Qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallarning tasnifi, tavsifi
Reja:
Qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallarning tasnifi, tavsifi
Qurilish tashkilotlarida materiallar harakatini hujjatlashtirish
Qurilish tashkilotlarida materiallar ombor hisobi
Qurilish, qurilish-montaj va boshqa ishlarni belgilangan muddatlarda tugatilishi va buyurtmachilarga topshirilishida muhim omillardan biri bo‘lib qurilish tashkilotlarida turli xildagi hamda tegishli miqdordagi materiallarning mavjudligi hisoblanadi. Ularga qurilish materiallari, yoqilg‘i, moylash materiallari, xo‘jalik inventarlari va boshqalar kiradi.
Qurilish tashkilotlarining moddiy ta’minot bo‘limlari materiallarni o‘z vaqtida va kerakli miqdorda kelib tushishini ta’minlashlari, moddiy javobgar shaxslar esa ularning butligini va sifatini buzmasdan saqlashlari hamda qurilish maydonchalariga talab qilingan muddatlarda va miqdorlarda yetkazib berishlari lozim.
Qurilish tashkiloti buxgalteriyasiga materiallarning holati va harakati ustidan uzliksiz nazoratni olib borish, ularni to‘g‘ri va o‘z vaqtida tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtirilganligini ta’minlash, bu boyliklarning sintetik va analitik hisobini yuritish, ular to‘g‘risidagi axborotlarni foydalanuvchilarga o‘z vaqtida berish kabi muhim vazifalar yuklatiladi.
Qurilish tashkilotlarida foydalaniladigan materiallarni turli belgilari bo‘yicha tasniflash va tavsiflash mumkin. Materiallar hisobini to‘g‘ri yuritishda, ayniqsa, ularni quyidagi belgilari bo‘yicha tasniflash muhim ahamiyat kasb etadi
Ishlab chiqarishda tutgan o‘rniga ko‘ra qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallar asosiy va yordamchi materiallarga bo‘linadi.
Asosiy materiallar deganda ob’ektlarni qurish, montaj qilish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va obodonlashtirish kabi ishlarni bajarishda bosh rolni o‘ynovchi materiallar tushuniladi. Ularga sement, g‘isht, taxta, bolar, armatura, truba, linoleum, marmar, granit, mix, oyna, ohak, bo‘yoq, gips va shu kabi ko‘plab boshqa materiallar kiradi. Ushbu materiallarsiz qurilish ishlarini olib borib bo‘lmaydi. Shu bois ham ushbu asosiy materiallarning mavjudligi, ularning butligi, harakati ustidan uzliksiz nazoratni olib borish buxgalteriya hisobi oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Yordamchi materiallar deganda qurilish ishlarida bosh rolni o‘ynamaydigan, lekin ularning bajarilishida qo‘shimcha tarzda ishlatila-digan materiallar tushuniladi. Bunday materiallar bo‘lib, masalan, pegmentlar, sinka, to‘l, yoqilg‘i, moylash materiallari, o‘rov materiallari va shu kabilar hisoblanadi.
Ko‘rinishi, jismi va nomlanishiga ko‘ra qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallarni ko‘plab turlarga ajratish mumkin, masalan, temir va yog‘och materiallari, shisha materiallar, suyuq va qattiq jismli materiallar va boshqalar.
Saqlash usuliga ko‘ra qurilish tashkilotlarida materiallarni ochiq va yopiq usullarda saqlanadigan materiallarga bo‘lish mumkin. Masalan, g‘isht, temir, truba, tosh va shu kabi materiallar ochiq ko‘rinishda turli maydonchalarda saqlanadi. Sement, ohak, gips, lak, bo‘yoqlar va boshqa shu kabi materiallar yomg‘ir va qor tegmaydigan, namiqmaydigan joylarda, shuningdek maxsus saqlash moslamalarida (sisterna, bochka va boshqalarda) saqlanadi.
Saqlash muddatiga ko‘ra qurilish materiallari muddati chegaralangan va muddati chegaralanmagan turlarga bo‘linadi. Masalan, sement, ohaq, gips, bo‘yoqlar va shu kabi ayrim materiallar ma’lum muddatlardan keyin o‘z sifatini yo‘qotadi. Shu bois ular belgilangan muddatgacha saqlanishi lozim. Ko‘pchilik qurilish materiallari o‘z sifatini uzoq muddatlarda yo‘qotmaydi, masalan marmar, granit, temir-tersaklar, yog‘och, bolar va shu kabilar. Biroq, moddiy javobgar shaxslar ushbu materiallarning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, masalan zanglash, eroziya, qurib qolish, namiqish, shishib ketish, yorilish kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari lozim.
