Risklarni minimallashtirish uchun mavjud axborot va barcha vositalardan maksimal foydalanishni bildiradi. Bunday yondashuvda boshqaruv ta’siri operatsiyani amalga oshirishga ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan riskli omillar va hodisalarning oldini olishi lozim. Shubhasiz bunday yondashuv risklarni baholash va prognozlash, shuningdek ularning uzluksiz nazorati va monitoringini tashkil etish uchun ma’lum miqdordagi xarajatlarni talab etadi. Risklarni boshqarishda moslashuvchan yondashuv murakkab holatga nisbatan moslashuv asosiga quriladi. Bunday yondashuvda boshqaruv ta’siri moliyaviy-xoʻjalik operatsiyalarini oʻtkazish vaqtida muhit oʻzgarishiga reaksiya sifatida amalga oshiriladi. Bunday holatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlar ma’lum bir qismining oldi olinadi.
Risklarni boshqarishda vaqt omilini hisobga olish prinsipi. Operatsiyalarni amalga oshirish davriga nisbatan ularga hamrohlik qiluvchi moliyaviy risklar diapazonining kengligi risklarning salbiy oqibatlarini neytrallashtirish imkoniyatlarini kamaytiradi. Korxona bunday operatsiyalarni amalga oshirishi zarurligi sharoitida talab qilinadigan daromad miqdorini aniqlashda risk uchun mukofot bilan bir vaqtda likvidlilik uchun mukofotni ham hisobga olish lozim. Risklarni boshqarish jarayonida korxona strategiyasini hisobga olish prinsipi. Moliyaviy risklarni boshqarish tizimi korxona tomonidan tanlangan rivojlanish strategiyasiga mos umumiy prinsiplarga, mezonlarga va yondashuvlarga asoslanishi lozim. Asosiy rivojlanish strategiyasiga intilish risklarni minimallashtirish uchun kuchlarni markazlashtirish, risklarning umumiy doirasini aniqlash, ularni boshqarish uchun zarur resurslarni belgilash imkonini beradi. Oʻz navbatida bu parametrlarni bilish boʻlinmalar rahbariyatiga oʻz strategiyasini “risk – daromadlilik” koordinatasida baholash va ularni umumiy korporativ strategiyaga moslashtirish imkoniyatini beradi. Risklarni oʻtkazish imkoniyatlarini hisobga olish prinsipi. Bir qator moliyaviy risklarni qabul qilish ularning salbiy oqibatlarini neytrallashtirish boʻyicha korxona imkoniyatlari bilan oʻzaro mos kelmaydi, ya’ni ularni korxonaning oʻzi mustaqil bartaraf eta olmaydi. Bir vaqtning oʻzida bunday riskli operatsiyani amalga oshirishni korxonaning rivojlanish strategiyasi va moliyaviy-xoʻjalik faoliyati yoʻnalishi talab etadi. Mazkur holat yuzaga kelganda ularni qisman yoki toʻliq biznes boʻyicha hamkorlarga yoki tashqi sugʻurtalovchilarga oʻtkazish maqsadga muvofiq. Risklarni tashqi sugʻurtalash mezonlari korxonada moliyaviy risklar portfelini shakllantirishda hisobga olinishi lozim.