10
MAVZU-2:
O’RTA OSIYO TARIXIGA OID QADIMGI VA ILK O’RTA
ASR YOZMA MANBALARI(Arab yozuvigacha).
Reja
1.
Qadimgi Eron manbalari. “Avesto”.
2.
Antik va Xitoy manbalari.
3.
Ilk o’rta asr yozma manbalari.
Qadimgi Eron manbalari. «Avesto»
. O‘rta Osiyoda yashagan eng qadimgi
xalqlar haqida ma’lumot beruvchi ilk yozma manbalar qatoriga qadimgi Eron
epigrafik yodgorliklari kiradi. Epigrafik manbalar deganda toshga, qoyalarga sopol
va yog‘ochga o‘yib yozilgan matnlar tushiniladi. Eng qadimgi ajdodlarimiz
to‘g‘risida ma’lumot beruvchi dastlabki epigrafik yodgorlik Behiustun yozuvi
hisoblanadi. Behiustun yozuvi SHimoliy Eronda, Kirmonshoh shahridan 30 km
masofada, Zagros tog‘idagi tik qoyaga o‘yib yozilgan. Uning uzunligi 22 metr,
balandligi esa 7,8 metrni tashkil etadi. YOzuv qadimgi fors, elam va bobil tillarida
bitilgan. Behiustun yozuvi boshqa ma’lumotlar qatorida O‘rta Osiyo xalqlari tarixi,
ularning ozodlik kurashi to‘g‘risida ma’lumotlar beradi. YOzuv Doro I
hukmronligi davrida O‘rta Osiyo aholisi Ahamoniylar davlati tarkibiga kirganligi
va ajnabiy bosqinchilarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarilganligi haqida axborot beradi.
«Men Bobilda bo‘lganligimda, deyiladi Behiustun yozuvida Doro I nomidan, -
mening davlatimdan Parfiya, Marg‘iyona, Skifiya mamlakatlari ajralib chiqdilar.
Marg‘iyonada bu erlik Frada ismli kishi hukmdor deb e’lon qilindi. Men o‘zimning
Baqtriyadagi satrapim fors Dadarshishga buyurdim: «Borgin va meni tan
olmayotgan qo‘shinni tor-mor qilgin». Dadarshish qo‘shinlari bilan borib,
marg‘iyonaliklar bilan jang qildi. Axuramazda meni qo‘lladi. Axuramazdaning
irodasi bilan mening lashkarim isyonchilarni mag‘lub etdi. Bu jang Assidia
oyining 23 kunida (ya’ni, miloddan avvalgi 521 yilning 10 dekabrida) sodir bo‘ldi.
SHundan so‘ng bu mamlakat menga bo‘ysundi».
Marg‘iyonadagi qo‘zg‘olon shavqatsizlik bilan bostirildi. Behiustun yozuvida
aytilishicha, 55 ming isyonchi qatl etildi. Bu raqam bir muncha oshirilgan bo‘lishi
mumkin, lekin bundan qat’iy nazar bu fakt Marg‘iyonadagi qo‘zg‘olonning
ko‘lami keng bo‘lganligidan dalolat beradi.
Behiustun yozuvida Doro I ning Orol bo‘ylarida yashagan saklar va massagetlar
diyoriga qilgan yurishi haqida ham ma’lumotlar keltiriladi. Doro I maqtanib,
saklarni tor-mor etilganligi va ularning boshlig‘i Skunxani asir etib, uning o‘rniga
boshqa odamni ularga boshliq etib ta’minlanganligini ta’kidlaydi. Doro I
saklarning mardonovar qarshiligi oqibatida ularning raxbarini almashtirib, o‘z
yurtiga qaytib ketganligi ehtimolidan holi emas.
Epigrafik manbalarning yana bir guruhi – bu sopolga o‘yib yozilgan yozma
yodgorliklardir. Qadimgi Eronning poytaxt shaharlaridan biri bo‘lgan Persopoldan
topilgan sopoldagi yozuv o‘z mazmuni jihatidan Behiustun yozuviga yaqindir.
