Rus adabiyotining so‘nmas yulduzi



Yüklə 13,52 Kb.
tarix27.04.2022
ölçüsü13,52 Kb.
#115559
RUS. AXMATOVA 97583


RUS ADABIYOTINING SO‘NMAS YULDUZI

Rus adabiyotining buyuk shoirlari haqida ko‘p martalab eshitganmiz, o‘qiganmiz. Shoiralari haqida gap ketganda esa Anna Axmatova xayolimizga yarq etib keladi. Bu bejizga emas. Buning bir necha sabablari bor, albatta. Anna Axmatova faqatgina postsovet mamlakatlarida emas, balki, butun dunyo adabiyot ixlosmandlarining ham taniqli va ardoqli adibasidir. Shoira bir muddat Toshkentda ham yashab ketgan. Balki shuning uchun ham, huddi Sergey Yesenin singari bizga boshqalardan ko‘ra yaqinroq tuyular. Nima bo‘lganda ham, shoira Toshkentda istiqomat qilgan chog‘lari yozgan she’rlarida Sharq nafasi ufirib turadi va bizni beixtiyor o‘ziga rom etadi. So‘zsiz, uning lirikasi bizni klassik adabiy muhitdan zamonaviy adabiyot olami sari yetaklaydi.

Adabiyot tarixidan ma’lumki, ko‘pchilik shoirlar, yozuvchilar va umuman ijod ahlining xayot yo‘li bir tekisda bo‘lmagan. Doimiy qarama-qarshiliklar, siyosiy bosimlar va hasadchilarning noo‘rin tanqidlari ularni bezovta qilib kelgan. Bunday ziddiyatlarga duch kelmaganlar esa chinakam ijod ahillarining oyog‘iga tushov bo‘lib kelganlar. Chunki ular mavjud tuzumning haqqoniy manzarasini ochishga jur’at qilmaydi, qilganlarni esa eng so‘nggi manzilgacha ta’qib etadilar.

Anna Axmatova ham ana shunday sinovlar girdobida qolib ketgan, ammo bir zum bo‘lsa-da, ijodiy faoliyatdan chekinmagan adibalardan biri edi. Hayotining juda ko‘p vaqtini jamiyatning bosimi ostida o‘tkazgan Annaning ijod namunalarida ham buni yaqqol sezishimiz mumkin. Anna Axmatovaning Oktyabr to‘ntarishidan keying yozgan she’rlarida zamonaviy mavzularga, muhim voqealarga o‘z munosabatini bildirgan ohanglarni izlashimiz mumkin. Shoira inqilobni qabul qila olmaydi, ayni damda Vatanni ham tashlab keta olmaydi. Adibaning hayotida birin-ketin ana shunday g‘ala-g‘avurli shu bilan bir qatorda tahlikali zamonlar boshlanadi. Lekin shoira bularning barchasini mardonovor yengib o‘tdi. Uning ijodiga yuksak baho berib, Vladimir Mayakoviskiy: “Anna Axmatova she’rlari yaxlitligi bilan e’tiborga molikdir, ular har qanday tanqidga dosh bera oladi, har qanday tazyiqda darz ketmaydi”,-degan edi.

Har bitta adib o‘z hayotidagi achchiq taassurotlarni zaxarxandalik, kinoya va o‘tkir yumor bilan tasvirlashi odatiy hol, albatta. Anna Axmatova ana shu taassurotlarini modernizm bilan uyg‘unlashtirib yuborganki, o‘quvchi uning asarlarini bir o‘qiganda bu jihatlarga e’tibor bermasligi mumkin. Lekin uning she’rlarini ko‘proq o‘qigan sari bu taassurotlar yuzaga chiqa boshlaydi. Mahzunlik, tushkun kayfiyat va shu bilan bir qatorda kurashuvchanlik uning lirikasini yanada bo‘rttirib ko‘rsatishga xizmat qilsa, ne ajab? Quyidagi, Xosiyat Rustamova tarjima qilgan she’rda ham shu ruhiyat sezilib turibdi:

Mening soyam qoldi sog‘inib bedor,

Hali ham yashar u ko‘m-ko‘k xonada.

Shahardan mehmonlar kelar beqaror,

Sirlangan idishlar qolmas panada.

Uncha xotirjamlik emas uyda ham,

Qancha olov yoqsin, uy qop-qorong‘u.

Shundan zerikadi uy bekasi ham,

Shundan er vinoga qo‘ygandir ruju.

Eshitilar devor ortidan ovoz,

Men suhbat quraman mehmon bilan soz.

Yuqorida eslaganimizdek, shoira she’riyatining ohangi zohiran odmigina korinsa-da, aslida uning lirikasi o‘sha davrning haqiqiy majruh, dahshatli taassurotlarini tasvirlagan. Shoiraning she’rlarini o‘qiyotib, kitobxon ruhiy bir sokinlikni his qila boshlaydi. Fikr-mushohadalar diapazonining kengligi, bitta she’rning o‘zida mutlaqo boshqa tasvirlarga murojaat qilish o‘quvchining she’rni bee’tibor o‘qishiga yo‘l qo‘ymaydi. Asta-sekin kitobxon bu sokinlik, vazminlik zamirida ulkan bir vulqon yashiringanligiga guvoh bo‘ladi.



Bu hayratga soluvchi sirli vulqon o‘quvchilarni hali ko‘p asrlar o‘ziga rom etadi.
Yüklə 13,52 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin