GLOSSARIY (Pedagogika bo‘yicha) Akademik litsey (AL) – o‘quvchilarning imkoniyatlari,
qiziqishlariga ko‘ra, ularning jadal intellektual rivojlanishi chuqur,
sohalashtirilgan, tabaqalashtirilgan, kasbga yo‘naltirilgan ta’lim
olishlarini ta’minlash maqsadida DTSga muvofiq o‘rta maxsus ta’lim
beruvchi, yuridik maqomga ega ta’lim muassasasi.
Aqliy tarbiya – shaxsga tabiat va jamiyat taraqqiyoti to‘g‘risidagi
bilim asoslarini berish, uning aqliy (bilish) qobiliyati, tafakkurini
shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik faoliyat jarayoni bo‘lib,
shaxsda tabiat, jamiyat, inson tafakkuri haqidagi bilimlarni hosil
qilish, ilmiy dunyoqarashni shakllantirish jarayoni.
Amaliy mashg‘ulotlar – maxsus jihozlangan xona yoki alohida
ajratilgan tajriba maydonida tashkil etilib, o‘quvchilarda ular
tomonidan o‘zlashtirilgan nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish
ko‘nikma va malakalarini hosil qilishga yo‘naltirilgan ta’lim shakli.
Anketa (fransuzcha “tekshirish”) metodi – pedagogik ilmiy-
tadqiqot metodlaridan biri bo‘lib, tizimli savollar asosida respondentlar
bilan muloqotni tashkil etishga asoslangan ushbu metod yordamda
pedagogik kuzatish va suhbat jarayonida to‘plangan dalillar boyitiladi;
savollarga javoblar, odatda, yozma ravishda olinadi.
Bakalavr – o‘zi tanlagan soha bo‘yicha oliy ma’lumotli mutaxassis
bo‘lib, davlat klassifikatorida belgilangan lavozimda ishlash huquqiga
ega.
Bilim – shaxsning ongida tushunchalar, sxemalar, ma’lum obrazlar
ko‘rinishida aks etuvchi borliq haqidagi tizimlashtirilgan ilmiy
ma’lumotlar majmui.
Bolalar ijodini o‘rganish metodi – pedagogik ilmiy-tadqiqot
metodlaridan biri bo‘lib, o‘quvchilarning muayyan yo‘nalishlardagi
layoqati, qobiliyati, ma’lum fan sohalari bo‘yicha BKM darajasini
aniqlash maqsadida qo‘llaniladi.