6-modda. Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli davlat organi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq sanoat xavfsizligi sohasida ayrim vakolatlarga ega bo‘lgan boshqa davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qa’rini geologik o‘rganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi nizom. Sanoat xavfsizligi sohasida davlat tomonidan tartibga solish:
sanoat xavfsizligi talablarini belgilashni;
sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini;
xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarini sertifikatlashtirishni;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalashni;
sanoat xavfsizligi ekspertizasini;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa choralarni o‘z ichiga oladi.
7-modda. Sanoat xavfsizligi talablari Sanoat xavfsizligi talablari qonun hujjatlarida, shuningdek normativ texnik hujjatlarda nazarda tutilgan shartlar, taqiqlar, cheklashlar va boshqa majburiy talablar bo‘lib, ularga rioya etilishi sanoat xavfsizligini ta’minlaydi.
8-modda. Xavfli ishlab chiqarish obyektini loyihalash, qurish va foydalanishga qabul qilib olishga oid sanoat xavfsizligi talablari Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari sanoat xavfsizligi ekspertizasining ijobiy xulosasi bo‘lishi zarur.
Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatish jarayonida loyiha hujjatlaridan chetga chiqishlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlarini o‘zgartirish sanoat xavfsizligi ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak.
Loyiha hujjatlarini ishlab chiqqan tashkilotlar xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatish jarayonida belgilangan tartibda mualliflik nazoratini amalga oshiradi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga qabul qilib olish belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga qabul qilib olish jarayonida xavfli ishlab chiqarish obyektining loyiha hujjatlariga muvofiqligi, tashkilotning xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishga hamda xavfli ishlab chiqarish obyektida avariyaning kengayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oqibatlarini tugatish bo‘yicha harakatlarga tayyorligi tekshiriladi.