3. Soliq solinadigan aylanmani aniqlash va soliq solinadigan aylanmaning o‘zgartirilishi
Sotish bo‘yicha soliq solinadigan aylanma miqdori sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymati asosida qo‘llaniladigan narxlar va tariflardan kelib chiqib, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shmasdan aniqlanadi.
Aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha soliq solinadigan aylanmani aniqlashda aksizlar summasi ham unga kiritiladi.
Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning bepul berilishida, asosiy vositalar, nomoddiy aktivlar va tugallanmagan qurilish ob'ektlari (tugallanmagan qurilishni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olinadigan) bundan mustasno, soliq solinadigan aylanma miqdori korxonada berish paytida vujudga kelgan narx (tarif) darajasidan kelib chiqib, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shmasdan, biroq bunday tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning ishlab chiqarilishi (xarid qilinishi) bo‘yicha amalda vujudga kelgan xarajatlardan kamaytirmasdan aniqlanadi.
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar bepul berilishida soliq solinadigan aylanma miqdori berilishda shakllangan narx va qoldiq qiymat o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi.
Tugallanmagan qurilish ob'ektlarining (tugallanmagan qurilishni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olinadigan) bepul berilishida soliq solinadigan aylanma miqdori berilishda shakllangan narx va tugallanmagan qurilishning haqiqiy tannarxi o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) bepul berilishida ularni beruvchi korxona soliq to‘lovchi hisoblanadi.
Mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)ning amaldagi tannarxidan (yoki olingan narxi va tovar xarid qilinishiga bog‘liq xarajatlardan) past narxlarda sotilishini amalga oshiradigan korxonalar uchun soliq solish maqsadida korxonada sotish paytida qaror topgan, biroq:
tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarishda - tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning amaldagi ishlab chiqarish tannarxidan;
savdo, ta'minot-tayyorlash faoliyatini amalga oshirganda - olingan narxi va tovar xarid qilinishiga bog‘liq xarajatlardan past bo‘lmagan narx qabul qilinadi.
Ish haqini qonunlarda belgilangan tartibda tovarlar (shu jumladan, o‘zi ishlab chiqargan) bilan natura shaklida to‘laydigan yoki ularni o‘z xodimlariga kassa orqali tannarxidan past narxlar bo‘yicha sotadigan korxonalar uchun soliq solinadigan aylanma soliq qonunchiligiga asosan yuqorida keltirilgan tartibda belgilanadi. Korxona ichida o‘zi ishlab chiqargan, korxonaning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar)dan foydalanilishda ularning ishlab chiqarishdagi tannarxi soliq solinadigan aylanmani belgilash uchun asos qilib qabul qilinadi.
Berilgan xom-ashyo va materiallardan tovarlar tayyorlanganida ularni ishlash qiymati (shu jumladan, xarajatlar va foyda), aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha esa - aksizlar hisobga olingan holdagi ishlash qiymati soliq solinadigan aylanma hisoblanadi.
Qaytariladigan idishlar, shu jumladan, garov qiymatiga ega shisha idishlar qiymati soliq solinadigan aylanmaga kiritilmaydi, bunday idishlarni ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan sotilishi bundan mustasno.
Uzoq davom etadigan ishlab chiqarish davriga ega korxonalar (qurilish, qurilish-montaj va ta'mirlash-qurilish, ishga tushirish-sozlash, loyiha-qidiruv va ilmiy tashkilotlar) uchun bajarilgan va buyurtmachilar tasdiqlagan, shartnomaviy narxlardan kelib chiqib, haq to‘lash uchun hisob-kitob hujjatlari taqdim etilgan ishlar (xizmatlar) qiymati soliq solish ob'ekti hisoblanadi.
Qurilish ishlarini pudratchi yoki yordamchi pudratchi tashkilotlar bajarganida unga qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab yozish bilan sotilgan pudratchi (yordamchi pudratchi) materiallarining va buyurtmachi materiallarining qiymati kiritilgan holda bajarilgan hamda tasdiqlangan ishlarning qiymati soliq solish ob'ekti hisoblanadi. Bunda moddiy resurslar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining summasi soliq qonunchiligida belgilangan tartibda hisobga olinadi.
