Shahrisabz pedagogika instituti pedagogika fakulteti


-MAVZU: PEDAGOGIK FAOLIYATNI TEXNOLOGIYALASHTIRISH – IJTIMOIY ZARURIYAT EKANLIGI



Yüklə 0,66 Mb.
səhifə2/57
tarix25.11.2023
ölçüsü0,66 Mb.
#134299
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   57
ZPTMAJMUA 3-kurs kunduzgi

1-MAVZU: PEDAGOGIK FAOLIYATNI TEXNOLOGIYALASHTIRISH – IJTIMOIY ZARURIYAT EKANLIGI.


Reja:

  1. Zamonaviy pedagogik texnologiya tushunchasi

  2. O’quv jarayonini tashkil etishning yangi metod va farmonlarga qo’yiladigan zamonaviy talablardan.

  3. Pedagogik tizim va uning komponentlari.

  4. Pedagogik jarayonni loyihalashtirish.

  5. Dars algoritmini tuzish texnologiyasi.



Asosiy tushunchalar: texnologiya, pedagogik texnologiya, zamonaviy pedagogik texnologiya,jahon andozalari, o‘quv-uslubiy majmualar, tizim: pedagogik faoliyatni texnologiyalashtirish, pedagogik tizim, ta’lim texnologiyasi, didaktik jarayon, loyihalashtirish, texnologik xarita.
1.Zamonaviy pedagogik texnologiya tushunchasi
O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyotining demokratik-huquqiy, fuqarolik jamiyati qurish yo‘lidan dadil bormoqda. Iqtisodiy, madaniy-ma‘rifiy, xalq ta’limi sohalarida islohotlar va yangilanish jarayonlari bosqichma-bosqich, izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Zero, jamiyatning taraqqiyoti, uning rivojlangan mamlakatlar qatoridan munosib o‘rinni egallashi bugungi kunda ta’lim olayotgan yoshlarning ma’naviy salohiyati, keng dunyoqarashi va chuqur ilmiy, mustaqil fikrlashiga bog‘liq.
Mustaqillik tufayli pedagogika fanining taraqqiyotida olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakatimizning ma‘naviy salohiyatini oshirish, ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, kadrlar tayyorlash Milliy dasturi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunni tayyorlash va amalga oshirish pedagogika fanining zimmasiga tushdi. Pedagogikaning predmeti shaxsni shakllantirish muammosi Kadrlar tayyorlash Milliy modelida o‘z aksini topdi.
Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotida hal qiluvchi muammolar: xalqimizning ming-ming yillik qadriyatlarini, pedagogik merosini o‘rganish va ta’lim-tarbiya jarayonini milliylashtirish, jamiyat taraqqiyotida ma‘naviyatning ustivorligini ta‘minlash va ma‘naviy tarbiya nazariyasini, amaliyotini takomillashtirish; yoshlar ongiga milliy mafkura, milliy g‘oyani singdirish, vatanparvarlik tarbiyasini yangi mazmun va metodikasini ishlab chiqish; jahon andozalariga mos ta’lim tizimini yaratish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, pedagogik kadrlarni hozirgi davr talabi asosida ta’lim-tarbiya ishiga tayyorlash, pedagogik texnologiya bilan qurollantirish kabilar pedagogika fanining dolzarb vazifasi bo‘lib qoldi.
O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlashning Milliy dasturida ta’lim-tarbiyani tubdan isloh qilish ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish; «Ta’lim berishning ilg‘or pedagogik texnologiyalarini, zamonaviy o‘quv-uslubiy majmualari yaratish va o‘quv-tarbiya jarayonini didaktik jihatdan ta‘minlash”ga bog‘liqligi ko‘rsatiladi. Ma‘lumki, Milliy dastur bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi. Birinchi bosqich (1997-2001 y.) mavjud kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish va rivojlantirish uchun huquqiy, ilmiy-uslubiy, moliyaviy moddiy shart-sharoitlar yaratish “...jumladan pedagog va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash hamda ularni malakasini oshirishni zamon talablariga javob beradigan darajada tashkil etish”.
Ikkinchi bosqich: (2002-2005 y.) Milliy dasturni to‘la ro‘yobga chiqarish, mehnat bozorini rivojlantirish va real ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarini hisobga olgan holda unga aniqlik kiritish, “Ta’lim muassasalarini moddiy texnika va axborot bazasini mustahkamlash davom ettiriladi, o‘quv-tarbiya jarayoni yuqori sifatli o‘quv adabiyotlar va ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan ta‘minlanadi”.
Uchichnchi bosqich: (2005 va undan keyingi yillar) to‘plangan tajribalar tahlil etilishi,ularni umumlashtirish asosida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish istiqbollariga muvofiq kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirish” ko‘zda tutilgan edi.
Ta’lim muassasalarini resurs, kadrlar va axborot bazalari yanada mustahkamlash, o‘quv - tarbiya jarayonini yangi o‘quv-uslubiy majmualar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bilan to‘liq ta‘minlash ko‘zda tutilgan” edi. Bunda biz pedagogik texnologiya Milliy dasturni amalga oshirishning muhim vositasi ekanini ko‘ramiz.
Belgilangan vazifalar asosida bugungi kunda ta’lim sohasida juda katta ishlar amalga oshirildi va oshirilmoqda. Zamonaviy texnologiyaning ta’lim jarayoniga kirib kelishi jadallashmoqda.
Pedagogik texnologiyaning rivojlanishini 4 bosqichga bo‘lish mumkin:
1-bosqich 40-50 yillar. Pedagogik texnologiya ta’lim jarayonida audiovizual (texnik vositalar) vositalardan foydalanish deb tushunilgan.
2-bosqich. 50-60 yillar. Ta’lim texnologiyasim programmalashtirilgan ta’lim sifatida qaralar edi.
3- bosqich. 60-70 yillar. Ta’lim jarayonini loyihalashtirib, aniq belgilangan maqsadning kafolatlangan natijasiga erishish sifatida qaraladi.
4- bosqich. Ta’lim jarayoniga kompyuter texnologiyasi va axborot texnologiyalarining kirib kelishi bilan bog‘liq.
Texnologiya nima?
Texnologiya - yunoncha so‘z bo‘lib, texne-mahorat, san'at, logos-tushuncha, ta'limot ma'nolarini anglatadi. Texnologiya tushunchasi-tayyor mahsulot olish uchun ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan usul va metodlar majmui; shunday usul va metodlarni ishlab chiqaruvchi va takomillantiruvchi fan sifatida ta'riflanadi. Keyinchalik texnologiya tushunchasi ta’lim jarayonlarida ta’lim texnologiyasi nomi bilan qo‘llanila boshladi.
