Qarshi davlat universiteti ijtimoiy fanlar kafedrasi
Umumiylik, yakkalik, xususiylik kategoriyalari borliq narsalari va hodisalarining nisbatan mustaqilligi, ularning rang-barangligi va birligining in'ikosidir. Kundalik hayotda biz «yakka», «xususiy», «umumiy» tushunchalarini ko‘p ishlatamiz va ularning mazmuni bizga ba'zan oydek ravshan bo‘lib tuyuladi. Ammo mazkur tushunchalar bilan ifodalanadigan predmet yoki predmetlar turkumini topishga harakat qilganimiz zahoti katta qiyinchiliklarga duch kelamiz. Masalan unga ikkita bolaning suhbatini asos bo‘lishi mumkin:
- Umringda hyech qushni ko‘rganmisan?
- Ha, ko‘rganman. Mana u (kanareykaga ishora qiladi).
- E, bu qush emas, kanareyka-ku. Kanareykani ham sen hyech qachon ko‘rmagansan. Sen faqat bitta kanareykani, bizning kanareykamizni ko‘rgansan.
Sog‘lom fikr kanareykada qushni ko‘rgan bola u hyech qachon qushni ko‘rmaganini aytayotgan boladan ko‘proq haq ekanligidan dalolat beradi. Ammo umuman qush, meva, daraxtini ko‘rganini kim uzil-kesil qayd eta oladi? Biz bu qush, bu daraxt, bu mevani o‘z tajribamizda ko‘rganimiz hyech qanday shubha uyg‘otmaydi. Umumiy tushunchalar amalda ob'ektiv mazmunga ega yoki ega emasligi falsafa tarixida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan. Umumiy tushunchalar tabiati masalasi atrofida bahs o‘rta asrlardan beri davom etib keladi. Umumiy tushunchalar amalda mavjudmi? Nima haqiqiy borliq hisoblanadi – yakkalikmi yoki umumiylikmi? Umumiylik va yakkalik munosabati hodisalar xossalarining emas, balki hodisalarning munosabati sifatida qaraladigan darsliklarga hozir ham duch kelish mumkin. Xo‘sh, bugungi kunda falsafada mazkur masala qanday yechilmoqda?
Yakkalik– faqat mazkur ob'ektga xos bo‘lgan xossalarni ifodalovchi kategoriya. «Yakkalik» kategoriyasi narsada, hodisada faqat shu narsaga, hodisaga xos bo‘lgan jihatni aks ettiradi. Yakkalik ayrim narsalar nisbatan mustaqil mavjudligini ham, mazkur narsaning bu nisbatan mustaqilligi, diskretligi, alohidaligi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan individual betakror belgilarni ham qayd etadi.