Toshkent Davlat Sharqshunoslik
Universiteti
Turkshunoslik fakulteti
XMI-turk 1-kurs
Iqtisodiyot nazariyasi fanidan
REFERAT
Mavzu:Ishchi kuchi,uning bandligi va ishsizlik
Bajardi:Rustamova Bonu
Qabul qildi:Mirxaitova Shaxnoza
Ishchi kuchi,uning bandligi va ishsizlik
Reja:
1.Ishchi kuchi – jamiyatning shaxsiy omili
2.Ish bilan to’la bandlik
3.Ishsizlik darajasi va turlari
Jamiyatning yalpi milliy mahsuloti hisobiga ishlab chiqarishning moddiy ashyoviy omillarigina emas, balki shaxsiy omili – ishchi kuchi, jamiyatning asosiy ishlab chiqaruvchi kuchi ham takror hosil etiladi va sifat jihatdan ancha yuqori darajada takror yuzaga chiqariladi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish insonning jismoniy kuchlari va aqliy qobiliyatlarini uzluksiz qayta tiklab va ta’minlab turish, ularning mehnat malakasini muttasil yangilab va oshirib borish, umumiy bilim va kasbiy darajasi o’sishini ta’minlash demakdir. Ishchi kuchini takror yaratish xodimlarni ishlab chiqarishga jalb etishni, tarmoqlar, korxonalar, regionalar o’rtasida mehnat resurslarini taqsimlash va qayta taqsimlashni, ularning xodimlarga bo’lgan ehtiyojlari qondirilishini va ayni paytda aholining ish bilan to’la va samarali band bo’lishini ta’minlaydigan ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmini yaratishni ham o’z ichiga oladi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish nisbatan mustaqil iqtisodiy va ijtimoiy muammo bo’lib, bu muammo aholining tabiiy harakatlari shaklida namoyon bo’ladi. Shu sababli ishchi kuchini takror hosil qilishning asosi aholining tabiiy ko’payishidir.
Ishchi kuchi resurslarining soni va sifati mamlakat aholisining soni hamda jinsi va yoshi jihatidagi tarkibi bilan belgilanadi. Bular esa o’z navbatida aholining tabiiy harakatlanishiga bog’liq bo’ladi.
Respublikada mehnat resurslarining o’rtacha yillik soni 2002 yilda 12,6 mln. kishini tashkil qilgan, bu mamlakat aholisining 51,1 foiziga tengdir.
Iqtisodiyotda band bo’lgan aholining o’rtacha yillik soni 9,0 mln. kishiga yaqin bo’lib, mehnat resurslari tarkibida 71,3 foizni tashkil qiladi.
Aholining tabiiy harakatlanishi, uni takror ishlab chiqarish xarakteri ko’pgina holatlar bilan mamlakatning industrial taraqqiyoti va urbanizatsiya darajasi, ijtimoiy shart-sharoitlar, madaniyat va maishiy turmush an’analari, aniq tarixiy omillar bilan belgilanadi.
Ishchi kuchini takror hosil qilish, ularning to’la va samarali ish bilan band bo’lish muammosini ham o’z ichiga oladi. Ish bilan to’la band bo’lishni mutloq ma’noda tushunmaslik kerak. Birinchidan, ishsizlikning ma’lum darajasi iqtisodiyot uchun me’yordagi hol hisoblanadi. Boshqa tomondan ish bilan to’la band bo’lish mehnatga layoqatli barcha kishilar, albatta umumlashgan (davlat va jamoa korxonalarida) ishlab chiqarishga jalb etilishi zarurligini anglatmaydi.
Ularning bir qismi o’zini oilada xizmat ko’rsatishga, bolalar tarbiyasiga shuningdek, xususiy korxonalar va shaxsiy yordamchi xo’jalikda mehnat qilishga, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug’ullanishga bag’ishlashi mumkin. Uchinchidan, ish bilan to’la band bo’lish uning samaradorligi bilan, mehnat resurslaridan g’oyat oqilona foydalanish bilan qo’shib olib borilishi kerak.
Ish bilan samarali band bo’lish mehnat resurslaridan foydalanishning intensiv turiga tayanmog’i kerak. Bu vazifani hal qilish ish joylari miqdor va sifat jihatdan mavjud mehnat resurslari bilan muvozanatlashgan bo’lishini ta’minlashni, ishlab chiqarish hajmini o’stirib borishning ta’sirchan choralarini yaratishni, ish bilan band bo’lish sharoitlari va shakllarini xilma-xil qilishni talab etadi.