Pudratchi tashkilotlar yordamchi pudratchi tashkilotlarga moddiy-texnika resurslarini (qurilish-montaj ishlarini bajarish uchun zarur materiallar, konstruksiyalar, buyumlar, namunaviy asbob-uskunalar, apparaturalar, standartlashtirilmagan texnologik va energetik asbob-uskunalar, shu jumladan maxsus materiallarni) bir ob'ekt qurilishi doirasida sotganida, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini kiritmasdan, qo‘llanadigan narx va tariflardan kelib chiqqan holda sotiladigan moddiy-texnika resurslarining qiymati soliq solinadigan aylanma hisoblanadi.
Markazlashtirilgan manbalar (byudjet pul mablag‘lari, davlat byudjeti tarkibida konsolidatsiyalanadigan davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari (byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan tashqari), hukumat qarorlari bilan belgilanadigan boshqa manbalar) hisobidan moliyalanadigan ob'ektlarni qurish chog‘ida tugallanmagan ishlab chiqarish bo‘yicha xarajatlar ob'ekt foydalanishga topshirilishiga qadar pudratchining balansida qayd etiladi va pudratchida qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan aylanmaga kiritilmaydi.
Tugallanmagan qurilish bo‘yicha xarajatlar pudratchida ob'ektni loyihada nazarda tutilgan ishlarning barcha hajmini bajarish, shu jumladan maxsus va ishga tushirish-sozlash ishlari, ob'ektni texnologik va muhandislik uskunalari bilan butlash bo‘yicha foydalanishga topshirish dalolatnomasiga ko‘ra qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq solinadigan aylanmaga kiritilishi kerak. Bunda, pudratchida tugallanmagan qurilish xarajatlari bo‘yicha hisobga kiritiladigan qo‘shilgan qiymat solig‘ining summasi bo‘lib, ushbu xarajatlar soliq solinadigan aylanmaga kiritilishi chog‘ida, olingan hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha soliq summasi hisoblanadi.
O‘z ehtiyojlari uchun o‘zining kuchi bilan bajarilgan qurilish-montaj ishlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i solinmaydi. Moddiy resurslar, yoqilg‘i, ishlarga doir qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi ob'ektning qurilishiga hisobdan chiqariladi.
Tovar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi (qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanuvchi), narxlar o‘rtasidagi farq, ustamalar va qo‘shimcha haqlar shaklida daromad oluvchi tayyorlash, ta'minot-sotish va boshqa korxonalar uchun soliq solinuvchi aylanma miqdori xaridorlarga sotiladigan tovarlar qiymati asosida, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shmagan holda qo‘llanadigan narxlardan kelib chiqib aniqlanadi.
Komissiya shartnomalari bo‘yicha vositachilik faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar uchun soliq solinadigan aylanma miqdori vositachilik haqi summasidan kelib chiqib belgilanadi.
"O‘zdonmahsulot" DAK tizimi tarkibiga kiradigan, birlamchi ishlovdan keyingi don, qo‘shimcha mahsulot va chiqindilarni sanoatda donni qayta ishlashga sotishni amalga oshiradigan korxonalar uchun soliq solinadigan aylanma miqdori ustama narx summalaridan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda shu jumladan spirt ishlab chiqarish uchun chet tashkilotlarga don sotish aylanmalariga qo‘shilgan qiymat solig‘i umumbelgilangan tartibda solinadi.
Banklar uchun, O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligida nazarda tutilgan imtiyozlar beriladiganlaridan tashqari, xizmatlar qiymati soliq solinadigan aylanma hisoblanadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining hisobga olinishi nazarda tutilmagan asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarning sotilishi chog‘ida soliq solinadigan aylanma miqdori sotish bahosi bilan qoldiq qiymat o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi. Tugallanmagan qurilish ob'ektlarining (tugallanmagan qurilishni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olinadigan) sotilishi chog‘ida soliq solinadigan aylanma miqdori sotish bahosi bilan ularning haqiqiy tannarxi o‘rtasidagi farq ko‘rinishida aniqlanadi.
