– 202 – – 203 – yashashlariga uyg‘un keladi. Olimlar to‘dasidan ajralgan
«yolg‘iz» hamisha yo‘ldan adashib, «ulkan bilim»dan bebahra
qolganligini kuzatishgan. Baxshi-shoirlar ham an’anadan
chekinib, individual ijodga o‘tsa, o‘zi doston-qo‘shiq ijod qilsa,
ko‘pincha «adashib» aro yo‘lda qolib ketishi shundan. Bunga
ko‘pchilik baxshi-shoirlarning sho‘ro davridagi mualliflik
termalari yorqin misol bo‘lib turibdi. Yoki xalqona yo‘lga
taqlidan yozilgan aksariyat asarlarning shaklni olib, qalbsiz
qolishi, badiiy sayozligi sababi ham ushbu qonuniyatda izoh
topadi. Xuddi shuningdek, xalq ijodiyotida an’anadan uzilgan
avlod va shaxs ham xalqona ramz va obrazlarni tushunmay
qiynaladi. Shu ma’noda E.Fromm ramzlar tilini maktablarda
chet tilini o‘rgatganday o‘qitish kerak, deganda haqlidir.
Ramzlar qo‘shiqlar mazmunini tushunishda bir kalit.
Kalit qopqani ochadi. Qopqadan kirish, xazinaga ega bo‘lish,
ochguvchiga bog‘liq. Har qanday boylik qadrlansa bahosi
bilinadi. Bahosini olgan nimaiki bor, yangidan tug‘ilib, qayta
quvvatga kiradi.
Qo‘shiqda lirik qahramon ayriliq, hijron dardida o‘rtanib,
yori, ota-onasi, do‘st-u birodarlari va yo elidan xabar kutib,
baxtiga, sevgisiga g‘ayirlik qilgan bo‘htonlardan kuyinib
kuylaganda, uning «xabar» bilan bog‘liq ichki kechinmalari,
o‘y-tuyg‘ularini ifodalashda vosita bo‘lgan obrazlar
mazmuniga ko‘ra «xabarchi» ramzlar hisoblanadi. Qo‘shiqda
xabarchi ramz sifatida qarg‘a, g‘oz, o‘rdak, turna, qaldirg‘och
kabi qushlar obrazi keladi. Faqat XX asrda yaratilgan bir qator
namunalarda bu vazifani qushga shaklan o‘xshash – samolyot
ham bajargan.
Lirik qo‘shiqlar tarkibida ro‘mol – oila; olma – farzand,
sevgi; tom – turmush qurish; tol – yigit; tog‘ – suyanchiq; ota-
ona, yaqin qarindosh, do‘st; shaftoli – o‘tkinchi muhabbat;
qizil – qiz, ayol; oq – er kishi; qora – motam; sariq – ayriliq,
hijron, yasama xol – xiyonat tub ramziy ma’nolariga ega.