Pedagogik texnologiya asrimizning 60-yillarida Amerika Qo‘shma Shtatlarida, 70-80 yillarda boshqa rivojlangan mamlakatlarda keng qo‘llanila boshlandi.
YUNESKOning 1996 yildagi xalqaro konferensiyasida mamlakatning ma‘naviy iqtisodiy salohiyatini oshirishda va ta’lim-tarbiyani intensivlashtirishda pedagogik texnologiya muhim ahamiyatga ega ekanligi ilmiy asoslanadi.
“Pedagogik texnologiya bilimlarni o‘rganish yaxlit jarayonida ta’lim shakllarini optimallashtirish, texnikaviy, insoniy imkoniyatlar, ularning o‘zaro hamkorligini amalga oshirish metodlari tizimidir”, - degan xulosaga kelinadi.
Uzoq vaqt hukum surgan, kommunistik g‘oyaviylikka asoslangan byurokratik pedagogika ta’lim-tarbiya jarayoniga ilmiy yondashish yo‘llarini berkitgan edi. Ayniqsa rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanish man etilgan edi.
O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi mustaqillik sharofati bo‘lsa, uni amalga oshirishning asosiy ilmiy-metodik omillaridan biri yangi pedagogik texnologiyadir.
Zamonaviy pedagogik texnologiyaning predmeti – ta’lim-tarbiya jarayonini optimal loyihalash, modellashtirish tizimi, mexanizmi. Ya‘ni pedagogik qonuniyatlarga asoslangan ta’lim-tarbiya tizimini samarali, ommabop mexanizmidir. Pedagogik texnologiya ommabopligi ilmiy asoslanganligi bilan individual mahoratdan farq qiladi. Zamonaviy pedagogik texnologiya fanini o‘qitishning maqsadi:
-bo‘lajak mutaxassislarni mavjud pedagogik qonuniyatlar va aniq shart-sharoitga asosan ta’lim-tarbiya jarayonini loyihalash samarali metod va vositalarni tanlashga o‘rgatishdan iborat.
Zamonaviy pedagogik texnologiyaning vazifasi:
-bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga pedagogik texnologiya, texnika rivojlangan mamlakatlar ilg‘or pedagogik texnologiyasi, O‘zbekistonda Kadrlar tayyorlashning Milliy dasturini amalga oshirish tajribalari haqida nazariy bilim berish:
-pedagogik jarayonni loyihalash;
-ta’lim-tarbiya maqsadi, mazmuni va optimal metodlarini qo‘llash ko‘nikma va malakasini shakllantirish;
-pedagogik diagnostika qobiliyatini o‘stirishdan iborat.
Jamiyat taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda ta’lim jarayonida pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ham rivojlanib boradi.
Zamonaviy pedagogik texnologiyata’lim-tarbiya jarayonining mavjud qonuniyatlariga, mamlakatimiz rivojlanishining o‘ziga xos xususiyatlarigia, tarixiy taraqqiyot tajribalariga asoslanadi. Pedagogik texnologiyani yaratish milliylik va umuminsoniylik tamoyillariga, insonparvarlik va demokratiya prinsiplariga ijodkorlik va tashabbuskorlikka tayanadi.
Pedagogik texnologiya fani bo‘lajak o‘qituvchilarni ilmiy-metodik tayyorlashda alohida o‘rin tutadi. Pedagogika nazariyasi va tarixidan mukammal bilim va malakaga ega bo‘lgandan keyin pedagogik texnologiya yoki yangi pedagogik texnologiya fani o‘rganiladi. Demak, pedagogik texnologiya, pedagogika, pedagogik mahorat, psixologiya, matematik modellashtirish fanlari bilan o‘zaro bog‘liqlikda o‘rganiladi,
