O‘zlik nisbati. O‘zlik nisbati asosan [-(i)n], ba’zan [-(i)l] ko‘rsatkichi yordamida o‘timli fe’ldan hosil bo‘ladi. [-(i)sh] affiksi o‘zlik nisbati hosil qilishda kammahsuldir: (kerishdi), (joylashdi), (qorishdi) kabi so‘zshakllardagina buni kuzatish mumkin.
Orttirma nisbat. Orttirma nisbat shakli quyidagilar:
[-dir (-tir)]: (chizdir), (yondir), (urintir);
[-gaz (-giz,- g‘az, -g‘iz, -kaz, -kiz, -qaz, -qiz)]: (ko‘rgaz), (kirgiz), (turg‘iz), (yutqiz), (o‘tqaz), (ketkiz), (yurg‘az);
[-(i)t]: (o‘qit), (ishlat), (tugat), (boshlat), (yurit), (kirit);
[-iz]: (oqiz), (tomiz), (emiz);
[-ir]: (bitir), (uchir), (pishir), (qochir), (ochir), (shoshir), (oshir), (botir), (qotir);
[-ar]: (chiqar), (qaytar);
[-sat]: (ko‘rsat).
Majhul nisbat. Majhul nisbat [-i)l] va [-i)n] shakllari yordamida hosil qilinadi: (yuvildi), (tozalandi), (aytildi), (gapirildi), (olindi) kabi.
Birgalik nisbati. Birgalik nisbat [-(i)sh] affiksi yordamida hosil qilinib, uning UGMsi «harakatni bajarishda bajaruvchining birgalashuvi»dir. Birgalik nisbati asos fe’l boshqaruviga oddiy vositali to‘ldiruvchini ko‘makchili vositali to‘ldiruvchiga aylantirish darajasida o‘zgarish berishi mumkin.
Harakat tarzi kategoriyasi
Harakat tarzi kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot. Formal o‘zbek tilshunosligida harakat tarzi shakllari morfologik kategoriya sifatida qaralmas va bu hodisaga nisbatan ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmasi, ko‘makchi fe’l atamalari qo‘llanar edi. Xo‘sh, harakat tarzi shakllari, harakat tarzi kategoriyasi atamalarining qabul qilinishiga sabab nima?
Birinchidan, harakatning tarzi faqat ko‘makchi fe’l bilangina emas, [ravishdosh shakli+ko‘makchi fe’l] morfologik qolipi hosilasi asosida yuzaga chiqadi. Ko‘makchi fe’l ushbu shaklning bir qismi, xolos. Shu boisdan ilmiy tadqiqot, darslik va grammatikalarda ko‘makchi fe’l ma’nosi haqida so‘z ketganda, uning ravishdosh shakli yordamida yuzaga chiqishi ta’kidlanadi.
Ikkinchidan, ko‘makchi fe’lli so‘z qo‘shilmasi atamasidagi qo‘shilma unsuri so‘z birikmasidan teng munosabatlilik belgisi asosida farqlanuvchi so‘z qo‘shilmasi (olma va anor, kitob va daftar, gulu lola) sintaktik hodisasi bilan nisbiy omonimlik kasb etadi. Holbuki, harakat tarzi sintaktik emas, balki morfologik hodisa.
Uchinchidan, harakat tarzi shakllari morfologik kategoriyaga berilgan ta’rifga «sig‘adi».
Tilda ikki tur qolip ajratiladi:
- derivatsion qolip;
- sintaktaktik qolip.
O‘zgalovchi kategoriyasi
O‘zgalovchi kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot. Fe’lga xos shunday grammatik shakllar borki, ular fe’lni kesimlikdan boshqa turkumga ([-(a)y], [-(i)b], [-gach], [-guncha], [-gancha], [-ganda], [-gani], [-may/masdan] shakllari ravishga, [-gan], [-ayotgan], [-adigan/ydigan] sifatga, [-moq], [-ish], [-uv] otga) xos vazifalarga moslaydi. Shunga ko‘ra, ular uch guruh – ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi shakllariga ajratiladi. Bu shakllar fe’lga nutqda o‘zga turkum xossalarini «yopishtirganligi» uchun bir butun holda o‘zgalovchi kategoriyasi atamasi bilan nomlanadi.
