8-bob. Maktabgacha ta’lim tashkiloti guruhlarini to‘ldirish 40. Guruh maktabgacha ta’lim tashkilotining tarkibiy birligi hisoblanadi.
41. Maktabgacha ta’lim tashkilotidagi guruhlar ham bir xil yoshdagi, ham turli yoshdagi bolalar bilan to‘ldirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang. Maktabgacha ta’lim tashkilotidagi inklyuziv guruhlar yosh prinsipi bo‘yicha to‘ldiriladi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-avgustdagi 510-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 09/21/510/0784-son) 42. Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilarini to‘ldirish va bir guruhdan boshqasiga o‘tkazish har yili o‘quv yili boshlanishidan oldin amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang. 43. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida guruhlar quyidagi miqdorda to‘ldiriladi:
3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan guruhlarda — ko‘pi bilan 30 nafar bola;
bolalar qisqa vaqt bo‘ladigan guruhlarda — ko‘pi bilan 30 nafar bola;
turli yoshdagi guruhlarda — ko‘pi bilan 25 nafar bola;
bolalar kechayu kunduz bo‘ladigan guruhlarda — ko‘pi bilan 10 nafar bola.
Agar davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti joylashgan joyda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga borishni xohlovchi maktabgacha yoshdagi bolalar soni 20 nafar boladan kam bo‘lsa va bu joyda boshqa davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda kam sonli bolalardan iborat guruhlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yiladi.
3 yoshdan katta bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan inklyuziv guruhlar rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalarning toifasiga qarab to‘ldiriladi hamda ko‘pi bilan 25 nafar bola, shu jumladan rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan ko‘pi bilan 3 nafar bolani tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra guruhlarni ularni to‘ldirishning eng ko‘p miqdori oshirilgan holda tashkil etishga yo‘l qo‘yiladi.
(43-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 11-avgustdagi 510-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.08.2021-y., 09/21/510/0784-son) 44. Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida guruhlarni to‘ldirish tartibi maktabgacha ta’lim tashkilotlarini saqlab turish, tuzish va ularda ishlash tartibini tashkil etishga qo‘yilgan sanitariya-gigiyena talablarini hisobga olgan holda muassis tomonidan belgilanadi.