Said ahmad hikoyalarida ijtimoiy holat deyksisining olmoshlar orqali ifodalanishi



Yüklə 44 Kb.
tarix31.12.2021
ölçüsü44 Kb.
#112249
Mirzaaliyeva Gulhayo Prag. maqola


SAID AHMAD HIKOYALARIDA IJTIMOIY HOLAT DEYKSISINING OLMOSHLAR ORQALI IFODALANISHI

Mirzaaliyeva Gulhayo Xasanboyevna

Farg’ona Davlat universiteti birinchi

bosqich o’zbek tili yo’nalishi magistranti.



Annotatsiya: Mazkur maqolada Said Ahmad hikoyalarida qo’llangan olmoshlarning ijtimoiy holat deyksisiga ishorasi masalasini yoritamiz.

Kalit so’zlar: deyksis, ijtimoiy deyksis, olmosh, nutq, matn, shaxs, ijtimoiy holat, tahlil.

Muloqot shakllari ijtimoiy muhit bilan bog’liqdir. Bunda muloqotning rasmiy va norasmiy ruhda kechayotganligi alohida e’tiborga loyiq masala hisoblanadi. Chunki bunday munosabatlarning grammatik va lug’aviy birliklar vositasida belgilanishi qariyb barcha tillar uchun umumiy qoidadir1. O’zbek tilida ijtimoiy holat deyksisini hosil qilishda ham lingvistik, ham ekstralingvistik vositalardan foydalaniladi. Ushbu holatni Said Ahmad hikoyalarida ham kuzatishimiz mumkin. Lekin yozuvchi asarlarida ko’proq lingvistik vositalarga murojaat etilgan. Bizga ma’lumki, ijtimoiy holat deyksisini shakllantiruvchi til birliklariga olmoshlar, murojaat birliklari, ijtimoiy xoslangan leksik birliklar , ayrim qo’shimchalar kiradi. Yozuvchi hikoyalarida ijtimoiy holat deyksisiga ishora qiluvchi faol lingvistik vositalar ichida kishilik olmoshlari asosiy o’rin tutadi. Olmoshlar nutqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda har qanday shaxsga nisbatan qo’llana olish imkoniyatiga ega. Yozuvchi asarlarida mazkur birliklarni tanlashda nutq ishtirokchilarining ijtimoiy holatiga ham e’tibor qaratadi. Ya’ni kishilik olmoshlari orqali hikoya qahramonlarining ijtimoiy holatiga ham urg’u berib o’tadi. Jumladan, men kishilik olmoshi o’zlovchining o’ziga ishora qilish bilan birga uning turli kommunikativ maqsadini ifodalash vazifasini ham bajaradi. Ya’ni nutqiy muloqotda men olmoshi so’zlovchi shaxsiyatining ijtimoiy mavqeyiga (boshqa nutq ishtirokchilaridan ustunligiga yoki aksincha) ishora qilib ijtimoiy holat deyksisini hosil qiladi. Masalan: - Ota, men har qancha so’kishga arziydigan odamman. Men butun qilgan gunohlarimga iqrorman. Mening so’nggi iltimosimni yerda qoldirmay, o’z do’stlarim qatoriga qo’shsangiz…-Komiljon boshqa gapirolmadi, ovozi titrab, belbog’ining uchi bilan ko’zini artdi.(S. Ahmad. ,,Oriyat’’)

