Dunyoni estetik his qilishga mifologik, diniy, ilmiy va falsafiy yondashuvlar Inson tabiatan bo`sh vaqtga intilib yashaydi. Chunki bo`sh vaqt mobaynida u jisman va ruhan dam olish, kundalik mehnat, qorin to`ydirish tashvishidan forig` bo`lish imkoniga ega. Bo`sh vaqt insonda o`yin hissi uyg`onishining asosiy omilidir. San`atning vujudga kelishida o`yinning ahamiyati katta ekanligi hammaga ma`lum. Demak, estetik anglash va estetik faoliyatning tadrijiy rivojida mehnat bilan birga bo`sh vaqt ham asosiy omil hisoblanadi. Ichki osoyishtalikni, mehnat va bo`sh vaqtga asoslangan muayyan tartibni jamiyatda qonun darajasiga ko`tarish esa, davlat paydo bo`lganda ro`y berishi mumkin. Davlatning o`z vazifasini qanchalik adolatli va mukammal bajarishi, shunchalik jamiyat farovonligiga olib keladi. Farovon jamiyat esa, o`z a`zolarining bo`sh vaqtini ta`minlay oladi va pirovard natijada, estetik anglash hamda estetik faoliyat taraqqiyoti uchun yetarli imkoniyat yaratib beradi. Shunday qilib, davlatchilik tizimi paydo bo`lishi bilan insonning badiiy-estetik taraqqiyotida yangi davr boshlandi. Ana shu davr ibtidosini biz Mesopotamiya-Qo`sh daryo mintaqasida, xususan, Somir davlatida ko`rishimiz mumkin.
Eng qadimgi diniy tasavvurlarning vujudga kelishida mifologiyaning be`qoyos ahamiyatini kuzatishimiz mumkin. Bunday qarashlani bizgacha to`liq yoki qisman yetib kelgan miflarda uchratishimiz mumkin. Jumladan eng qadimgi diniy tasavvur shakllari bo`lmish qadimgi somir xalqlarida estetik tafakkurning kelib chiqishi mifologiyaga borib taqaladi. Ma`lumki, qadimgi odam oldida turgan turli xil masalalardan biri estetik tabiatga ega bo`lish muammosi edi. Bu muammoni o`ziga xos tarzda hal etish uchun u dastlabki usul – mifologiyadan foydalandi. Shu bois asotirlarni inson yaratgan ilk nafosat konsepsiyasi, falsafiy umumlashma deb atash mumkin; faqat u nazariy emas, balki badiiy, timsoliy shaklda ifodalangan. Zotan, asotirlardagi badiiy inglashda inson o`zi haqida, o`zining real borliq go`zalligi bilan bog`liqligi haqida fikr yurtitishga ilk bor intilad. Bunga dunyoning harakatlanishi, olamning asosini tashkil etuvchi substansiya, unda insonning o`rni, tabiat qonunlari masalalari mifologik qarashlarning markazida turganligini ko`rishimiz mumkin.
Mifologik tasavvurlarning kengayib va rivojlanib borishi diniy tasavvur va e`tiqodlarning shakllanishi uchun fundamental asos vazifasini bajarib bergan. Ma`lumki, har bir diniy e`tiqod da`vatsiz, targ`ibot-tashviqotsiz keng omma orasiga kirib bora olmaydi. Faqat muqaddas kitoblar va ibodatxonalar orqaligina ko`zlangan maqsadga erishish qiyin. Shu bois da`vatning yanada kengroq ta`sir maydoniga ega boshqa ma`naviy hodisalar ko`magida olib borilishi tabiiy zarurat sifatida yuzaga chiqdi. Natijada asosiy vositalardan biri sifatida din san`atni tanladi. Zero, san`at barcha ifoda shakllari ichida universalligi bilan ajralib turadi: u birvarakayiga rang-baranglik, mukammallik va jonlilik xususiyatlariga ega.
Estetik anglash, estetik munosabat va estetik faoliyat Mamlakatimizda ma’naviyatning rahnamosi bo’lgan Prezidentimiz “Biz,- deb ta’kidlagan edilar, - milliy ma’naviyatni har tomonlama yuksaltirish masalasini o’z oldimizga asosiy vazifa qilib qo’yar ekanmiz, bugungi kunda ma’naviyatimizni shakllantiradigan va unga ta’sir o’tkazadigan barcha omil va mezonlarni chuqur taxlil qilib, ularning bu borada qanday o’rin tutushini yaxshi anglab olishimiz maqsadga muvofiq bo’ladi”.57 Chunki ma’naviyatni tushunish va anglash uchun avvalo, insonni, uning estetik faoliyatiga ta’sir ko’rsatadigan mezoniy tushunchalarni ilmiy taxlil qilish zarurdir. Bu masalalar estetik anglash va uning tuzilmalari orqali shaxs faoliyatida namoyon bo’ladi.
