ICHKI MEHNAT TARTIBI QOIDALARI I. Asosiy qoidalar «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» Davlat korxonasi (keyinchalik matnda NKMK, kombinat, Navoiy kon-metallurgiya kombinati deb yuritiladi) xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mehnat haqidagi qonunchilik, jamoa shartnomasi, buyruqlar, yuriqnomalar va boshqa muayyan me’yoriy hujjatlar bilan tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga muvofiq, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb (ish) tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Har bir xodim:
o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish;
muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, xar haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek, haq to‘lanadigan yillik ta’tillar berish orqali ta’minlanadigan dam olish;
xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish;
jamoalarga doir va yakka mehnat nizolarida o‘z manfaatlarini quvvatlash;
jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa ijtimoiy sharoitlarga ega bo‘lish huquqiga egadir.
Ushbu ichki mehnat tartibi Qoidalari NKMKning barcha xodimlariga taalluqli bo‘lib, mehnat intizomini mustahkamlash, ish vaqtidan oqilona foydalanish, ishning yuqori sifatiga erishish, shuningdek, xodimlarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish va ta’minlashga ko‘maklashish maqsadini nazarda tutadi.
Ichki mehnat tartibi Qoidalarini tatbiq qilish bilan bog‘liq masalalarni o‘z huquqlari doirasida ish beruvchi hal qiladi, amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki uning roziligi bilan hal qiladi.