Unda Doro I o‘zi bosib olgan mamlakatlarni sanab o‘tadi. Mazkur katibada
Parfiya, Ariya, So‘g‘diyona, Xorazm va saklar mamlakati unga o‘lpon to‘laganligi
qayd etiladi. Persopoldan topilgan boshqa bir yodgorlik miloddan oldingi 486-480
11
yillarga mansub bo‘lib, Doro I nomidan undan keyin hukmronlik qilgan Kserks
buyrug‘i bilan bitilgan bu sopol yozuvda ham yuqorida sanab o‘tilgan O‘rta Osiyo
viloyatlari Eronga bo‘ysunganligi qayd etiladi. Mazkur katibaning ahamiyati
shundaki, Kserks davrida amalga oshirilgan diniy islohat unda o‘z aksini topgan.
Kserks o‘ziga bo‘ysungan ayrim mamlakatlarda odamlar devlarga sig‘inganligini
ta’kidlaydi. «Men, - deb yozadi u, - devlar makonlarini buzib tashladim va aytdim:
«Devlarga sig‘inmanglar». SHundan so‘ng Eron davlatining barcha viloyatlarida
Ahuramazdaga sig‘inish joriy etildi.
Doro I ning Suza shahri xarobalaridan topilgan yana bir mixxat yozuvi bu erda
uning farmoni bilan bunyod etilgan sayro qurilish haqida ma’lumot beradi. Bu
saroyni bezash uchun Baqtriyadan oltin, So‘g‘ddan tovlanib turadigan toshlar
(samotsveto‘), qizil va qishg‘ish rangdagi toshlar, lazur, serdolik, Xorazmdan esa
to‘q ko‘k tovlanuvchi toshlar, feruza (biryuza) olib keltirilganligi ta’kidlangan.
Demak, o‘sha davrda O‘rta Osiyoda ko‘rsatib o‘tilgan qimmatbaho toshlar va oltin
konlari mavjud ekan. Eronlik bosqinchilar esa bu konlardan foydalanganlar.
Diqqatga sazovar bo‘lgan yana bir epigrafik yodgorlik boshqa tarixiy davr,
ya’ni Sosoniylar hukmronligi davriga oiddir. SHopur I ning buyrug‘i bilan
«Zardusht ka’basi» deb atalgan joyda qoyaga o‘yib yozilgan bu yodgorlikda o‘sha
paytda Eronga bo‘ysundirilgan mamlakatlar sanab o‘tiladi. Ular qatorida Kash
(Kesh, Qashg‘ar), Turon, So‘g‘d kabi viloyatlar tilga olinadi. SHopur davlati
chegaralari SHoshgacha cho‘zilganligi qayd etiladi. Demak, SHosh Sosoniylarga
bo‘ysunmagan va o‘z mustaqilligini saqlab qolgan.
SHu tariqa, Eron epigrafik yodgorliklar Vatanimizning eng qadimgi tarixiga oid
oz bo‘lsada, nihoyatda qimmatli ma’lumotlar beradi. Bu katibalarda Eron
shoxlarining takabburligi sezilib tursada, lekin ularda keltirilgan ma’lumotlarning
to‘g‘riligi va ishonarligi shubhasizdir.
Eng qadimgi tariximizga doir manbalardan yana bittasi zardushtiylik dinining
muqaddas kitobi «Avesto»dir. Bu kitobda O‘rta Osiyoning qadimgi eroniyzabon
xalqlarining turmushi, ijtimoiy tuzumi va ma’naviy dunyosi xaqida turfa
ma’lumotlar olish mumkin.
