Qarshi davlat universiteti ijtimoiy fanlar kafedrasi
Hozirgi zamon metodologiyasi. «Kumatoid», «case studies», «abduksiya» tushunchalari an'anaviy metodologik tushunchalar ruhida tarbiyalangan odamga erish tuyulishi mumkin. Ammo, aynan ular metodologiyaning hozirgi rivojlanish bosqichining o‘ziga xos xususiyati ilmiy muomalaga mutlaqo yangi tushunchalarni kiritish bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Mazkur tushunchalarning aksariyati muayyan (xususiy) fanlar sohasi bilan bog‘liq. Bunday tushunchalar qatoriga hozirda ancha mashhur bo‘lgan bifurkatsiya, «fluktuatsiya», «dissipatsiya», «attraktor» tushunchalarini, shuningdek, «kumatoid» (yunoncha–to‘lqin) degan innovatsion tushunchani kiritish mumkin.
Kumatoid - suzayotgan ob'ektni anglatadi va ob'ektlarning tizimli xususiyatini aks ettiradi. U vujudga kelishi, hosil bo‘lishi, shuningdek yo‘qolishi, parchalanishi mumkin. U o‘zining barcha elementlarini birvarakay emas, balki o‘ziga xos «hissiy-o‘ta hissiy» tarzda namoyon etadi. Masalan, tizimli ob'ekt–o‘zbek xalqini ma'lum vaqt, makon bo‘lagida ifoda etish va mahalliylashtirish mumkin emas. Boshqacha qilib aytganda, ob'ektni yaxlit ifoda etish uchun o‘zbek xalqining barcha vakillarini yig‘ish mumkin emas. Shu bilan birga, mazkur ob'ekt soxta emas, realdir. Uni kuzatish, o‘rganish mumkin. U butun sivilizatsion-tarixiy jarayonning yo‘nalishini ko‘p jihatdan belgilab beradi. Yana bir misol–talabalar guruhi. U dam paydo bo‘ladigan, dam ko‘zdan yo‘qoladigan suzuvchi ob'ekt sifatida o‘zaro aloqalarning deyarli barcha tizimlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, o‘quv mashg‘ulotlari tugaganidan keyin guruh yaxlit ob'ekt sifatida mavjud bo‘lmaydi, ammo institutsiyaviy belgilangan ma'lum vaziyatlar (guruh raqami, talabalar soni, guruh tuzilishi, umumiy xususiyatlari)da u ob'ekt sifatida namoyon bo‘ladi va o‘z-o‘zini identifikatsiya qiladi. Bundan tashqari, mazkur kumatoid guruh a'zolari o‘rtasidagi do‘stlik, raqobat va boshqa munosabatlar bilan ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Kumatoidning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u vaqt va makonda mahalliylashishga befarq bo‘libgina qolmay, substrat–o‘zini tashkil etuvchi materialga ham qattiq bog‘lanmagan. U tizimli xususiyatlarga ega emas. Binobarin, mazkur xususiyatlar uning tarkibiy qismlariga mavjud yoki mavjud emasligiga, ayniqsa, ularning rivojlanish yo‘nalishi yoxud xulq-atvor tarziga bog‘liq. Kumatoidni moddiy tarzda mustahkamlangan ma'lum bir xususiyat yoki bunday xususiyatlar to‘plami bilan aniq identifikatsiya qilish mumkin emas. Butun ijtimoiy hayot suzuvchi ob'ektlar–kumatoidlar bilan to‘lib-toshgan.