YANGI TUG‘ILGAN CHAQALOQDA uzunchoq miya yuqori va gorizontal joylashgan. Piramida yaxshi taraqqiy etmagani uchun olivalar bir-biriga yaqin turadi. Nozik va ponasimon dastalar bir-biridan aniq ajramagan. Bola hayotining birinchi yilida olivalar asta-sekin bo‘rtiq shaklini oladi va yoshga qarab kattalashib boradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqda uning uzunligi 8-9 mm, kengligi 4-5 mm, bir yoshda esa uzunligi 12-13 mm bo‘ladi. Erta bolalik davri so‘ngida miya o‘tkazuv yo‘llari taraqqiyoti natijasida piramidalar kattalashib olivalar bir-biridan uzoqlashadi. Nozik va ponasimon dastalar bir-biridan ajralib, nozik va ponasimon bo‘rtiqchalar paydo bo‘ladi. Uzunchoq miya o‘zaklari taraqqiyoti 7 yoshda tugaydi.
ORQA MIYA Orqa miya (medulla spinalis) tashqi tomondan oldindan orqaga qarab biroz yassilangan silindr shaklidagi tizimcha ko‘rinishiga ega. Uning ko‘ndalang o‘lchami kengroq. Orqa miya umurtqa kanali ichida joylashib (120-rasm), katta teshikni pastki chekkasida bosh miyaga o‘tib ketadi. Bu sohada orqa miyadan o‘ng va chap birinchi orqa miya nervlarining ildizi chiqadi. Orqa miyaning pastki qismi torayib, miya konusini (conus medullaris) hosil qilib I-II bel umurtqalari sohasida tugaydi. Undan pastga tomon ingichka oxirgi ipga (filum terminale) davom etadi. Oxirgi ipning 15 sm cha keladigan II dumg‘aza umurtqasi sohasigacha joylashgan yuqori qismi tarkibida nerv to‘qimasi bo‘lib, uni ichki qism deyiladi. Uning atrofida bel va dumg‘aza nervlarining ildizlari joylashgan bo‘lib, orqa miya qattiq pardasidan hosil bo‘lgan yopiq qopcha bilan o‘ralgan. II dumg‘aza umurtqasidan pastda oxirgi ipni 8 sm keladigan tashqi qismi joylashadi. U orqa miyani o‘ragan uch qavat pardaning davomi bo‘lgan biriktiruvchi to‘qimadan iborat bo‘lib, II dum umurtqasi suyak pardasiga birikib ketadi.
. Orqa miyaning oldingi yuzasi.
1-medulla oblongata; 2-intumescentia cervicalis; 3-fissura mediana ventralis; 4-sul. ventrolateralis ; 5-intumescentia lumbosacralis;
6-conus medullaris.
Orqa miyaning uzunligi katta yoshdagi odamlarda o‘rta hisobda 43 sm (erkaklarda 45, ayollarda 41-42 sm), og‘irligi 34-38 g yoki bosh miya og‘irligining 2% teng. Uning kengligi bor bo‘yiga bir xil bo‘lmay, bo‘yin va bel-dumg‘aza qismlarida kengaygan. Bo‘yin kengaymasi (intumecentia cervicalis) CV-CVIII va ThI segmentlari sohasida joylashgan. Bel-dumg‘aza kengaymalari (intumecentia lumbosacralis) LI -V va SI-IV segmentlari sohasida loylashgan. Bu sohalar qo‘l va oyoqni innervatsiya qilishda ishtirok etgani uchun nerv hujayralari va tolalari soni ko‘p bo‘ladi.