Fan-texnika taraqqiyotining jadallashuvi va ishlab chiqarishning intensivlashuvi ishlab turgan korxonalardan ishchi kuchini bo’shatib olish va uni qayta taqsimlash mexanizmiga, aholini ishga joylashtirish, qayta o’qitish va kasb tanlashi tizimiga ta’sir ko’rsatadi. Mulkchilikning turli shakllari rivojlangan bozor iqtisodiyoti ishchi kuchi resurslarida yanada samaraliroq foydalanishga sharoit yaratadi, ularni kam samarali sohalardan bo’shatib kadrlarga ehtiyoji bo’lgan yuqori samarali tarmoqlar va korxonalarga qayta taqsimlaydi
Mehnatga layoqatli bo’lib, ishlashni xohlagan, lekin ish bilan ta’minlanmaganlar ishsizlar deyiladi. Namoyon bo’lish xarakteri va vujudga kelish sabablariga ko’ra ishsizlik friktsion, tarkibiy, tsiklik, ixtiyoriy, instituttsional, texnologik, regional, yashirin va turg’un turlarga bo’linadi.
Friktsion ishsizlarga ish joyini o’zgartirgan, yangi yashash joyiga ko’chib o’tish va ishdan bo’shashi munosabati bilan ish izlayotgan, vaqtinchalik mavsumiy ishini yo’qotgan kishilar kiradi.
Friktsion ishsizlik tarkibiy ishsizlik deb nomlanuvchi ikkinchi kategoriyaga osonlik bilan o’tadi. Vaqt o’tishi bilan iste’molchilik talabi va texnologiya tarkibida muhim o’zgarishlar ro’y beradi, bu o’z navbatida ishchi kuchiga bo’lgan umumiy talab tarkibini o’zgartiradi. Bunday o’zgarish natijasida kasblarning ayrim turlariga talab kamayadi yoki umuman talab bo’lmaydi. Oldin mavjud bo’lmagan boshqa yangi kasblarga talab ortadi. Ishchilar bunga tez moslasha olmasligi va uning tarkibi ish joylarining yangi tarkibiga to’liq javob bermasligi sababli tarkibiy ishsizlik kelib chiqadi.
Shunday qilib, tarkibiy ishsizlikni iste’molchilik talabi va texnologiyadagi o’zgarishlar tufayli iqtisodiyot tarmoqlarida ruy beradigan tarkibiy siljishlar keltirib chiqaradi. Friktsion va tarkibiy ishsizlik ishsizlikning tabiiy darajasini tashkil qiladi. Tsiklik ishsizlik – iqtisodiy tsiklning inqiroz fazasi bilan bog’liq bo’lib, ishsizlikning haqiqiy darajasi tabiiy darajadan farqlanishini ko’rsatadi. Ishsizlikning bu turi majburiy ishsizlik hisoblanadi va tsiklning yuksalish fazasida mavjud bo’lmaydi.
Ixtiyoriy ishsizlik tabiiy ishsizlik turi bo’lib, bunda mehnatga layoqatli kishilarning mehnat faoliyatidan o’z xohishi bo’yicha chetlashgan, ya’ni ishlashni xohlamaydigan qismi tushuniladi.
Institutsional (muassasaviy) ishsizlik ham tabiiy ishsizlikning navbatdagi turi hisoblanadi. Ishsizlik bu turini mehnat bozori infratuzilmasi amal qilishi hamda shu bozorda talab va taklifni o’zgartiruvchi omillar keltirib chiqaradi.
Texnologik va hududiy ishsizlik majburiy ishsizlik turlari hisoblanadi.
Texnologik ishsizlik ishlab chiqarishning amal qilishida texnologik usullar bir- birining o’rniga kirib kelishi bilan birga boradi. Ularning ichida asosiylari mexanizatsiya, avtomatlashtirish, robotlashtirish va informatsion texnologiyani qo’llash hisoblanadi.
Hududiy ishsizlik tarixiy, demografik, madaniy, milliy va ijtimoiy – psixologik xarakterdagi bir qator kompleks omillagar bilan bog’liq.
Yashirin ishsizlik uchun ish kuni yoki ish haftasi davomida to’liq band bo’lmaslik xarakterli. U o’z ichiga ishchi kuchining ishlarining to’liq hajmini bajarmaydigan bir qismini oladi.
Turg’un ishsizlik mehnatga layoqatli aholining ish joyini yo’qotgan, ishsizlik bo’yicha nafaqa olish huquqidan mahrum bo’lgan va faol mehnat faoliyatiga hech qanday qiziqishi bo’lmagan qismini qamrab oladi.
Dostları ilə paylaş: |