Mahsulot sifatini oshirish yo’nalishlari. Mahsulot sifatini oshirish juda
ko’p omillarga bog’liqdir. Mahsulot sifatini oshirish uning barcha iste`mol
qiymatlarini yaxshilanishiga olib keluvchi takomillashtirishlardir.
Mahsulot sifatiga eng avvalo uni loyihalashtirish jarayonida asos
solinadi. Konstruksiyaning samarali ekanligi, ayrim detal va bo’g’inlarning
unifikasiyalashuvi mahsulot sifatining oshishiga olib keladi. Ishlab
chiqarishni mexanizasiyalashtirish darajasini oshirish yuqori mahsulot ishlab
chiqarishning moddiy asosi bo’lib hisoblanadi.
Jihozlarning
progressivligi mehnatni mexanizasiyalashganlik darajasi, ishlov berish sifati,
universallik kabi ko’rsatkichlar bilan xarakterlanadi. Texnologik jarayonlariga
sifatni nazorat qilish operasiyalari kiritilishi va zaruriy uskuna va normativ
texnik hujjatlar bilan taminlanishi zarur.
Sifatni shakillantirish ko’p jihatdan ishlab chiqarish va mehnatni ilmiy
tashkil etishga bog’liq. Mehnatni ilmiy tashkil etishning asosiy vazifasi
ishchilar uchun sanitar-gigiyenik sharoitlarni yaratish, ishchi kuchidan
oqilona foydalanish imkoniyatini yaratish, ish vaqtidan samarali foydalanish
ta`minlashdan iborat.
Sifatni oshirishga ta`sir etuvchi omillardan yana biri ishlovchilarning
bilim va malaka darajasi hisoblanadi. har bir ishchi texnika vositalaridan
bilimdonlik bilan foydalanishlari, mehnatlari va shu orqali bajarayotgan ishlar
sifatini yaxshilashga erishishlari lozim.
Ushbu vazifani hal etish uchun ishchilarni malaka darajasini oshirish,
sifatni yaxshilashga moddiy va ma’naviy rag’batlantirish tizimini
takomillashtirish, ya`ni ularning mahsulot sifatini oshirishdan
manfaatdorligini oshirish zarur.
Demak, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifati ishlab chiqarishni tashkil
etuvchi elementlar - ishlab chiqarish vositalari, buyumlari va ishchi
kuchidan omilkorlik bilan foydalanishga bog’liq ekan. Ishlab chiqarish
madaniyati ham mahsulot sifatiga ijobiy ta`sir ko’rsatuvchi omillardan
hisoblanadi. Ma`lumki, korxonalar faqat mahsulot ishlab chiqarish bilan
cheklanib qolmay, turli xarakter va turdagi xizmatlarni ham ko’rsatadi.
Aholiga maishiy xizmat ko’rsatuvchi korxonalar ham shular
jumlasidandir. Aholiga xizmat ko’rsatish jarayoni xususiyatlaridan kelib
chiqib, xizmat ko’rsatish sifatini oshirishni ham 2 tomondan ko’rib chiqish
lozim:
1. xizmatlarni ishlab chiqarish sifati; 2. xizmat ko’rsatish sifati.
Xizmat ko’rsatish sifatini oshirishga ta`sir etuvchi omillarga korxonani
samarali joylashtirish, rasional ish tartibini yo’lga qo’yish, xizmat ko’rsatishda
mijozlarga maksimal qulayliklar yaratish maqsadida progressiv formalaridan
foydalanishni tashkil etishni kiritish mumkin.
Xizmat ko’rsatish madaniyatini oshirish xizmat ko’rsatish sifatini
oshirishning muhim yo’llaridan biri hisoblanadi. Xizmat ko’rsatish madaniyati
xodimlarning mijozlar bilan muloqot etikasida, korxonani jihozlash
estetikasida namoyon bo’ladi.