Masalan,
1) agar asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati hisobotda QQS hisobga olinib aks ettirilishicha 120,0 ming so‘mni, eskirish - 50,0 ming so‘mni, qoldiq qiymati 70,0 ming so‘mni (120,0 - 50,0) va sotish narxi - 200,0 ming so‘mni tashkil etsa, soliq solinadigan aylanma miqdori (200,0 - 70,0) = 130,0 ming so‘mni tashkil etadi. QQS summasi esa (130 x 20 : 120) = 21,66 ming so‘mni tashkil etadi, u byudjetga to‘lanishi lozim;
2) agar asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati hisobotda QQS hisobga olinib aks ettirilishicha 120,0 ming so‘mni, eskirish - 50,0 ming so‘mni, qoldiq qiymati 70,0 ming so‘mni (120,0 - 50,0) va sotish narxi - 70,0 ming so‘mni tashkil etsa, soliq solinadigan aylanma miqdori (70,0 - 70,0) = 00,0 ming so‘mni tashkil etadi. QQS summasi ham (00,0 x 20 : 120) = 00,0 ming so‘mni tashkil etadi, ya'ni soliq solinadigan aylanma yo‘q;
3) agar asosiy vositalarning boshlang‘ich qiymati hisobotda QQS hisobga olinib aks ettirilishicha 120,0 ming so‘mni, eskirish - 50,0 ming so‘mni, qoldiq qiymati 70,0 ming so‘mni (120,0 - 50,0) va sotish narxi - 50,0 ming so‘mni tashkil etsa, unda bu misolda ham soliq solinadigan aylanma yo‘q, chunki sotish narxi qoldiq qiymatidan kam.
Quyidagilar soliq solinadigan aylanma miqdoriga kiritilmaydi:
a) korxonaning bir tarkibiy birliklari tomonidan ushbu korxona boshqa tarkibiy birliklarining sanoat-ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun sotilgan mahsulotlar, yarim tayyor mahsulotlar, bajarilgan ishlar va xizmatlarga doir aylanmalar (ichki ishlab chiqarish aylanmasi). Ushbu bandda korxonaning tarkibiy birliklari deganda bank muassasasida hisob-kitob varag‘iga ega bo‘lmagan, shuningdek asosiy korxona balansida turadigan tarkibiy birliklar tushuniladi.
b) xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlari, boshqa turdagi korxonalar tugatilganida ular mol-mulkining a'zolari, muassislari o‘rtasida taqsimlanishi bo‘yicha aylanmalar. Tugatilgan korxona mol-mulki boshqa shaxslarga sotiladigan bo‘lsa, bu qoida unga tegishli bo‘lmaydi;
v) korxonalar o‘rtasida bo‘lish balansi bo‘yicha va (yoki) ushbu korxonalarning mulkdori bo‘lgan yuqori tashkilotning buyrug‘iga ko‘ra bir tizimning ichida bepul berilgan asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish ob'ektlarining (tugallanmagan qurilishni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olinadigan) qiymati;
d) asosiy vositalar, tugallanmagan qurilish ob'ektlari (tugallanmagan qurilishni hisobga oluvchi hisobvaraqlarda hisobga olinadigan) va nomoddiy aktivlarni korxonalarning ustav kapitaliga ulush sifatida berish bo‘yicha aylanmalar.
Xaridorlar hisob-kitob va yo‘lda yurish hujjatlari haqini to‘laganlaridan so‘ng tovarlarni qaytargan, shuningdek buyurtmachilar ilgari haqi to‘langan ishlar yoki xizmatlardan voz kechgan taqdirda, da'vo qilishning bir yillik muddatiga rioya qilingani holda tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish bo‘yicha aylanmalarga shunday operatsiyalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi miqdorida o‘zgarish kiritiladi.
Agar kafolatli xizmat muddati belgilangan tovarlar ushbu muddat doirasida ularni tayyorlagan korxonaga qaytarilsa, bunday tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olinishi yoki qaytarilishi xaridorlarning hisob-kitob hujjatlariga dastlabki haq to‘lashi va soliqning byudjetga tushish muddatidan qat'i nazar amalga oshiriladi.