimi past, xulqida qusurlar, kamchiliklar
uchrayotgan bo’lsa, bundan o’qituvchi vijdonan qiynaladi. O’qituvchining vijdonini faqat uning
o’zigina nazorat qilishi mumkin. Muallim nazoratchilar ishtirok etayotganda o’quvchilar bilan
oldindan tayyorlab mashq qilib qo’ygan darsni qayta o’tishi, kuzatuvchilar buni sezmasligi yoki
aniqlay olmasligi, payqamasligi ham mumkin. Shuning uchun ham o’qituvchining halolligi,
insofliligi pedagoglik vijdonining mezoni hisoblanadi.
Ta‘lim-tarbiya ishlarining samaradorligi faqat o’qituvchining o’zigagina emas, balki ota-
onalar, kasbdoshlari bilan hamkorlikka ham bog’liqdir. O’qituvchilik vijdoni muallimni axloq
qoidalariga o’zi amal qilish bilan birga boshqalardan ham axloq normalarini bajarishni talab
qilishga undaydi. Haqiqiy pedagog kasbdoshi yoki o’quvchisi sodir etgan qo’pollikdan ham
afsuslanadi, hijolat chekadi. Bunday emotsional holat bolaga kuchli tarbiyaviy ta‘sir etadi. Or-
nomus vijdonlilikning mezonidir.
O’qituvchilik vijdoni axloqiy madaniyatlilikning ifodasidir. U faol ta‘sir o’tkazish
xususiyatiga ega bo’lib, bolalarda vijdon sha‘n, qadr-qimmat haqidagi tasavvurlarni hosil qiladi.
Shuning uchun ham o’qituvchining vijdoni doimo pok bo’lmog’i kerak. Muallim hamma vaqt
o’z-o’zini, o’z xatti-harakatlarini o’quvchilar va ota-onalar ko’zi bilan nazorat qilib borishi
kerak. Muallim bolaning ko’z oldida kelajakning timsoli sifatida namoyon bo’lmog’i lozim.
Chunki bugun undan saboq olayotgan o’quvchilar o’n besh-yigirma yildan so’ng jamiyat
hayotida, ijtimoiy mehnatda faol qatnashadi. Muallim bugun qanday yashab, qanday ishlab,
o’quvchilarni qanday o’qitgan bo’lsa, uning timsoli o’quvchilari uchun ularning hayot yo’lini
yorituvchi axloqiy nur bo’lib xizmat qiladi.