«Avesto»ning vujudga kelish davri xaqida ilmiy adabiyotlarda turli nuqtai
nazarlar bayon qilingan. Ko‘pchilik tadqiqotchilar bu kitob miloddan avvalgi VII
asrdan milodiy III asrgacha bo‘lgan davr ichida tadrijan yaratilganligini
ta’kidlaydilar.
«Avesto»ning
qaerda
yaratilganligi
xanuzgacha
jahon
eronshunoslari o‘rtasida tortishuvlarga asos bo‘lib kelmoqda. Uzoq vaqtlar bu
dinning payg‘ambari Zardusht Ozarbayjonda yashagan Safid Tuman degan
kishining farzandidir, deydi. Biroq, keyingi jiddiy tadqiqotlar bu hususda
boshqacha
hulosalar
chiqarish
imkoniyatini
beradi.
Zardusht
yaratgan
madhiyalarning mazmuni va tili hisobiga olinadigan bo‘lsa, bu asar O‘rta Osiyo
hududlarida yaratilgan, degan fikr tug‘iladi. Bunga «Avesto»ning o‘zidan ham
dalillar topish mumkin. Masalan, «Avesto»da Zardusht tug‘ilgan va o‘z faoliyatini
boshlagan diyorning tasviri beriladi: «bu shunday diyorki, deyiladi «Avesto»da, u
erda o‘tloqlar va suvga serob baland tog‘lar chorvachilik uchun zarur barcha
narsani etkazib turadi. U erda chuqur ko‘llar bor, u erda kemalar qatnaydigan keng
12
daryolar o‘z to‘lqinli suvlarini shiddat bilan Ishkat va Porut, Mour, Xareva,
So‘g‘dning Gav viloyati va Kayrizem mamlakatiga eltadi». YUqorida keltirilgan
parchani tahlil etib, «kemalar qatnaydigan daryolar» Amudaryo va Sirdaryo, Mour-
Marv, Xareva-Ariya, ya’ni Xirot, Kayrizem - hozirgi Xorazm, deb tahmin qilish
mumkin.
"Avesto" so‘zining etimologik mazmuni hususida ham turlicha nuqtai nazarlar
mavjud. Ko‘pchilik olimlar bu so‘z qadimgi fors so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘aviy
ma’nosi «asos», «poydevor» ekanligini ta’kidlaydilar.
"Avesto" bilan bir qatorda "Zand-Avesto" kitobi ham mavjud. «Zand»
tushunchasi «tafsir», «sharx» degan ma’noni bildiradi. SHunday qilib, «Zand-
Avesto» – "Avesto" ning sharxi, unga yozilgan tafsirdir.
"Avesto" to‘liq saqlanmagan. "Avesto" ni Kayonin hukmdorlaridan Gishtasp
(Vishtasp) zamonida kitob holatiga keltirilgan. Lekin keyingi jangu jadallar
jarayonida uning nushalari yo‘q bo‘lib ketgan. Asarning saqlanib qolgan qismlarini
kitob holiga keltirish Sosoniylar davrida davom ettiriladi. SHopur II davrida (IV
asr) "Avesto" to‘la tartibga keltirildi. SHarx va izohlar bilan boyitildi («Zand-
Avesto») va paxlaviy tiliga tarjima qilindi. Lekin arablar istilosi davrida "Avesto"
va «Zand-Avesto»ning ko‘p qismlari yana yo‘qotildi. Hozirgi kunda "Avesto"
bizga qisman etib kelgan, xolos.
"Avesto" asosan to‘rt qismdan iborat: YAsna, YAsht, Vispered va Vendidod.
Bu muqaddas kitob O‘rta Osiyo xalqlarining ma’naviy dunyosi, ulardagi ijtimoiy
munosabatlar, ho‘jalik xayoti, turmush tarzi to‘g‘risida qimmatli ma’ulmotlar
beradi. "Avesto" jahondagi ko‘pgina tillarga, shu jumladan o‘zbek tiliga xam
tarjima qilingan.
Dostları ilə paylaş: |