Qo‘shilgan qiymat colig‘i bo‘yicha hisob-kitob ro‘yxatdan o‘tilgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi:
korxonalar tomonidan (soliqqa tortishning umumbelgilangan tizimini qo‘llovchi mikrofirmalar va kichik korxonalardan tashqari) - hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmasdan har oyda, o‘sib boruvchi yakun bilan, shuningdek yil yakunlari bo‘yicha yillik moliyaviy hisobotni soliq qonunchiligiga muvofiq shaklda taqdim etish muddatida;
soliqqa tortishning umumbelgilangan tizimini qo‘llovchi mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan - birinchi chorak, yarim yillik va 9 oy yakunlari bo‘yicha har oyda, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmasdan, yil yakunlari bo‘yicha esa - yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatida.
Korxonalar soliqni qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisob-kitoblarni taqdim etish uchun belgilangan kungacha, soliq qonunchiligiga muvofiq tegishli davr (oy) uchun sotishga doir amaldagi aylanma asosida to‘laydi.
Korxona soliqlar va yig‘imlar summalarini ortiqcha to‘lagani va soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzi bo‘lmagani taqdirda bunday summalar bo‘lg‘usi to‘lovlar hisobiga o‘tkaziladi yoki to‘lovchining yozma arizasi olingan kundan boshlab o‘ttiz kun muddatda korxonaga qaytariladi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i tanlangan bojxona rejimi shartlariga muvofiq, tasdiqlangan stavkalar bo‘yicha hisoblab chiqiladi va to‘lanadi. Tovarlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilinishida qo‘shilgan qiymat solig‘i bojxona deklaratsiyasi qabul qilinishiga qadar yoki u bilan bir vaqtda to‘lanadi.
Agar bojxona deklaratsiyasi O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksida belgilangan muddatda topshirilmasa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash muddatlari bojxona deklaratsiyasini topshirish muddati tugagan kundan boshlab hisoblab chiqariladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i milliy valyuta - so‘mda to‘lanadi.
Jismoniy shaxslar soliqni naqd pul bilan bojxona organi yoki posti kassasiga belgilangan tartibda to‘lashlari mumkin. Bojxona organining qaroriga ko‘ra to‘lovchiga O‘zbekiston Respublikasining Davlat bojxona qo‘mitasi 1999 yil 16 martda 03/8-78-son bilan tasdiqlagan Bojxona to‘lovlarini to‘lashni kechiktirish va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lash bo‘yicha yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 697, 8 aprel 1999 yil) muvofiq qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi taqdim etilishi mumkin.
Bajarilgan ishlar, xizmatlar dalili tasdiqlangan kundagi Markaziy bank kursi bo‘yicha qayta hisoblangan ishlar, xizmatlar qiymatidan kelib chiqqan holda amalda ishlar bajarilganini, xizmatlar ko‘rsatilganini tasdiqlaydigan hujjatlar asosida import qilinadigan ishlar va xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i milliy valyuta (so‘m)da hisoblab chiqariladi.
Montaj qilish, ishga tushirish, sozlash, maslahatlar, o‘qitish va boshqa ishlar, xizmatlarga doir import qilinadigan ishlar va xizmatlarga, olib kelinadigan uskunalarga doir xizmatlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i tuzilgan shartnomalar (kontraktlar)ga muvofiq belgilangan mazkur ishlar, xizmatlarning qiymati asosida hisoblab chiqariladi.
Import qilinadigan ishlar, xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovi ana shu ishlar, xizmatlarni import qiluvchi shaxs yozib bergan hamda unda "import qilinadigan ishlar, xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi to‘lovi" degan yozuv bitilgan to‘lov topshiriqnomasi asosida amalga oshiriladi. Import qilinadigan ishlar, xizmatlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i amalda ishlar, xizmatlar bajarilgan kundan boshlab 5 kun ichida byudjetga to‘lanadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i faqatgina milliy valyuta - so‘mda to‘lanadi. Import qilinadigan ishlar, xizmatlarga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisob-kitob ro‘yxatdan o‘tilgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi:
korxonalar tomonidan (mikrofirmalar va kichik korxonalardan tashqari) - ishlar, xizmatlar importi amalga oshirilgan hisobot oyidan keyingi oyning 15-kunidan kechiktirmasdan har oyda;
mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan - birinchi chorak, yarim yillik va 9 oy yakunlari bo‘yicha, oylarga taqsimlagan holda, ishlar, xizmatlar importi amalga oshirilgan hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmasdan, yil yakunlari bo‘yicha esa - yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatida.