12.2. Turistik – rekreasiya jihatdan rayonlashtirishning belgilari va xususiyatlari.
Rekreasiya maqsadida rayonlashtirishda rekreasiya resurslari xususiyatlarini,
hamda mintaqani rekreasiya sifatida qabul qilish sig’imini o’rganish talab etiladi. Bu
maqsadda rayonlashtirish ishlari bilan bir qancha olimlar shug’ullanishgan. Kotlyarev
Y.A turistik – rekreasiya jihatdan rayonlashtirishda quyidagi belgilarni asos qilib
olishni taklif qilgan:
1. Ma’lum hududni kurort – sog’lomlashtirish xo’jaligini ixtisoslashuvi jihatdan
ifodalash.
2. Kurort – turistik – sog’lomlashtirish xo’jaligini moddiy ishlab chiqarish
tarmoqlari bilan aloqasi uyg’unligida ifodalash.
3. Butun aholiga nisbatan, mehnat resurslaridan kurort – turistik –
sog’lomlashtirish xo’jaligida band mehnat resurslari ulushi jihatdan belgilash.
Kotlyarev Y.A. ko’lamiga ko’ra turistik – rekreasiya rayonlarni 4 guruhga
ajratadi: respublika (o’lka, viloyat), rayon, rekreasion joy (hudud), rekreasion
mikrorayon.
Rus olimlaridan A.M.Vetitnev va L.B.Juralevalar esa turistik – rekreasiya
jihatdan rayonlashtirishda 4 jihatga e’tibor berishgan:
1. Ijtimoiy
2. Iqtisodiy
3. Geografik
4. Ekologik
Ijtimoiy nuqtai nazardan aholini jismoniy, ma’naviy ehtiyojlarini qondirish
hisoblansa, iqtisodiy nuqtai nazardan turistik xizmat ko’rsatishni boshqa xalq
xo’jaligi tarmoqlari bilan aloqada, majmua sifatida shakllanishi hisobga olinadi.
Geografik jihatdan turizm sohalarida hududiy mehnat taqsimoti shakllanishi,
hududda rekreasiya resurslarining foydalanish darajasiga e’tibor qilinadi. Ekologik
jihatdan olganda, rayonlashtirishda insonni o’rab turgan atrof – muhit va rekreasiya
resurslaridan samarali foydalanish va muhofaza qilish nazarda tutiladi.
Umuman olganda, rayonlashtirishda obyekt hududiy uzluksiz ko’rinishida yoki
hodisa va voqyelik hududning ayrim joylarida mavjud bo’ladi. Shu jihatdan turistik
rayonlashtirish ko’p jihatlarga bog’liq. Bularga:
- tabiiy landshaftlarni jozibadorligi nuqtai nazardan;
- ijtimoiy – iqtisodiy nuqtai nazardan;
- madaniy – tarixiy nuqtai nazardan qarashga bog’liq.
Turistik rayonlashtirishda tabiiy landshaftlarni jozibaligi hisobga olinganda
geografik omillar (relyef, iqlim, cho’l, tog’, voha va boshqa lanjshaft rayonlari) asos
vazifasini bajaradi. Bunday rayonlashtirish butun mamlakatni qoplab oladi. Ijtimoiy –
iqtisodiy hamda madaniy – tarixiy nuqtai nazardan turstik rayonlashtirishda,
arxeologik yodgorliklar, arxetektura hamda shaharsozlik obyektlari, ziyoratgohlar va
boshqa turistik obyektlar hududning faqat ayrim joylarida uchraydi. Shuning uchun
ijtimoiy – iqtisodiy va madaniy – tarixiy obyektlarni turistik jihatdan
rayonlashtirishda murakkabliklar mavjud.
84