Ma’lumki, o‘zgalovchi, garchi bunga o‘zbek tili qurilishida yetarli asos va ehtiyoj bo‘lishiga qaramay, alohida kategoriya sifatida ajratilmagan. Biroq ularning tarkibiy qismlari, ichki shakllari bo‘lgan ravishdosh, sifatdosh, harakat nomi ayrim manbalarda kategoriya sifatida qaraladi. Shuning uchun turkiyshunoslikda «harakat nomi kategoriyasi», «sifatdosh kategoriyasi», «ravishdosh kategoriyasi» kabi atamani uchratish mumkin. Haqiqatan ham, o‘zgalovchining turlari bo‘lgan bu «kategoriya»lar ma’lum bir umumiy ma’no (ravishdoshda «fe’lni fe’lga bog‘lash va unga ravishlik xususiyatini berish», sifatdoshda «fe’lni otga bog‘lash va unga sifatlik xususiyatini berish», harakat nomida «fe’lga otlik sintaktik va semantik xususiyatlarini berish») va ularning parchalanishini ko‘ramiz. Chunki an’anada grammatik kategoriya «ikki yoki undan ortiq, o‘zaro zidlanuvchi, bir-birini taqozo va, o‘z o‘rnida, inkor qiluvchi, bir grammatik ma’no tagida birlashadigan grammatik shakllar tizimi» sifatida ta’riflab kelindi.
Bu ta’rifga muvofiq, boshqa kategoriyalar shakllari kabi harakat nomining kamida uchta ([-moq], [-ish], [-uv]), sifatdoshning ba’zan uch, ba’zan besh ([-gan], [-ayotgan], [-adigan], [-uvchi], [-ar)], ravishdoshning oltita ([-ib], [-a/y], [-gach], [-guncha], [-gani], [-gach]) shakli ajratiladi.
Ko‘rinadiki, ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi o‘zaro o‘zgalovchi kategoriyasining «fe’lni boshqa so‘zlarga bog‘lash va fe’lga otga xos vazifalarini berish» UGMsini «fe’lni fe’lga bog‘lash» (ravishdosh), «fe’lni otga bog‘lash» (sifatdosh) va «fe’lga ot vazifasini berish» (harakat nomi) tarzida xususiylashtiradi. Ularning ichki shakllari esa boshqa kategoriyalar ma’nolari asosida farqlanadi va bu tizim (paradigma)lar kategorial ahamiyatga ega emas.
Demak, o‘zbek tilida ravishdosh, sifatdosh va harakat nomi kategoriyalari emas, balki turli ko‘rinishlarga ega bo‘lgan uch shakldan iborat bitta o‘zgalovchi kategoriyasigina mavjud.
Fe’lning harakat tabiatini ko‘rsatuvchi shakllari
Fe’lning harakat tabiatini ko‘rsatuvchi shakllari tilshunoslikda nokategorial shakl deb yuritiladi. Aytilganidek, biror butunlikka kirmaydigan lisoniy birlik bo‘lishi mumkin emas. Buni shu kungacha [-la], [-kila/gila/g‘ila/qila), [-(i)nqira], [-(i)msira] shakllari sirasida ko‘makchi fe’l atamasi ostida nokategorial shakl sifatida o‘rganib kelingan grammatik ko‘rsatkich sistemasining kategorial tabiati ochilib, nokategorial shakl tizimidan chiqarilganligining o‘zi ham isbotlaydi. Demak, har qanday shakl biror grammatik kategoriya tarkibida yashaydi.
Fe’lning harakat tabiatini ko‘rsatuvchi shakllari bo‘lgan [-la], [-kila] /gila/g‘ila/qila)], [-(i)nqira], [-(i)msira] ko‘rsatkichiga xos kategorial xususiyatlar tilshunosligimizda hali yetarli darajada o‘rganilmaganligi, ochilmaganligi sababli alohida kategoriya sifatida qaramaymiz. Ularning kategorial xususiyatini ochish yoki biror kategoriyaga munosabatini oydinlashtirish tilshunosligimiz oldida turgan vazifalardan.
Dostları ilə paylaş: |