Din psixologiyasi - psixologik va ijtimoiy psixologik omillarning diniy ong bilan shartlanganligini, dinning insonga ta’sirini o‘rganuvchi psixologiya sohasi. Din psixologiyasi XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida vujudga kelgan bo‘lib, insonni ibodat qilishdagi, diniy an’analarni, rasm-rusumlarni bajarishdagi hissiyot holatlarini o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Diniy psixologiyani o‘rganish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirilmoqda: a) umumiy nazariya: diniy ong, uning tuzilishi, diniy hissiyot, dinning shaxs shakllanishidagi ahamiyati; b) din psixologiyasi differensiatsiyasi: ijtimoiy muhit va tarixiy davrdan shakllangan ong va hissiyot tadqiqoti; v) diniy guruh psixologiyasi; g)diniy rasm-rusumlar psixologiyasi; d) xurfikrlilik ta’limi psixologiyasi kabidir.
Siyosiy psixologiya- jamiyatning siyosiy hayotidagi psixologik xususiyatlar, holatlar, qonuniyatlar, ta’sirchanlik va ta’sir o‘tkazish jarayonlari kabi jabhalarni tekshiruvchi psixologiya sohasi.
Oila psixologiyasi - oilaning psixologiyasini o‘rganuvchi fanlararo tadqiqot qilishga yo‘nalgan psixologiya sohasi sanaladi. Oila psixologiyasi oilaning psixologik muammolarini o‘rganadi, u oilaga ta’sir qiluvchi omillarni, oiladagi rollar taqsimlanishi, er-xotin munosabati, shaxslararo munosabat, yosh xususiyatlari, jinsiy tafovutlarga asoslanib muloqotga kirishish kabilarni o‘rganadi. Oila psixologiyasi tomonidan to‘plangan materiallar oila mustahkamligini saqlash uchun maslahatlar berishda, har bir sotsiologik va psixologik dasturlar tuzishda qo‘llaniladi. SHuningdek, oila tiplari, tuzilishi, ierarxiyasi, ularga ta’sir qiluvchi ob’ektiv va sub’ektiv omillar ham mazkur sohaning tadqiqot predmetiga kiradi.
Boshqaruv psixologiyasi- jamiyatda faoliyat ko‘rsatayotgan shaxslar, guruhlar va jamoalar o‘rtasidagi ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan nazorat,
baholash, munosabat qonuniyatlarini, rahbar faoliyati va xarakteri, qobiliyati xususiyatlarini tadqiq qiladigan ijtimoiy psixologiyaning sohasi.