Estetik anglash iborasini ajratib ko’rsatishimizning sababi shundaki, odatda falsafiy fanlarga doir ilmiy adabiyotlarda «anglash» o’rniga «ong» istilohi qo’llab kelinadi. Estetik ong, ilmiy ong, huquqiy ong v. h. Bizningcha, bu unchalik to’g`ri emas: ruschadagi – «soznanie» so’zining yuzaki (kalka) tarjimasi. Ma’lumki, «soznanie» so’zi ruschada ikki xil ma’noni: ong va anglash ma’nolarini bildiradi. Miya muayyan fiziologik yaxlitlik bo’lgani kabi, uning asosiy faoliyati bo’lmagan ong, shu jumladan ongsizlik ham, avvalambor insondagi hissiy-intelektual yaxlitlik, uni maydalab, yuqoridagidek, «ongcha»larga bo’lish mantiqan o’rinsiz, ikkinchidan, u narsa-hodisalardan muhtor tarzda mavjud, faqat zarur sharoitda faoliyatga kirishgandagina narsa-hodisaga munosabatini, voqelikka aralashish xususiyatini namoyon qiladi. Ana shu o’ziga xos tahliliy faoliyatni biz anglash deb ataymiz va shu anglashning darajasiga qarab, kishilar ongining yuksakligi yoki pastligi haqida fikr yuritamiz. Demak, ong insonning o’ziga o’xshash yakka yaxlitlik, uning faoliyati – anglash esa har xil va ko’p qirralidir. Ongning anglashga munosabati xuddi olmos bilan uning qirralari o’rtasidagi munosabatga o’xshaydi; yaxlit olmos bo’lagining har bir qirrasini alohida olmos deb atashimiz qanchalik mantiiqqa to’g`ri kelmasa, anglashni uzil-kesil ong tarzida taqdim etishimiz ham, bizningcha, shunchalik noo’rin. Shunday qilib, inson o’ziga ato etilgan ongning turli qirralari bilan olamning turli tomonlarini, har xil jihatlarini nurlantiradi, o’zida aks ettirib, tahlil etadi, xulosalar chiqaradi. Natijada, bir inson bitta hodisani o’nlab, balki yuzlab rakursda mushohada qilish va anglashi mumkin. Ongning ana shunday faoliyat turlaridan biri estetik anglashdir.
Estetik ehtiyoj.Estetik anglash va shu asosdagi faoliyat jarayonining ibtidosi estetik ehtiyojga borib taqaladi. Estetik ehtiyoj inson hayotida ro’y beradigan barcha estetik hodisalarning asosi sifatida ham tabiiy-biologik, ham ijtimoiy-ma’naviy mohiyatga ega; «go’zal nafs», nafosatga tashnalik, insonda estetik hissiyotni qo’zg`atish xususiyatini saqlab qolgan holda, keyinchalik uning butun umri mobaynida takomillashib boradi va estetik muhokama, estetik baho, estetik did va estetik idealning shakllanishiga xizmat qiladi. Har bir shaxsdagi madaniyatlilik darajasi, ma’naviy salohiyati uning estetik ehtiyoji doirasi bilan o’lchanadi. U «go’zal nafs» sifatida boshqa ehtiyojdan talab etilayotgan ob’ektdan moddiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va boshqa manfaatlar kutmasligi, beg`arazligi bilan ajralib turadi.
Estetik hissiyot. Ko’pincha adabiyotlarda estetik hissiyot «estetik tuyg`u» so’zida, birlik shaklida beriladi. Goh estetik kechinmaning, goh estetik hayajonning sinonimi tarzida talqin qilinadi. Bizningcha, bu unchalik to’g`ri emas. Chunki hayajon ham, kechinma ham bitta tuyg`udan emas, tuyg`ular silsilasidan iborat bo’ladi, shu sababdan uni ko’plikda – hislar yoki hissiyot shaklida qo’llash maqsadga muvofiq.
Endi estetik hissiyotni tashkil etadigan hislarning ba’zilarini qisqacha ko’rib o’taylik.
Estetik hissiyotning ibtidosidagi tuyg`u estetik qiziqish. Ma’lumki, qiziqish hissi, sog`inch va qo’msashdan farqli o’laroq, o’tmishda ro’y bergan hodisani emas, balki ko’p hollarda kelajakda, tez muddat ichida ro’y berishi lozim bo’lgan voqelikni nazarda tutadi, unga intiladi; intilish jarayoni esa –«uchrashuv»ga tayyorgarlik degani. Estetik qiziqish sub’ektning ob’ekt haqida, hali u bilan yuzma-yuz kelmasdan turib, muayyan bir umumiy tushunchaga ega bo’lishini, uni idrok etishga o’zini hozirlashini taqozo etadi.
Estetik lazzatga kelsak, uning zavqdan yana bir farqi shuki, u san’atning huzurbaxshlilik xususiyatidan kelib chiqadi. Shuning uchun uni estetik huzur deb ham atash mumkin. Zero u estetik idrok etish jarayonining so’ngida ro’y beradi va ma’lum ma’noda forig`lanish holati bilan uyg`unlashib ketadi.