3. Quruqlik hayvonlarining mineral oziqlanishi Quruqlik hayvonlarining ko’pchiligi, ayniqsa, go’shtxo’rlar turli-tuman tuz va boshqa mineral birikmalarni oziqa va suv bilan birga kerakli miqdorda osongina topa oladi. Lekin ayrim guruhlari, ayniqsa, o’txo’rlar (tuyoqlilar, kemiruvchilar) mineral modda va tuzga muhtoj bo’lishadi. Tuz yetishmovchiligi, ayniqsa, mavsumiy xarakterga ega bo’ladi. Shunga binoan bunday hayvonlar vaqti-vaqti bilan (ko’pincha yoz mavsumida), tuzli manbalarga to’planadi.
Ko’pgina sut emizuvchilar tuzlardan tashqari yana mayin tuproq (loy)ga muhtoj bo’lishadi. Ushbu tuproq ularning ichagida najasning paydo bo’lishi uchun zarur bo’ladi. Hayvon organizmi uchun tabiatda kam uchrovchi moddalar ham zarur bo’lishi aniqlangan. Bunday moddalar mikroelementlar bo’lib, organizmdagi ko’pgina biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etadi.
Agar hayvon organizmida ma’lum bir mikroelement yetishmaydigan bo’lsa, ko’pgina fiziologik jarayonlar pasayishi yoki izdan chiqishi mumkin. Bordi-yu biron-bir mikroelement organizmda umuman bo’lmay qolsa, hayvonda mayiblik kasalligi yuzaga kelishi yoki uning halok bo’lishi bilan tugashi mumkin. Masalan, organizmda V12 vitaminini hosil qilishda kobalt (Co), tiroksin garmonining hosil bo’lishida yod (J), insulin garmoni va karboangidraza fermenti hosil qilishda rux (Zn), tripsin hosil qilishda - xrom (Cr) va hokazolar talab qilinadi.
4. Organizmda gazlar almashinuvi va uning ahamiyati Hayvonlar aerob organizmlar hisoblanib, nafas olish jarayoni erkin kislorod bilan bog’liq. Faqat ayrim guruh hayvonlari, masalan, ba’zi bir hujayralilar, qumga ko’milib yashovchi chuvalchanglar (Tubificidae), ba’zi chivinlarning lichinkalari (Corethra, Chironomus) mollyuska va qisqichbaqasimonlarning ayrim turlari ma’lum vaqt davomida anaerob (kislorodsiz) sharoitda yashashi mumkin.
Hayvonlar kislorodni tashqi muhitdan butun tana sathi orqali yoki maxsus nafas olish organlari (o’pkalar, traxeyalar, jabralar) yordamida qabul qilishadi.
Organizmga kirgan kislorodni qabul qilish, tashish va organlar, to’qimalar, hujayralarga berish funksiyasini, qon suyuqligi tarkibidagi pigmentlar bajaradi. Ko’pchilik hayvonlarda kislorodni o’ziga biriktirib olish va uni berishni gemoglobin tarkibidagi temir (Fe) bajarsa, hasharot va mollyuskalarda temir o’rniga gomosianin tarkibidagi mis (Cu) bajaradi. Ayrim hayvonlarda (Tunicata) pardalilarda esa vanadiy bo’ladi. Ushbu pigmentlar maxsus shaklli elementlar (hujayralar) ichida (eritrositlar) yoki qon suyuqligi tarkibida erigan holda yoki boshqa bir suyuq to’qima tarkibida bo’ladi. Qon pigmentining asosiy xossalaridan biri erkin O2-ni o’ziga biriktirib, oksigemoglobin hosil qiladi. Kislorodni ko’proq qabul qilgan bo’lsa, uni atrofidagi organ va to’qimalarga beradi.
Organizmga qabul qilingan O2 ekzotermik oksidlash jarayonlari uchun ishlatiladi. Bunda hosil bo’lgan yangi birikmalar va energiya organizmning hayotiy funksiyalari, jumladan, nafas olish, qon aylanish, ajratish, nerv-gumoral faoliyat, o’sish, rivojlanish kabilar uchun sarf qilinadi.