Kimga tegishlishiga ko‘ra qurilish ishlarida ishlatilayotgan materiallarni pudratchi qurilish tashkilotning va buyurtmachi tashkilotning materiallariga bo‘lish mumkin. Birinchi turdagi materiallar asosida bajarilgan ishlar pudratchi tashkilotning o‘z materiallari asosida bajarilgan hisoblansa, ikkinchi turdagi ishlar esa buyurtmachilar materiallari asosida bajarilgan ishlar hisoblanadi. Har ikkala holatda ham sarflangan materiallar qurilish ob’ektining qiymatiga (tannarxiga) kiritiladi. Agar qurilish ishlari buyurtmachilarning bergan materiallari asosida bajarilgan bo‘lsa, u holda ularning qiymati o‘zaro hisob-kitoblar summasiga kirtilmaydi.
Ishlab chiqilganligiga ko‘ra qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallar o‘zi ishlab chiqqan va o‘zi ishlab chiqmagan materiallarga bo‘linadi. Chunonchi, qurilish tashkilotining yordamchi ishlab chiqarish bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqilgan va qurilish ob’ektlarida ishlatilgan g‘isht, blok, eshik, ramka, turli moslama va konstruksiyalar o‘z ishlab chiqarishidan olingan qurilish materiallari hisoblanadi. Sotib olingan, buyurtmachilardan, ta’sischilardan va boshqa tashqi shaxslardan kelib tushgan materiallar o‘zi ishlab chiqmagan materiallar hisoblanadi.
Vujudga keltirgan mamlakatiga ko‘ra qurilish tashkilotlarida ishlatiladigan materiallar mahalliy materiallar va xrijdan keltirilgan materiallarga bo‘linadi.
Materiallar hisobini to‘g‘ri yuritishning muhim shartlaridan biri bo‘lib ular qiymatini to‘g‘ri baholash hisoblanadi. Respublikamizning 4-son BHMS «Tovarmoddiy zahiralar»ga muvofiq qurilish tashkilotlarida materiallarning hisob bahosi bo‘lib ularning tannarxi hisoblanadi. Qurilish materiallarining tannarxi ularning kelib tushish manbasiga ko‘ra turli elementlardan tashkil topadi. Chunonchi, sotib olingan materiallarning tannarxi o‘z ichiga ularning sotib olish baholaridagi qiymatini hamda sotib olishga doir barcha qo‘shimcha harajatlar (tashib keltirish, bojxona to‘lovlari, sertikatlash, brokerlarning xizmat haqlari va boshqalar)ni oladi. Sotib olishda to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasini materiallar qiymatiga qo‘shish yoki qo‘shmaslik qurilish tashkilotining bu soliqning to‘lovchisi yoki to‘lovchisi emasligiga bog‘liq. QQS to‘lovchi qurilish tashkilotlarida ta’minotchilarga (bojxonaga) to‘langan QQS summasi materiallar qiymatiga kiritilmaydi, balki byudjetga to‘lanadigan QQS summasini topishda kamaytirishga olib boriladi. Ixchamlashtirilgan soliq rejimida faoliyat ko‘rsatayotgan qurilish tashkilotlarida sotib olishda ta’minotchilarga (bojxonaga) to‘langan QQS summasi bevosita materiallar qiymatiga (tannarxiga) kiritiladi.
O‘z ishlab chiqarishidan olingan materiallar tannarxi ularni ishlab chiqarish bilan bog‘liq barcha moddiy, mehnat va boshqa harajatlardan tashkil topadi. Bunda bir birlik materialning o‘rtacha tannarxi kalkulyatsiya qilish yo‘li bilan qurilish materialini ishlab chiqishga sarflangan harajatlarning jami summasini jami ishlab chiqilgan materialning miqdoriga bo‘lish orqali topiladi.
Qurilish tashkilotlarida materiallar harakatini hujjatlashtirish ularning kelib tushish manbalariga, tashib keltirish shartlari va usullariga, shuningdek nima maqsadlarda chiqim qilinganligi va boshqa holatlarga bevosita bog‘liqdir. Ushbu maqsadlarda qo‘llaniladigan boshlang‘ich hujjatlar to‘g‘risidagi umumiy ma’lumotlar 3.1-jadvalda keltirilgan. Quyida materiallar harakatiga doir ayrim asosiy boshlang‘ich hujjatlarni tuzish va ulardan foydalanish tartiblariga qisqacha to‘xtalamiz.
Qurilish tashkilotlariga materiallar asosan ta’minotchilardan, bosh pudratchi va subpudratchilardan, buyurtmachilardan, ta’minot-savdo korxonalaridan kelib tushadi. Materiallar ta’sischilardan ularning ustav kapitalidagi ulushi sifatida, shuningdek boshqa yuridik va jismoniy shaxslardan beg‘araz moliyaviy yordam sifatida olinishi ham mumkin.
Dostları ilə paylaş: |