O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh.,
2022-yil 2-avgust,
425-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qaroriga
1-ILOVA
Xalq ta’limi vazirining jamg‘armasi to‘g‘risidagi NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Nizom Xalq ta’limi vaziri jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xalq ta’limi tizimidagi pedagog xodimlarni rag‘batlantirish tartibini belgilaydi.
2. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligidagi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.
3. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
malakali pedagog kadrlar — Vazirlik tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan:
o‘quvchilari oliy ta’lim muassasalariga yoki Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlarida eng yuqori natija ko‘rsatgan pedagog kadrlar;
o‘quvchilari xalqaro yoki respublika miqyosidagi musobaqa va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan pedagog kadrlar;
ilg‘or xodimlar — xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan:
ta’lim sifatini oshirishga o‘z hissasini qo‘shgan rahbar kadrlar, psixologlar va kutubxonachilar;
o‘z faoliyatida yuqori natijalarga erishgan yoki o‘z mahorat maktabini tashkil qilgan metodistlar;
respublika bo‘yicha tashabbus ko‘rsatgan, ishlari respublika va xalqaro miqyosda ommalashgan yoki xalq ta’limi tizimida samarali faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlar;
mobil metodik guruhlar — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga muvofiq hududlardagi ta’lim sifati past, muhiti og‘ir bo‘lgan maktablarga borib pedagoglarga ilg‘or o‘qitish metodikalari va innovatsiyalarga o‘rgatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan metodik guruhlar;
xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari (keyingi o‘rinlarda — hududiy kengashlar) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 3-fevraldagi F-22-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan hududiy kengashlar.