10. Davr sarflarini tekshirish Davr sarflariga kiritiladigan xarajatlar tarkibi «Mahsulotlar (ish, xizmatlar) tannarxiga
qo’shiladigan, mahsulot ishlab chiqarish (ish bajarish, xizmat ko’rsatish) xarajatlarining tarkibi va
moliyaviy natijalarini shakllantirish tartibi to’g’risidagi Nizom»ga muvofiq aniqlanadi.
Auditor davr sarflarini hisobga olishni va moliyaviy natijalar to’g’risidagi hisobotni
tuzishning to’g’riligigni nazorat qilish maqsadida quyidagilarni tekshirishi lozim: davr sarflarini
hisobga oladigan: 9410-«Sotish xarajatlari», 9420 - «Ma’muriy xarajatlar», 9430-«Boshqa
operatsion xarajatlar», 9440-«Kelgusida soliqqa tortiladigan bazadan chegiriladigan hisobot davri
xarajatlari» bo’yicha o’z vaqtida, ishonarli va to’liq aks ettirilishining ta’minlanishi; ma’muriy-
boshqaruv xodimlari mehnatiga haq to’lash va mukofotlash haqidagi Nizom, lavozim
maoshlarining belgilangan xarajatlar smetasiga rioya qilinishi ustidan nazoratning ta’minlanishi.
Quyidagi xarajatlarni davr sarflariga kiritishning asoslanganligi va o’z vaqtidaligi: reklama
xarajatlari (nashriyotda e’lon qilish, radiodan eshittirish va televidenie orqali ko’rsatish, reklama
mahsulotlarini ishlab chiqish va chop etish, stendlar va shitlar tayyorlash, video va diafilmlar
namoyish etish va boshqalar); korxonaning O’zbekiston Respublikasi hududida va xorijdagi
yarmarkalar va ko’rgazmalarda ishtirok etishiga doir xarajatlar ( eksponatlarni tayyorlash va etkazib
berish, modellar va maketlar tayyorlash, adabiyotlar va texnik hujjatlarni nashr qilish); mahsulotlar
(ishlar, xizmatlar)ni eksport qilish bilan bog’liq sarflar; bojxona tadbirlari uchun to’lovlar; import
muomalalarini amalga oshirishda vositachilik qiladigan tashkilotlarga to’lanadigan komission
to’lovlar summalari; bojxona to’lovlari, shuningdek, tovarlar va boshqa mulklarni import qilish
bilan bog’liq bo’lgan bojxonada amalga oshiriladigan rasmiylashtirish o’tkazish uchun to’lovlar;
material qiymatliklarni sotib olish va tashib keltirish xarajatlari; belgilangan me’yorlar va
boshqaruv tomonidan tasdiqlangan smetalar doirasidagi korxona faoliyati bilan bog’liq vakillik
xarajatlari (shtatda turmaydigan tarjimonlar xizmatiga haq to’lash, ishchi muzokaralar vaqtida chet
ellik vakillarning rasmiy qabulini o’tkazishga doir xarajatlar).
Bunda qilingan xarajatlarning asoslanganligi va tasdiqlovchi hujjatlar (schyotlar, do’konlar va
restoranlarning cheklari va boshqalar)ning mavjudligiga alohida e’tibor berish zarur.