Glomerulonefritning surunkali turida buyrak koptokchalari asta-sekin shikastlanishi tufayli buyrak faoliyati susayadi, arterial qon bosimi oshadi va buyrak faoliyati buzilishi natijasida buyrak yetishmovchiligi rivojlanib boradi. Kasallikning bu turi kechishiga ko‘ra bir necha ko‘rinishda ifodalanadi.
Yashirin kechuvchi (latent) glomerulonefritga bemorlarning taxminan 44 foizi duchor bo‘ladilar. Bu turdagi glomerulonefritda qon bosimi doimiy oshmaydi, shish ham deyarli sezilmaydi. Bemorlar uzoq yillar davomida ish qobiliyatini yo‘qotmaydilar, hatto xastalikni sezmay yashaydilar. Faqatgina ayrim xastaliklar bo‘yicha shifokorga murojaat qilinganda yoki tibbiy tekshiruvdan o‘tganda yashirin glomerulonefrit borligi aniqlanadi.
Nefrotik ko‘rinishdagi glomerulonefrit bilan og‘rigan bemorlarning peshobi orqali ko‘p miqdorda (bir kecha-kunduzda 3,5g.dan ortiq) oqsil ajraladi. Xolesterin moddasi ko‘payadi. Qonda esa oqsil moddasi kamayadi. Oqsil kamayishi natijasida bemorlarning badanida shishlar paydo bo‘ladi. Avvaliga oyoklardan boshlangan shish asta-sekin butun badanga tarqaladi. Hatto ichki a’zolar, masalan yurak, o‘pka va qorin bo‘shliqlarga yoyiladi. Teri shilliq pardalari quriydi, natijada teri bujmayib qoladi.
Kasallikning nefrotik ko‘rinishi buyrak yallig‘lanishi belgilari (peshobda qon-eritrotsitlar bo‘lishi, buyrak faoliyatining buzilishi) bilan kechadi. Xastalikning boshlang‘ich davrida arterial qon bosimi meyorda turadi. Kasallik rivojlana borgani sari qon bosimi ko‘tariladi.
Gipertonik kechuvchi glomerulonefritda qon bosimini yukori darajada ko‘tarilib, ayrim simptomlar (masalan bemorlarda yurakning ishemik kasalligi, stenokardiyaning rivojlanashi, ko‘z tubidagi tomirlar o‘zgarishlari) kuzatiladi. Ko‘z tubiga qon quyilishi xavfi va hatto ko‘z to‘r pardasida davolab bo‘lmaydigan jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelishi mumkin.
Aralash ko‘rinishdagi glomerulonefritda shishlar, kon bosimi ko‘tarilishi va peshobdagi o‘zgarishlar (proteinuriya, gematuriya, silinduriya) ro‘y beradi. Vaqt o‘tavergach, (davo vaqtida amalga oshirilmasa) buyrak faoliyatida yetishmovchilik rivojlanib boradi.