Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o‘rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Falsafaning predmeti - insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, bilimlar va tajriba,, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday obyektiv va subyektiv borliqdir. Boshqacha aytganda, muayyan obyekt haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to‘g‘risida so‘z yuritish mutlaqo o‘rinli bo‘ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.
Dunyoqarashning mohiyati. Ayni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yo‘l ko‘rsatib, ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
Keng ma’noda, dunyoqarash – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z-o‘ziga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek uning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e’tiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir. Shu tariqa ta’riflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos bo‘lib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va qoidalarni ta’riflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi. Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzot va jamiyat evolyusiyasini jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi hamda pirovardda insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy belgi sifatida amal qiladi.