Pedagogik texnologiya nima?
Bu haqida ko‘pgina mualliflar o‘z ta’riflarini berganlar. Bular:
BMT ning nufuzli idoralaridan biri bo‘lgan YUNESKO ta’rificha:
Ta’lim texnologiyasi – ta’lim modellarini optimallashtirish maqsadida, inson va texnika resurslari va ularning o‘zaro ta‘sirini hisobga olgan holda, butun o‘qitish va bilimlarni o‘zlashtirish jarayonini aniqlash, yaratish va qo‘llash tizimidir.
V.P.Bespalko: «har qanday faoliyat yoki texnologiya, yoki san‘at bo‘lishi mumkin. San‘at ichki sezgi (intuitsiya)ga, texnologiya esa fanga asoslanadi. hammasi san‘atdan boshlanadi va texnologiya bilan tugaydi va yana qaytadan boshlanadi» - degan edi.
M.Ochilov “Pedagogik texnologiya – tizimli, texnologik yondashuvlar asosida ta’lim shakllarini qulaylashtirish, natijasini kafolatlash va ob‘ektiv baholash uchun inson salohiyati hamda texnik vositalarning o‘zaro ta‘sirini inobatga olib, ta’lim maqsadlarini oydinlashtirib, o‘qitish va bilim o‘zlashtirish jarayonlarida qo‘llaniladigan usul va metodlar majmuidir”, degan ta’rifni beradi.
Pedagogik texnologiyaga professor N.Saidahmedov: “Pedagogik texnologiya bu o‘qituvchi (tarbiyachi) tomonidan o‘qitish (tarbiya) vositalari yordamida o‘quvchilarga ta‘sir ko‘rsatish va bu faoliyat mahsuli sifatida ularda oldindan belgilab olingan shaxs sifatlarini shakllantirish jarayoni”-degan ta’rifni beradi.
Ta’lim texnologiyasi – oldindan belgilangan o‘quv maqsadlariga erishishni kafolatlaydigan, ta’lim jarayonida inson va texnika resusrlaridan foydalanishning loyihalashtirilgan muayyan tizimi. XTV “Multimediya umumta’lim dasturlarini rivojlantirish” markazi ta’rifi.
Keltirilgan ta’riflarni ilmiy-falsafiy nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, uzoq horijda berilgan ta’riflar bilan MDH mamlakatlari olimlari bergan ta’riflari bir-biriga yaqin kelsada, farqi ham anchaligini ko‘ramiz. Jumladan, YUNESKO ta’riflarida tizimli yondashuv tamoyillariga alohida urg‘u berilgan.
Pedagogik texnologiyani o‘rganishda tarixiy tajribalarga murojaan qilish ham katta ahamiyatga ega, Sharq xalqlari og‘zaki ijodidi sinchiklab o‘rganilsa bu masalaga doir materillarni topish mumkin.
“Yaqinda Moskvadagi “Prosveshenie” nashriyoti “O‘qituvchi mahorati” seriyasida chiqargan Yu.Chestnxning “Otkrit cheloveka” (1991) deb nomlangan kitobiga ko‘zim tushib qoldi. U shunday yozadi: “Adabiyotni qanday o‘qitish bo‘yicha eng to‘g‘ri va qizi-qarli maslahatni men qariyb unutilayozgan o‘zbek xalq latifasidan topganman. Xo‘ja Nasriddin maydondagi olomon oldiga keladi va so‘raydi:
- Ey, odamlar! Bilasizlarmi, men sizlarga nima aytmoqchiman?
- Yo‘q, yo‘q, - deb javob berishdi ular.
- Eh, bilmaysizlarmi? Unda sizlar bilan gaplashib o‘tirishning hojati yo‘q, - jahllandi Nasriddin va jo‘nab ketdi. Boshqa kun kelib, yana xuddi shu savolni berdi.
- Bilamiz, bilamiz! – baqirishdi odamlar.
- Agar bilsangizlar, unda mening bu yerda nima keragim bor? – Xo‘ja Nasriddin hammani ajablantirib yana jo‘nab ketdi. Uchinchi kun odamlar xuddi shu savolga uzoq javob bermadilar va so‘ngra maslahatlashib sekin ovoza qildilar: “Yarmimiz bilamiz, yarmimiz bilmaymiz”, Ho‘ja Nasriddin miyig‘ida kulgancha eshagidan tushar ekan dedi: “Bilganlaringiz bilmaganlaringizga o‘rgatinglar, men esa dastavval sizlarni tinglayman”. (“Ma‘rifat” gazetasi 2009 yil 28 yanvar. Alisher Azimovning “Yangi pedagogik texnologiya yohud Nasriddin Afandining muallimlik qilganligi hususida” maqolasi-dan). Bu bir latifa. Lekin har qanday latifaning asosida katta bir haqiqat yashiringan bo‘ladi.
O‘zbek xalqining yosh avlodni hayotga tayyorlashda ko‘p asrlar davomida qo‘llagan usul va vositalari, tadbir shakllari, o‘ziga xos urf-odatlari va an‘analari, ta’lim-tarbiya haqidagi g‘oyalari va hayotiy tajribasi mavjud. Bu meros o‘tmishda ko‘plab alloma-yu donishmandlar yetishib chiqishiga asos bo‘lgan. Hozirgi kunda bu merosdan ijodiy foydalanish katta ahamiyatga ega.
Ajdodlarimiz bilim o‘rgatuvchi ustoz faoliyatiga katta ahamiyat berganlar. Bu pedagogik faoliyatga bo‘lgan asosiy talablardan biri edi. Sharq uyg‘onish davrining buyuk mutafakkiri Abu Nasr Forobiy aqlli, dono va o‘tkir fikrlaydigan kishilar to‘g‘risida shunday deydi: «Aqlli deb shunday kishiga aytiladiki, ular fazilatli, o‘tkir mulohazali, foydali ishlarga berilgan, zarur narsalarni kashf va ixtiro etishda zo‘r iste‘molga ega; yomon ishlardan o‘zini chetda olib yuradilar. Bunday kishilarni oqil deydilar». Uning fikricha, «Ta’lim so‘z va o‘rgatish bilangina bo‘ladi. Tarbiya esa amaliy ish va tajriba bilan o‘rganishdir, ya‘ni shu xalq, shu millatning amaliy malakalaridan iborat bo‘lgan ish-harakatga, kasb-hunarga berilgan bo‘lishidir. Agar ular ish, kasb-hunarga berilgan bo‘lsalar, kasb-hunarga qiziqsalar, shu qiziqish ularni butunlay kasb-hunarga jalb etsa, demak, ular kasb-hunarning chinakam oshig‘i bo‘ladilar.
O‘zbek xalqining ulug‘ allomalaridan biri Abu Rayhon Beruniy asarlarida yosh avlodga bilim berishning turli yo‘llari va vositalari haqida tushunchalar berilgan bo‘lib, ularni mustaqil fikrlaydigan, yangilik yarata oladigan qilib tarbiyalash xususida to‘xtalib o‘tgan. «Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida Beruniy sxolastik metodlardan voz kechish, dars samaradorligini oshirish yo‘llarini izlash, bolalarning xotirasini rivojlantirish, fikrlashga o‘rgatishni ta‘kidlab o‘tgan. «Maqsad gapni cho‘zish emas, balki o‘quvchini zeriktirmaslik, chunki doimo bir xil narsaga qaray berish malollik va sabrsizlikka olib keladi. O‘quvchi fandan-fanga o‘tib tursa, turli bog‘larda yurganga o‘xshaydi. Birini ko‘rib ulgurmasdan boshqasi boshlanadi va u kishi har bir narsada o‘ziga yarasha lazzat bor deyilganidek ularni ko‘rishga qiziqadi va ko‘zdan kechirishni istaydi. Bir xil narsa charchatadi, xotiraga malol keltiradi»
Buyuk sarkarda Amir Temur o‘zining o‘gitlarida har bir ishni boshlaganda butun diqqat, zehn va bor kuchni shu ishga qaratish lozimligini ta‘kidlagan: «Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilishga qasd qilgan bo‘lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog‘lanib, bitirmagunimcha undan qo‘limni tortmadim» .
E’tibor qilinsa ajdodlarimiz merosida ta’limda qiziqib o‘rganishga katta e’tibor qaratiladi (motiv), shuningdek, ta’limni tashkil etish mahorati o‘rganishning asosiy sharti sifatida keltirilgan.
Xulosa qilib aytganda bizning tariximiz o‘quvchilarni haqiqiy bilimli qilish masalasida katta ilmiy merosga ega. O‘sha davrda o‘qitishning texnologiyasi individual, bolaning o‘sishi va rivojlanishini o‘z ichiga olgan, qo‘yilgan maqsadga aniq erishish asosiy talab bo‘lgan.
Jamiyat taraqqiyoti hozirgi davrda ijtimoiy hayotning barcha sohalarini texnologiyalashtirishni taqozo qilmoqda. Ayniqsa pedagogik faoliyatni texnologiyalashtirish har qachongidan ham zaruriyatga aylanmoqda.
Bu zaruriyat quyidagilar bilan izohlanadi:
- birinchidan, jamiyatimizning taraqqiy etgan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishi hamda aholi ta’limini jadallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida;
- ikkinchidan, o‘qituvchi faoliyatiga faqatgina o‘quv jarayonining tashkilotchisi emas, balki nufuzli bilimlar manbai sifatida qaralayotganligi;
- uchinchidan, fan-texnika taraqqiyotining o‘ta rivojlanganligi natijasida axborotlarning keskin ko‘payib borayotganligi va ularni yoshlarga yetkazish uchun vaqtning chegaralanganligi;
- to‘rtinchidan, kishilik jamiyati o‘z taraqqiyotining shu kundagi bosqichida nazariy va empirik bilimlarga asoslangan tafakkurdan tobora foydali natijaga ega bo‘lgan, aniq yakunga asoslangan texnik tafakkurga o‘tib borayotganligi;
- beshinchidan, yoshlarni hayotga mukammal tayyorlash talabi ularga eng ilg‘or bilim berish usuli hisoblangan ob‘yektiv borliqqa tizimli yondashuv tamoyilidan foydalanishni talab qilayotganligi.
Pedagogik faoliyatni texnologiyalashtirish yuqorida sanab o‘tilgan beshta shartlarning barcha talablariga javob beradigan ta’limiy tadbirdir.
Pedagogik faoliyatni texnologiyalashtirish pedagogik tizim doirasida bajariladigan amallardan iborat.
Har qanday jamiyatda pedagogik tizimning maqsadi jamiyatning shaxsni shakllantirishga qo‘ygan talablari asosida belgilanadi va jamiyat talablari asosida tizim ham o‘zgarishi mumkin. Juda ko‘p tadqiqotlarga asoslangan holda V.P. Bespalko pedagogik tizimning o‘zaro bog‘liq 6 ta elementini ko‘rsatadi.
Bular: 1) o‘quvchi;
2) ta’lim - tarbiyaning maqsadi;
3) mazmuni;
4) didaktik jarayoni;
5) o‘qituvchi yoki texnik vositalar;
6) ta’lim - tarbiyaning tashkiliy shakllari.
1-chizma

