O’QITUVCHILIK SHA‘NI VA QADR-QIMMATI Kishining qadr-qimmati, avvalo, umumiy ishga qo’shayotgan hissasining salmog’i va
sifati bilan belgilanadi. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyatda inson o’z mehnatining
salmog’i va sifati bilan, aqliy va jismoniy mehnatining samarasi bilan, ishbilarmonligi bilan
qadrlanadi. Halol mehnat kishining qadrini, izzat-hurmatini oshiradi. Kishi o’z mehnatining
qadriga yetishi, u bajarayotgan ish jamiyatda ahamiyatli ekanligini tushunishi lozim. Kishining
umumiy ishga qo’shayotgan hissasining salmog’i, u qaysi vazifani bajaryotganligida emas, balki
o’z ishini qanchalik yaxshi, sidqidildan bajarishiga bog’liq. Insonning qadr-qimmati uning
mansabi, kasbi-koridan ko’ra ham ko’proq o’z kasbini qanday bajarishiga, uning odobi va xulq-
atvoriga bog’liqdir. Bu fazilat o’qituvchi odobida muallimning qadr-qimmati, sha‘ni deb ataladi.
U avvalo, o’qituvchidan o’z ishining ustasi, kamtar bo’lishni, shu bilan birga pedagoglar va
o’quvchilar jamoasida o’zini tuta bilishini talab etadi. Sinfga maktab direktori, nazoratchi yoki
boshqa kishilar darsni kuzatishga, tekshirishga kirgan paytlarida muallim “g’falatda” qolmasligi
lozim. Bunday paytlarda o’qituvchi, avvalo, o’z o’quvchilari oldida sinovdan o’tadi.
Kishining sha‘ni – yuksak insoniy fazilat bo’lib, o’z-o’ziga bo’lgan munosabati, unga
atrofdagi kishilar va jamiyatning munosabatini ham bildiradi. Kishining sha‘ni-shaxsning
xizmatlarini jamiyat tomonidan tan olinishidir. Sha‘n, kishining sha‘ni deganda, odamning yoki
u mansub bo’lgan sotsial guruhning qadr-qimmati, yaxshi nomi, obro’si, shuhrati, dong
chiqarishi kabilar ham nazarda tutiladi (Oila sha‘ni, olimlik sha‘ni, o’qituvchilik sha‘ni, rahbarlik
sha‘ni kabi). Sha‘n tushunchasi bilan qadr-qimmat uzviy bog’liqdir. Qadr-qimmat kishi tevarak
atrofidagi odamlar ning hurmatiga sazovor bo’laganini jamoatchilik tomonidan tan olinishidir.
Kishining sha‘ni va qadr-qimmatini oyoq osti qilish mumkin emas. U bizning mamlakatimizda,
davlatimizda qonun bilan ham, jamoatchilik fikri bilan ham himoyalanadi. O’qituvchi odobida
muallimning shuhratparsatligi va manmanligi qoralanadi. Buning boisi shundaki, o’qituvchilik
faoliyati avvalo, umumxalqning baxt-saodati uchun xizmat qilishga yo’naltirilgan.
O’qituvchi, avvalo, o’z qadr-qimmatini o’zi saqlay bilmog’i kerak, pedagoglar
jamoasidagi urf-odatlar, an‘analar, axloqiy munosabatlar ham o’qituvchilik sha‘ni va qadr-
qimmatini asrashga qaratilmog’i lozim. Pedagoglik sha‘ni va qadr-qimmatini noto’g’ri tushunish
ta‘lim-tarbiya ishida salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik kerak. Masalan,
ko’ra-bila turib o’quvchining bahosini oshirib qo’yish, maktabga nazoratchilar kelganda
o’qituvchilarning faoliyati aktivlashib qolgan yoki hisobot uchun nomigagina tarbiyaviy
tadbirlarning sonini ko’paytirish kabilar o’quvchilar tarbiyasiga salbiy ta‘sir etadi, bu bolalarni
qalbakichilikka o’rgatadi. O’quvchilar oldida o’qituvchining va jamoaning obro’siga ta‘sir etadi.
O’qituvchining pedagoglar jamoasi sha‘nini o’quv yurti sha‘nini saqlab qolaman deb sha‘n,
qadr-qimmat tushunchalarini noto’g’ri anglab qilgan xatti-harakatlari pedagogik odob
normalarining buzilishiga olib keladi va o’quvchilar tarbiyasiga zarar yetkazadi. Bunday
hodisalar ayrim hollarda uchrab turadi.