Yuqorida keltirilgan hikoya parchasida men olmoshi orqali so’zlovchining suhbatdoshi oldida o’zini aybdor his etish tuyg’usi ifoda etilgan. Shuningdek, yosh jihatdan ham ancha kichikligi (ota murojaati orqali ham) anglashilib turibdi. Olmoshning ketma-ket har bir gap tarkibida qo’llanilishi esa so’zlovchi o’zini quyi tutishini aks ettirishga xizmat qilgan. Shu holatni ,,Xotin’’ hikoyasidan olingan parchada ham kuzatishimiz mumkin:-Meni yomon ulfatlarga qo’shilib shunday bo’ldi, dedinglar. To’laganning, Orifning gapiga kirdi, dedinglar. To’g’ri, shunday bo’ldi. Nega ular boshqa odamni yo’ldan urmay, meni yo’ldan urishdi? Bo’sh daraxtni qurt yeydi. Men bo’sh daraxt ekanman. Mustahkam chinorlarga qurtning tishi o’tmaydi. Qurtlarni yo’qotishdan avval qurtlarga yem bo’ladigan daraxtni qirqish kerak. Menga qo’yilgan ayblarning hammasiga iqrorman. Men qilgan ish xato emas, jinoyat. Xato tuzatiladi, jinoyat jazolanadi. Menga jazo beringlar. Men bir marta jazolangan odamman, ko’zim ochilmagan. Sevgan xotinim tashlab ketgan. Shunda ham yo’limni topib olmaganman. Endi menga kattaroq jazo beringlar.

Nutqda men olmoshi o’rniga ba’zan biz olmoshi ham qo’llanadi. Bunda so’zlovchi mavqeyining ulug’ligiga, so’zlovchi va tinglovchi o’tasidagi munosabatning rasmiyligiga, so’zlovchining ijtimoiy amali yoki lavozimiga ishora qilinadi:-Bizning it qalay?- dedi yangi direktor.(S.Ahmad. ,,Qoplon’’)

Ayrim o’rinlarda biz olmoshi o’zini kamtarin va xokisor tutish kabi mazmunlarni ifodalash uchun ham qo’llanadi. Bunda so’zlovchi shaxsning boshqa nutq ishtirokchilaridan quyi maqomda ekanligiga ishora qilib, ijtimoiy holat deyksisini yuzaga chiqaradi. Masalan:-Iya, iya, biz turganda nega endi siz pol yuvarkansiz, opa?

--Yo’o’q, o’rtoq Tillayev, it masalasini bizga qo’yib beravering. Mana itning joyi shu. Kichkinagina, ixchamgina uycha qurib berilsa, itning ham joni kirib qoladi. Xo’p, biz ketdik.(S.Ahmad. ,,Qoplon’’)

Nutqda sen olmoshi orqali so’lovchi yosh jihatidan kichik, teng, o’ziga yaqin deb hisoblagan kishilarga , shuningdek, ijtimoiy mavqeyi pastligiga ishora qilish, hurmatsizlik Grammatik ma’nolarini ifodalash maqsadida qo’llaydi. Masalan:-Ha, kolxozning erka o’g’li, ketmon chopayotganlarning davlatida yonboshlab yotibsizmi?.. E sadqayi odam ket, sen eshitgan gaplarni devor eshitsa, allaqachon bilagini shimarib, ishga tushib ketar edi.(S.Ahmad. ,,Oriyat’’)

-Yo’q, boshqa gap. Rayonda yangi qurilgan madaniyat uyining ochilish marosimi bo’ladi. Ilg’or mexanizatorlardan bir kishi tabrik nutqi so’zlashi kerak. Sen gapirasan. Qani ketdik. (S.Ahmad. ,,Sobiq’’)

Yuqorida keltirilgan misollarning ikkinchisida sen olmoshi shaxsning ijtimoiy mavqeyi quyiligiga ishora qilib, ijtimoiy holat deyksisini yuzaga chiqaradi.



Misollar tahlilidan ma’lum bo’ladiki, kishilik olmoshlari ba’zan matnda nutq ishtirokchilarining turli ijtimoiy mavqeyiga ishora qilib ijtimoiy holat deyksisiga yo’l ochadi. Bu holat yozuvchi Said Ahmad hikoyalarida ham yaqqol ko’zga tashlanib turadi.shu o’rinda ularning shaxs deyksisiga ishorasini ham inobatga oladigan bo’lsak, ularning murakkab deyktik xarakter kasb etishini e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.

1 Safarov Sh. Pragmalingvistika. – Toshkent, 2008

Yüklə 44 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin