Qarshi davlat universiteti ijtimoiy fanlar kafedrasi
Mazmun va shakl o‘rtasidagi dialektik o‘zaro aloqa quyidagi omillar bilan belgilanadi. 1. Mazmun va shakl bir-biri bilan uzviy bog‘liq. Amalda shaklsiz mazmun va mazmunsiz shakl hyech qachon hyech qaerda mavjud emas. Shaklni mazmundan ajratishga, shakl mustaqil ahamiyatga ega ekanligini isbotlashga urinishlar formalizmga olib keladi.
2. Mazmun va shaklning birligida mazmun yetakchilik qiladi. Mazmunning o‘zgarishi doim shaklning o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Qandaydir tashqi kuch emas, balki aynan mazmun o‘zini shakllantiradi. Masalan, fanni rivojlantirish, yangi qonunlarni kashf etish, ob'ekiv haqiqatlarning tagiga yetish mazkur yangi qonunlar mazmunini rasmiylashtiruvchi tegishli yangicha tasavvurlar, formulalar, nazariyalarni talab qiladi.
3. Mazmun va shaklning birligi mazmunga nisbatan shaklning nisbatan mustaqilligi, faolligini nazarda tutadi. Shaklning nisbatan mustaqilligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
a) rivojlanishda shaklning mazmundan oqsashida. Mazmun hyech qachon bir darajada turmaydi, u o‘zgaradi, shakl ham o‘zgarishsiz qolmaydi. Ammo mazmun bilan taqqoslaganda shakl barqarorroq, turg‘unroqdir. Bu hol shu bilan izohlanadiki, mazmun o‘z harakatiga ega bo‘ladi, shakl esa mazmun bilan belgilanadi. Mazmundan farqli o‘laroq, shakl hodisaning turg‘unroq tomoni sifatida amal qiladi. U muqarrar tarzda o‘z mazmunidan ortda qoladi;
b) shaklning mazmunga aks ta'sirida. Bu ta'sir ikki yoqlama namoyon bo‘ladi: shakl yo mazmunning o‘zgarishiga ko‘maklashadi, yo unga monelik qiladi. Albatta, agar shakl mazmunning o‘zgarishiga muvofiq bo‘lsa, u mazmun jadal sur'atlarda rivojlanishiga zamin yaratadi. Agar ularning o‘rtasida ziddiyat tug‘ilsa, mazmun lozim darajada rivojlana olmaydi, chunki unga eski shakl xalaqit beradi. Shu sababli ertami-kechmi ziddiyatni yechish vaqti keladi. Yangi mazmunga muvofiq yangi shakl yaratiladi. Shunday qilib, mazmun va shakl o‘rtasidagi ziddiyat narsalar va hodisalarning o‘zgarish, ularning boshqa narsalar va hodisalarga aylanish sabablaridan biri hisoblanadi.