3.Insonning hayotiy siklidan kelib chiqib, shaxsiy moliyaviy maqsadlarning uch asosiy guruhini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin. Birinchi guruh maqsadlar ovqatlanish, kommunal xizmatlar, transport va shu kabi joriy xarajatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq. Faqat ana shu maqsadlarga erishish bilan cheklangan inson, ertangi kun to‘g‘risida qayg‘urmasdan, faqat bugungi kun bilan yashayotgan bo‘ladi.Ikkinchi guruh maqsadlar eng muhim risklardan himoya qilish bilan bog‘liq bo‘lib, ular bizning shaxsiy moliyaviy farovonligimizga tahdid (xavf) soluvchi risklardir. Bunda biz daromadlarimizning to‘satdan pasayib ketishiga yoki xarajatlarimizning majburiy tarzda oshib ketishiga tayyor turishga harakat qilamiz. Pul zahirasi, sug‘urta mahsulotlari va ayrim moliyaviy instrumentlarning (masalan, kredit kartasi) mavjudligi bunda bizga yordam berishi mumkin. Va nihoyat, uchinchi guruh maqsadlar jamg‘arilmalarni shakllantirish (vujudga keltirish, yaratish, tarkib toptirish) bilan bog‘liq. Ular hisobidan yirik sotib olinmalarni (masalan, avtomashina, uy-joy) sodir etish yoki davr davomida (davriy nuqtai-nazardan) cho‘zilib ketgan muhim xarajatlarni (masalan, ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarni o‘qitish, o‘z pensiyamizga) amalga oshirishimiz mumkin. Buning uchun jamg‘arilmalar qilish va ularni turli instrumentlarga – ko‘chmas mulk, o‘z biznesi, qimmatli qog‘ozlar va h.k.larga – investitsiyalashtirish kerak. O‘z oldimizga qanday aniq maqsadlarni qo‘yishimiz kerak? O‘ylamang, bu savolning tayyor javobini bizga beradigan “mard” – bu olamda yo‘q. Uning javobini o‘zimiz, har birimiz topishimiz lozim. Kimdir uchun eng so‘nggi modelli mobilь telefonni sotib olish muhim. Boshqa birov o‘z oldiga millioner bo‘lishni maqsad qilib qo‘yadi. Yana kimningdir maqsadi o‘z oilasini barqaror daromad manbai bilan ta'minlashdan iborat bo‘ladi. Shaxsiy moliya hayotiy siklini to‘g‘ri tushunish biz uchun haqiqatdan ham nimaning eng muhim ekanligini aniqlashga yordam beradi. Faqat bugun uchun emas, balki istiqbolda ham. Va o‘z yaqinlarimiz ehtiyojlarini hisobga olganda ham.