8-mavzu. Etika
Reja:
1.Etika fanining predmeti,mohiyati va tuzilmasi.
2.Ahloqning paydo bo‘lishiga oid diniy, ilmiy qarashlar tasnifi.
3.Etikaning kategoriyalari, tamoyillari, meyorlari.
4. Nikoh eng qadimgi axloqiy munosabat shakli. Nikohning qonuniy va diniy asoslari.
5. Muomala madaniyati – axloqiy madaniyatning tarkibiy qismi.
6. Etikaning zamonaviy muammolariga diniy va ilmiy yondashuvlar.
1.Axloqshunoslik bir necha ming yillik tarixga ega bo`lgan qadimiy fan. U bizda “Ilmi ravish”, “Ilmi axloq”, “Axloq ilmi”, “Odobnoma” singari nomlar bilan atab kelingan. G`arbda esa “Axloqshunoslik” “Etika” nomi bilan mashhur. Biz ham yaqin-yaqingacha ushbu atamadan foydalanib kelar edik. “Etika” atamasi yunoncha “ethos” so`zidan olingan bo`lib “odat”, “fe`l”, “fikrlash tarzi” singari ma`nolarni anglatadi.
Uni birinchi bo`lib yunon faylasufi Arastu ilmiy muomalaga kiritgan. Arastu fanlarni tasniflar ekan ularni uch guruhga bo`ladi: nazariy, amaliy va ijodiy. Birinchi guruhga falsafa, matematika va fizikani, ikkinchi guruhga etika va siyosatni, uchinchi guruhga esa san`at, hunarmandchilik va amaliy fanlarni kiritadi. Shunday qilib, qadimgi yunonlar axloq haqidagi ta`limotni fan darajasiga ko`targanlar va “Etika” deb ataganlar.
Axloqshunoslik - bu axloq nazariyasi bo’lib, kishilarning axloqiy hayotini o’rganadigan, axloqiy hodisalarning o’ziga xos xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradigan eng qadimgi insonshunoslik fanlaridan biridir. U o’z predmetini ijtimoiy munosabatlar bilan chambarchas aloqadorlikda tadqiq etar ekan, faqat axloqning paydo bo’lishi va tarixiy taraqqiyot qonuniyatlarini, funksiyalarini aniqlash bilangina cheklanib qolmay, balki ayni paytda axloqning ijtimoiy mohiyatini, kishilarning yurish turishini, axloqan tartibga solish qonunlarini va u orqali ijtimoiy jarayonlarni o’rganish bilan shug`ullanadi.
Axloq – barcha odamlar uchun birdek taalluqli hisoblangan, ijtimoiy talablar hamda ehtiyojlarning munosabatlar shaklidagi ko`rinishidan iborat bo`lgan, insonga berilgan ixtiyor erkinligining xatti-harakatlar jarayonida ichki iroda kuchi tomonidan oqilona cheklanishini taqozo etuvchi ma`naviy hodisa52.
Axloq jamiyatda turli funksiyalarni bajaradi, ular orasida quyidagilar eng muhimi hisoblanadi.
kishilar orasidagi turli munosabatlarni muvofiqlashtirish;
kishilar faoliyatining insonparvar qadriyatlari va mo`ljallarini belgilab berish;
shaxsni ijtimoiylashtirish.
Ushbu vazifalarni bajarar ekan, axloq zaruriylk, aqlga muvofiqlik va umuminsoniylik namunalarini namoyish etadi.
Bugungi kunda axloqshunoslik falsafiy fan sifatida uch yo`nalishda ish olib boradi, ya`ni u axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o`rgatadi. Shunga ko`ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va mezoniy-me`yoriy tabiatga ega.
Dostları ilə paylaş: |