Referat mavzu Global jarayonlar dialektikasi mavzusida tahliliy (2)
Bashorat: turlari, tiplari, metodlari. Bashorat – kelajak haqidagi, ya’ni hali amalda mavjud bo’lmagan, lekin rivojlanishning kutilayotgan rivojini belgilovchi ob’ektiv va sub’ektiv omillar ko’rinishida hozirgi zamonda potentsial mavjud bo’lgan hodisalar va jarayonlar haqidagi bilim. Bashorat o’z gnoseologik tabiatiga ko’ra gipotezani ilgari surishga yaqin turadi. Ammo gipoteza – o’tmishni ham, hozirgi zamonni ham, kelajakni ham bilishga tatbiq etiladigan mantiqiy shakl, bashorat esa kelajakka yoki hali ma’lum bo’lmagan hozirgi davrga qarab mo’ljal oladi.
Kelajakni oldindan aytish usuli, teranlik va aniqlik darajasiga ko’ra bashoratning turlarini farqlash mumkin: Mifologik bashorat; kundalik bashorat ;astrologik bashorat; intuitiv bashorat; ilmiy bashorat.
Mifologik bashorat arxaik ong darajasidagi (eng qadimgi) bashorat turlaridan biri bo’lib, unda voqelar obrazlarning harakatlarida ifodalanadi. Masalan olimlar Mayya qabilalarining “Drezden qo’lyozmalari”da 2012 yil 21 dekabr qiyomat kuni deb belgilanganligi aniqladilar. Xususan, qo’lyozmalarda to’p o’ynayotgan navkarlar, baland tepalikda to’p tushishi mumkin bo’lgan doira hamda boshi tanasidan judo qilingan navkar ramzi ifodalangan. Olimlar fikricha to’p Quyosh ramzi,balandlikdagi doira Somon yo’li ramzi muvozanat markazining ifodasi. Navkarlar to’pni tepib doiraga kiritishi lozim. Doiraga to’pni kirita olmagan navkarnnig boshi olingan. Olimlar to’pning doiraga tushishini qiyomat kuni, ya’ni muvozanatning buzilishi ramzi deb tahlil qilmoqda. SHuningdek, Mayya qabilalari qo’lyozmalarida dunyoviy suv toshqini ham obrazlarda ifodalangan. Darhaqiqat, bundan ikki ming yil ilgari arxaik ong darajasidagi bashorat XX asrdagi tez-tez takrorlanayotgan zilzilalar, suv toshqinlari, dengiz to’fonlari va shu kabi boshqa tabiiy ofatlarda namoyon bo’lmoqda. SHu bois, bugungi kunda pessimist olimlar qiyomat kuni yaqin deb ayyo hannos solsalar, optimistlar bu astronomik sikllar almashinuvi xolos deb bashorat qilmoqda. Insoniyatni yaqin kelajakda nima kutmoqda. Bu savolga inson o’z faoliyati maqsadi va natijalariga ko’ra javob berishi lozim.
Kundalik bashorat insonning kundalik hayot tajribasiga, tabiat va jamiyatda u yoki bu voqealarning tez-tez takrorlanishini bevosita kuzatishga asoslanadi. Kundalik bashoratlarga xalqda mashhur bo’lgan ob-havo alomatlari misol bo’lishi mumkin. Masalan, quyosh botayotganda odatdagidan uzoqroq ushlanib qolgan bo’lsa, yomg’irni kutish kerak; yozda ertalab tuman tushgan bo’lsa, demak kunduzi havo ochiq bo’ladi; SHarqdan shamol essa, tez orada yomg’irlar tugaydi.
Astrologik bashoratosmon jismlarining harakati, Oy va Quyosh tutilishi sikllarini kuzatishga asoslanadi. Astrologik bashorat o’rta asrlarda keng tarqalgan bo’lsada keyinchalik unga munosabat o’zgargan. Lekin, XX asrda ezoterik bilimlarning rivoji astrologik bashoratlarning asosli ekanligini tan olmoqda.
Intuitiv bashorat ilmiy tajriba va mantiqiy mushohadasiz haqiqatning tagiga bevosita yetishdir. Bashoratning bu turi hali yaxshi o’rganilmagan va ko’pincha unga yetarlicha baho berilmaydi. Holbuki, aqlni lol qoldiradigan faktlar ma’lum. Masalan, to’rt yuz yil oldin yashagan frantsuz tabibi Mishel Nostradamus misli ko’rilmagan bashoratgo’ylik qobiliyatiga ega bo’lgan. O’zining mashhur «TSenturiyalari» va boshqa asarlarida u XX asrning texnik kashfiyotlari – suv osti kemalari, samolyotlar, vodorod bombasinigina emas, balki frantsuz va rus inqiloblarini, shuningdek de Goll, Franko, Lenin, Stalin, Gitler, Mussolini kabi shaxslarning paydo bo’lishini ham bashorat qilgan.
O’z davrining mashhur folbini Aleksandra Filippovna Kirxgof buyuk shoir Aleksandr Pushkinga uning hayotidagi muhim voqealarni: tez orada ko’p pul olish, ikki surgun, uylanish, mashhurlik, 38 yoshda hayotni tark yetish ehtimolini bashorat qilgan. Afsuski, bu bashorat to’la ro’yobga chiqqan.
Ukrainalik atoqli faylasuf va shoir Grigoriy Skovoroda ham bashorat qilish qobiliyatiga ega bo’lgan. U o’z qishlog’i – Ivanovkaga oxirgi marta kelganda kasal bo’lmagan. Hammaga o’zining o’limi yaqinligini e’lon qilgan, o’zi o’ziga qabr qazgan, o’z «xonaqosi»ga qaytib kelgan, ich kiyimini almashtirgan, boshiga o’z asarlarini qo’ygan va vafot etgan.
Boshqa ko’plab g’ayrioddiy faktlarni keltirish mumkin. Ularning barchasi intuitiv bashoratni e’tibordan soqit yetish yaramasligidan dalolat beradi.
XX aso oxiri XXI asr boshlarida dunyo tan olgan va e’tirof etgan bashoratchilar Vanga xonim, Juna Davitashvili, er-xotin Pavel va Tamara Globalar bo’lib, ular 1989 yildayoq 1991 yilda SSSR parchalanishini, o’sha davrda hukumatni boshqarayotgan V. Gorbachevning taxtdan ag’darilishini va Mustaqil hamdo’stlik mamlakatlari tashkil etilib, jamiyat hayotida Yangi davr boshlanishini bashorat qilganlar.
Ilmiy bashorat fan doirasida yoki uning yordamida amalga oshiriladi va o’rganilayotgan jarayonning qonuniyatlarini bilishga asoslanadi. U kelajakni ancha samarali bashorat qilish va oldindan ko’ra bilish imkonini beradi. Ilmiy bashoratning ayrim elementlari qadimgi dunyodayoq mavjud bo’lgan. Masalan, faylasuf Fales (miloddan avvalgi 640-562 yillar) miloddan avvalgi 585 yilda quyosh tutilishini bashorat qilgani ma’lum. Ammo bashorat haqidagi dastlabki bilimlar XV-XVII asrlardagina tabiiy va ijtimoiy fanlarning rivojlanishi bilan bir vaqtda ilmiy tizimga solina boshlagan. Bu jarayon XX asrning 60-yillarida ancha yaxlit ilmiy nazariyalarning yaratilishi bilan yakunlangan.