Bu tizimdagi dastlabki 3 element didaktik vazifa, qolgan 3 tasi ta’lim texnologiyasi sifatida ko‘rsatiladi.


Ko‘rsatilgan chizmada shaxsda ma‘lum sifatlarni shakllantirish uchun o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasidagi bir - biriga bog‘liq aloqa ko‘rsatiladi.
Pedagogik tizimning bu tarkibida har qanday ilmiy nazariyada uchraydigan dastlabki tushunchalar: vazifa va uning yechish texnologiyasi ko‘rsatilgan.
Ilg‘or pedagogik texnologiyalar ta’lim jarayoni unumdorligini oshiradi, o‘quvchilarning mustaqil fikrlash jarayonini shakllantiradi, o‘quvchilarda bilimga ishtiyoq va qiziqishni oshiradi, bilimlarni mustahkam o‘zlashtirish, ulardan amaliyotda erkin foydalanish ko‘nikma va malalakalarni shakllantiradi.
Pedagogik texnologiyaga asoslangan ta’lim jarayonida o‘qituvchi faoliyayati va o‘quvchi faoliyati doirasi aniq belgilanadi, ta’limni tashkil etishning aniq texnologiyasi ko‘rsatiladi.
Pedagogik texnologiyaning muhim xususiyatlari, belgilari quyidagilar:
- ta’lim jarayonini oldindan loyihalash va sinfda o‘quvchilar bilan qayta ishlab chiqish;
- tizimli yondashuv asosida o‘quvchining o‘qish-bilish faoliyatini tasvirlaydigan ta’lim jarayoni loyihasini tuzish;
- ta’lim maqsadi real, aniq diagnostik bo‘lishi va o‘quvchining bilim o‘zlashtirish sifatini ob’ektiv baholash;
- ta’lim jarayonining tuzilishi va mazmuning yaxlitligi, o‘zaro bog‘liq va o‘zaro ta‘sirda bo‘lishi;
- ta’lim shakllarini optimallashtirish, qulaylashtirish;
- ta’lim jarayonida texnik vositalar va inson salohiyatining o‘zaro ta’sirini hisobga olish;
- ta’lim maqsadlarini ko‘zlangan etalon asosida o‘quvchilarningkuzatiladigan, o‘lchanadigan harakatlari shaklida juda oydinlashtirish;
- tinglovchining faolligiga tayanib o‘qitish;
- bilim o‘zlashtirish jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolarni aniqlab,tuzatib borish;
- shakllantiruvchi va jamlovchi baholar;
- belgilangan mezonlarga binoan test vazifalarini bajarish;
- ta’limning rejalashtirilgan natijasiga erishishning kafolatlanganligi;
- ta’lim samaradorligining yuqoriligi;
Aniqroq qilib aytganda pedagogik texnologiyaga asoslangan faoliyat deganda, ta’lim funksiyasini amalga oshirishdagi mahorat va san‘at tushunilib u juda qulay usullar asosida o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini rivojlantirishga asoslanadi.
Pedagogik texnologiyada ta’lim jarayonini maqsadini belgilash muhim bo‘lib, u rejalashtirilgan natijalarni kafolatlashi lozim.
Shuning uchun ham o‘qituvchilar maqsadni aniq belgilashga alohida e‘tibor qaratishlari zarur. Har bir o‘qituvchi avvalo o‘zi o‘qitadigan o‘quv predmeti maqsadini va har bir o‘tadigan darsi maqsadini aniq belgilashi kerak.
Belgilangan maqsad asosida o‘tkaziladigan didaktik jarayonning aniq loyihasi ishlab chiqilsa, uni amalga oshirish osonlashadi.
Didaktik jarayon uchta bir-biri bilan bog‘liq komponentlardan iborat. Bular:
1) motivlar.
2) o‘quvchining o‘quv-bilish jarayoni.
3) boshqarish.
Didaktik jarayonni samarali o‘tishida motivlar muhim o‘rin tutadi. Chunki qiziqib, aniq maqsad asosida egallangan bilimlargina samarali bo‘ladi.
Ta’limda faqat qiziqishga tayanib qolish ham motivatsiyaning asosli samarali bo‘la olishini ta’minlamaydi. Bunda eng muhim samarali usul motivattsion – muammoli vaziyatlarni qo‘yish yoki o‘rganilayotgan predmetning ijtimoiy mohiyatini aks ettiradigan maxsus bilishga oid vazifalarning qo‘yilishidir.
Masalan, yangi dars boshlanishida yoki o‘tgan darsni so‘rash va mustahkamlash paytida didaktik o‘yinlardan foydalanib, o‘quvchilarning darsga qiziqishlari oshiriladi. Motiv hosil bo‘lgach, dars davomida o‘quvchilarning qiziqishlari saqlanib turgan holda o‘rganilayotgan mavzuning ijtimoiy ahamiyatiga e‘tibor qaratiladi. Boshlang‘ich sinfda dars jarayonida motivlarni rivojlantirish muhim ahamiyatga ega. O‘qituvchi o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatlarini tashkil etishda motivlarga ko‘proq e‘tibor berishi o‘quvchilarning bilim egallash jarayonining samaradorligini ta‘minlaydi.
O‘qituvchi dars loyihasini tayyorlar ekan, maqsadni oydinlashtirishi va shu maqsad asosida o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatlarini shunday tashkil etishi lozimki, belgilangan maqsad to‘liq amalga oshsin.
Buning uchun esa darsning texnologik xaritasi tayyorlanadi. Quyida 1-sinf o‘qish darsidan yangi bilimlar berish darsining texnologik xaritasini keltiramiz.



Yüklə 0,66 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   57




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin