yetishdilar. Birmuncha kechroq esa Adler, Yung va Ranklar Freyd izdoshlari safidan chiqishib,
o‘zaro raqobatdagi ilmiy maktablarga asos solishdi. Freyd 1939 yilning 23 sentyabrida Londonda
vafot etdi.
Freyd yaratgan ta’limotning o‘zagini tashkil qiluvchi
psixoanaliz atamasi uch xil
mazmunni anglatadi:
1) shaxs va psixopatologiya nazariyasi;
2) shaxs buzilishlari terapiyasi usuli, va;
3) individumning anglanmagan fikrlari hamda hissiyotlarini o‘rganish usuli.
Nazariyaning terapiya va shaxs o‘lchovi bilan bunday bog‘lanishi Freydning inson xulqi
haqidagi tasavvurlarining barcha qirralarini qamrab oladi. Lekin bu murakkabliklar ostida bir
necha asosiy konsepsiya va tamoyillar borki, ular Freydning shaxsga psixoanalitik yondashuvining
o‘zagini tashkil qiladi. Ushbu qo‘llanma ana shu asosiy tushuncha va tamoyillarnigina yoritishni
o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Freyd ta’limotiga ko‘ra, shaxs psixologik hayotining asosi jinsiy lazzat olishga qaratilgan,
tug‘ma ongsiz mayl (instinkt) dir. Lekin tarixan tarkib topgan odat, ahloqiy prinsiplar tufayli,
ijtimoiy «senzura»ning mavjudligi tufayli bu mayl to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘siladi. Shuning uchun ham
ba’zi kishilarda bu ongsiz tabiiy mayl bilan anglab turilgan vaziyat o‘rtasida ichki ruhiy konflikt
(to‘qnashuv) paydo bo‘ladi, bu to‘qnashuvlar ba’zan barqaror asab kasalligiga (nevrozga) olib
keladi.
Asrimiz boshlaridayoq Z.Freyd kishi shaxsi faolligi manbai va xarakterining o‘zicha talqinini
tavsiya qilgan edi. Uning ko‘pchilik izdoshlari tomonidan ma’qullangan nuqtai nazariga ko‘ra,
kishi unda hayvonot dunyosiga mansub ajdodlaridan meros qilib olgan instinktiv mayllar va, eng
avvalo, jinsiy instinkt va o‘zini himoya qilish instinkti mavjud bo‘lganligi tufayli faol emish. Lekin
jamiyatda instinktlar o‘zini hayvonot olamida bo‘lgani kabi namoyon qila olmaydi, negaki,
jamiyat kishini ko‘plab cheklashlar to‘riga o‘rab tashlaydi, uning
instinktlari va mayllarini
«senzura»ga ro‘baro‘ qiladi, bu esa kishini ularni cheklashga majbur etadi.
Instinktiv mayllar shu tariqa shaxsning anglanilgan hayotidan sharmandali bo‘lgan, man
etilgan va obro‘-e’tiborga putur yetkazadigan hodisalar sifatida chiqarib tashlanadi va anglanilgan
sohasiga aylanadi, «yashirin holatda yashay boshlaydi», lekin yo‘qolib ketmaydi. Ular o‘zining
harakatlanuvchi kuchini, o‘z faolligini saqlab qolgan holda anglanilganlik sohasidan sekin-asta
kishilik madaniyatining turli shakl va inson faoliyati mahsuli tusiga kirib (kismlarga ajratgan
holda) shaxsning xulq-atvorini yo‘naltirishni davom ettiraveradi. Anglanilganlik sohasida
instinktiv mayllar o‘zining kelib chikishiga bog‘liq holda turlicha «komplekslar»ga birlashadi, bu
esa, Freydning va freydchilarning ta’kidlashlaricha, shaxs faolligining haqiqiy sababi bo‘lib
hisoblanadi. Psixologiyaning vazifalaridan biriga muvofiq tarzda anglanilgan «komplekslar»ning
aniqlanishi va ularning anglanishiga yordam berishi, go‘yo bu shaxsning ichki ziddiyatlari yuzaga
chiqishi ehtimolini bartaraf etadi. Masalan, «edipcha kompleks»ni ana shunday qo‘zg‘atuvchi
sabablar qatoriga kiritishar edi.
Buning ma’nosi shuki, har bir bolada hali yoshligidayoq go‘yo qadimgi yunon dramaturgi
Sofoklning «Shoh Edip» tragediyasining asosiy mazmunini tashkil etadigan mojaroni bolaning
g‘aflat ostida o‘z onasi bilan jinsiy aloqa qilib qo‘yishi va otasini o‘ldirishini eslatuvchi fojiali
vaziyat ro‘y berarmish. Freydning ta’kidlashicha, to‘rt yashar o‘g‘il
bolaning onasiga nisbatan
shahvoniy xirs qo‘yishi va otasining o‘limini orzu qilishni («edipcha kompleks») boshqa bir kuch
— yaqin kishisi bilan aloqada bo‘lganligi uchun dahshatli jazoga tortilish havfi («axtalanish
kompleksi») bilan to‘qnash keladi.
Shaxsning bundan keyingi butun rivojlanishini freydchilar anglanilganlik sohasiga majburiy
tarzda olib kirilgan turli xil komplekslar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar sifatida talqin qiladilar.
Freydning shaxs faolligi haqidagi konsepsiyasi (barcha xatolariga qaramay, uning yutug‘i
anglanilmaganlik va moyilliklar jabhasiga e’tiborni jalb etganligida edi) ni hatto, bolaning
shahvoniy istaklari va qo‘rqinchlari haqida hech narsaga asoslanmagan xayoliy uydirmalarini bir
chekkaga surib qo‘ygan holda diqqat bilan qarab chiqilishi bu yerda faollikning o‘zi ham biologik
tabiiy kuch deb tushunilayotganini payqab olish imkonini beradi. U hayvonlar instinktiga
o‘xshash, ya’ni o‘zining barcha o‘lchovlariga, sublimatsiyalari (qismlarga ajratilishi)
va unga
qarama-qarshi qo‘yilgan jamiyat bilan mojarolari bo‘lgani holda o‘sha hayvonlar istinkti singari
anglanilmagan bo‘ladi. Bunda jamiyatning vazifasi mayllarni cheklashdan va «senzura» ostiga
olishdan iborat bo‘lib qoladi.
Shaxs va uning faolligini bunday tarzda talqin qilish shaxsning ijtimoiy mavjudot emas, balki
biologik jonzot ekanligi haqidagi bahoni keltirib chiqaradi. Bunda inson va jamiyat bir-birlariga
prinsipial jihatdan yotdir va ularning «uyg‘un tarzda» munosabat o‘rnatishlari faqat birini
ikkinchisining kuchi bilan bostirilgan taqdirdagina, birining ikkinchisi ustidan abadiy zo‘rligi
bo‘lgandagina, anglanilgan jabhaning isyon ko‘tarishi, tajavuzga yuz tutishi va hokazolar
doimiy xabar solayotgan taqdirdagina mumkin deb faraz qilinadi.
Freydizm nuqtai nazaridan olganda, odam amalda ijtimoiy hodisa emas. Kishi xulq-atvori
ikkita prinsipga: «huzur-halovat prinsipi» (bu o‘rinda asosan jinsiy mayllarning aks etishi nazarda
tutiladi) va «reallik prinsipi» (jamiyatning uyatli va ta’qiqlangan narsa sifatida shahvoniy havasni
bostirib turish zarurligi haqidagi talablaridan kelib chiqadigan) ga bo‘ysundiriladi. «Huzur-halovat
prinsipi» bilan «reallik prinsipi»ning to‘qnashuvi natijasida anglanilmagan sohaga «qondirilmagan
mayllar» ajralib chiqishi ro‘y beradi va ular odamning xulq-atvorini shu yerdan idora qilib turadi.
Bixevioristlarda bo‘lgani kabi bu o‘rinda ham ongning roli ozgina tan olinadi,
ong esa har
tomonlama obro‘sizlantiriladi. Psixoanalitiklar anglanilmagan psixik qo‘zg‘atuvchilar bilan avval
boshdanoq odamga dushman bo‘lgan sotsial muhit o‘rtasidagi doimiy qarama-qarshilik
to‘g‘risidagi tasavvurlardan kelib chiqib, individ, bir tomondan, vijdon, nomus, qo‘rquv va shu
kabilar («ong senzurasi») shaklida o‘zi boshidan kechiradigan qatag‘onlarni yaratuvchi muhitning
talablari, ikkinchi tomondan esa hukmini o‘tkazuvchi anglanilmagan mayllarning bir-birini
sig‘ishtirmasligi bilan bog‘liq ichki konflikt holatiga muqarrar tushadi, deb da’vo qilishgan edi.
Kishi bunday vaziyatlar oqibatida vujudga kelgan tanglikdan shahvoniy g‘ayratni sotsial
jihatdan maqbul yo‘lga burib yuboradigan himoya mexanizmlarini ishga solgan tarzda qutiladi.
Katta yoshdagi odamning anglanilmagan holda yo‘naltiruvchi xatti-harakati uning ilk bolalik
davrida shakllangan maqsad-istagining qaramligida bo‘ladi va amalda uning butun umri bo‘yi sira
o‘zgarmasdan, faqat ongning «senzurasi» bilan murosa qilish zaruratidan niqoblanib qolib ketadi.
Freyd psixologlarning e’tiborini anglanilmaganlik va
psixologik himoya muammolariga,
katta yoshdagi kishining xulq-atvoriga, bolalikdagi voqealarning ta’siriga va boshqalarga jalb
qildi, lekin bu muammolarni tubdan noto‘g‘ri, shaxs psixologiyasini biologiyalashtirgan, shaxsni
hatto noijtimoiy kuch deb ta’riflangan holda anglanilmaganlikning ongdan ustunligi va kishi xulq-
atvorining shahvoniy mayllarga bo‘ysunishi to‘g‘risidagi tasavvurlardan kelib chiqib talqin etgan
edi. Freyd o‘zining psixologik nazariyasini odam haqidagi, jamiyat va madaniyat haqidagi
umumiy ta’limotga aylantirishi g‘arb mamlakatlarida katta e’tibor qozondi.
Freyd ta’limotini tan olmay turib zamonaviy shaxs nazariyalarini ob’ektiv baholab
bo‘lmaydi. Uning u yoki bu (yoki hamma) g‘oyalari tan olinishi yoki tan olinmasligidan qat’i
nazar, Freydning XX asr g‘arb sivilizatsiyasiga ko‘rsatgan chuqur va mustahkam ta’sirini inkor
etib bo‘lmaydi. Shuni ta’kidlash joizki, insoniyatning butun tarixi davomida kamdan-kam g‘oyalar
shunchalik keng va kuchli ta’sir kuchiga ega bo‘lgan. Uning inson tabiatiga o‘ziga xos qarashlari
o‘sha davrda hukmron bo‘lgan tasavvurlarga keskin zarba berdi: Freyd insonning qorong‘i,
yashirin, demak, anglab bo‘lmas deb hisoblangan psixik hayoti
qirralarini tushunishga
erishishning qiyin, lekin jalb qiluvchi yo‘lini taklif qildi.
Freydning shaxs faolligini butunligicha faqat shahvoniy xirsga bog‘liq qilib qo‘yishga
intilishi yo‘nalishda bo‘lmagan psixologlarning ham ko‘pchiligida e’tiroz tug‘dirdi. Bu hol klassik
freydizmning va undan muayyan chekinishlarning birikuvidan iborat xususiyatga ega bo‘lgan
neofreydizm (A.Kardiner, E.Fromm, K.Xorni va boshqalar)ning kelib chiqish sabablaridan biri
bo‘lgan edi. Kishilik jamiyatida ko‘pchilik kishilarning hayoti va taraqqiyoti jarayonida bu tabiiy
ongsiz mayl energiyasi mehnat faoliyatiga aqliy va ijodiy faoliyatga qaratiladi va sarf etiladi.
Hayotning yuksak sohasiga energiyaning shu tariqa ko‘chirilishini sudlimatsiya deb ataladi.
Freydning ayrim shogirdlari uning ta’limotiga ba’zi bir o‘zgartirishlar kiritganlar. Masalan, Adolf
Adler fikricha, seksual (jinsiy) mayl emas, psixik hayotning asosini, ustunlikka, hokimiyatga,
boshqa kishilar ustidan hukmronlik qilishga bo‘lgan tabiiy mayl tashkil qiladi.
Neofreydchilar shaxsning faolligini tushunish borasida shahvoniy
mayllarning ustunligi
fikridan voz kechishadi va insonning biologik mavjudotligidan chetga chiqishadi. Shaxsning
muhitga bog‘liqligi birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Bunda shaxs go‘yo uni beixtiyor belgilaydigan
ijtimoiy muhitning shunchaki oddiy tasviri sifatida namoyon bo‘ladi. Muhit shaxsga o‘zining eng
muhim xususiyatlari aksini singdiradi. Ular ana shu shaxs faolligining ko‘rinishlariga aylanadi.
Masalan, qanday bo‘lmasin mehr qo‘yishlariga va ma’qullashlariga muvaffaq bo‘lish uchun
intilish, hokimiyatning, obro‘-e’tiborning va sohiblikning orqasidan quvish, obro‘-e’tiborli
odamlar guruhining fikriga bo‘ysunishga va qabul qilishga intilish, jamiyatdan o‘zini olib qochish
ana shunday ko‘rinishlardir. Bu konsepsiyalarda ham shaxsning faolligi haqiqatga to‘g‘ri
kelmaydigan fikrligicha qoladi.
Dostları ilə paylaş: