Zarbulmasal'' bo‘yicha qilingan ishlar, maqolalar haqida
Gulxaniy “Zarbulmasal” asarida o`zining muhim ijtimoiy qarashlarini, el-ulus taqdiriga munosabatini qiziqarli masallar orqali ifodaladi. Gulxaniyning “Zarbulmasal” asari XVIII-XIX asrlar o`zbek nasrining nodir namunasidir. Mazkur asar xalq ertaklari taxlitida yozilgan mukammal mazmunli o`tkir satirik asardir. Gulxaniy o`zining bu asarida xalqning mazmundor maqollari, hikmatli so`zlari va qochiriq gaplaridan mohirlik bilan foydalandi. U feodal hukmdorlar va ularning laganbardorlarini, saroy ahlining yaramas kirdikorlarini majoz yo`li bilan o`tkir satira ostiga oladi. Chunki u mehnatkash xalqning og`ir, mashaqqatli hayotini o`z ko`zi bilan ko`rdi, saroy bazmlari, keti uzilmas mayparastliklar xalqni talash hisobiga bo`lishini payqad va bunday salbiy ishlar uning ko`zini ochdi. Natijada, unda saroy ahliga nisbatan nafrat hissi tobora oshib bordi. Ammo shoir sharoitga ko`ra, hukmron doiralardan noroziligini va nafratini ochiq-oydin ifodalay olmas edi. Shuning uchun majoziy shakldagi “Zarbulmasal” asarini yozishga kirishdi. Asarda shoirning maqsadi, hayotga, uni o`rab olgan muhitga, hokim tabaqalarga bo`lgan munosabati to`g`ridan-to`g`ri ifoda etilmay, balki hayvonlar, qushlar va shunga o`xshash majoziy obrazlarning tasviri orqali ifodalandi. Shoir shu zaylda o`zi yashagan zamon uchun aniq va xarakterli voqea-hodisalarni, ularga o`zining munosabatini, qarashlarini tasvirlaydi.
2.“Zarbulmasal” ning personajlari, asosan, qushlarning kinoyaviy-allegorik obrazlaridan iboratdir. O`z davr voqealarini majoziy usulda badiiy ifoda etgan axloqiypandnoma va tanqidiy-hajviy yo`nalishdagi “Zarbulmasal” asari Gulxaniyga favqulodda shuhrat keltirdi. Unda ijtimoiy hayot muammolari, turli toifadagi odamlar o`rtasidagi munosabatlar, xalq turmush tarzi va udumlari haqida majoziy uslubda so`z yuritiladi. Insonga xos xususiyatlar boshqa jonli va jonsiz narsalarga ko`chirib tasvirlansa, majoziy asar deyiladi. Gulxaniy ham, qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit qabilida qushlar misolida o`z davri voqeligi manzaralarini tasvirlaydi. Toju taxt talashlari, mamlakat urushlar natijasida yurt vayron, xalq xarob bo`lgan. Buxoro va Qo`qon xonliklari o`rtasidagi munosabat yomon bo`lib, ular o`zaro urishib yurganlari uchun ham asarda Buxoro go`yoki vayronalarga boy muzofot singari tasvirlansa-da, Qo`qon ham undan obod emas edi. Adib aytmoqchi, xonning atrofini Boyo`g`li, Yapaloqqush, Ko`rqush, Kordon, Kulonkir sulton kabi yomon odamlar o`rab olgan. “Holo, bu turg`onlaring navola do`stlari, piyola hariflari, taom emakka hozir, maslahatga aqli qosir”. Bu ketishda mamlakat vayronaga, shoh uning ustidagi Boyo`g`liga aylanib qolishi hech gap emas. Gulxaniyning yirtqich va asosan, tunda ov qiladigan qushlarni o`z asariga qahramon qilib olishida nozik ishora mavjud. Shuning uchun Ko`rqush tilidan nasihat qiladi: “Ulug`ni borgohinda xiradmandi donish va aqli xiradi bohush har qancha ko`b bo`lsa ham, oz bo`lur. Xususan, podshohi odilg`a uch toifadin guzir yo`qdur: avval, odamni boamalki, podshohning oxiratlik asbobini tarabdudida bo`lsa. Ikkinchi vaziri sohibi ra`ykim, podshohning dunyolik yarog`ini tarabdudida bo`lsa. Uchinchi, munshiyi rostnavis, qalamzanu nigohdoru shamshirzan bo`lsa”.
Gulxaniy o`z zamonasida sodir bo`layotgan talon-tarojlik, xalqni qiynash, ortiqcha soliqlar solish kabi voqealarni ochiqdan-ochiq yoza olmas edi. U buni faqat ertak yo`li bilan amalga oshirish mumkin ekanligini tushunadi. Shuning uchun Yapaloqqush va Boyo`g`lining bir-biriga quda bo`lishi voqeasini keltiradi. Bu ikki quda to`y bahonasi bilan mamlakatni xonavayron qiladi. Yozuvchi Ko`rqush, Hudhud, Kulonkir sulton, Sho`ranul, Malik Shohin va Kordonlarning birbirlariga aytgan masallari, hikoyalari orqali asarning g`oyaviy mazmunini ochadi. Yapaloqqush va Boyo`g`lilar yuqori tabaqa vakillari. Ularning xatti-harakatlari ochko`z va qonxo`r bo`ri, aldamchi va shayton tulkilarga o`xshaydi. Bularning o`y-fikrlari, yurish-turishlari shumlik, shahar va qishloqlarning vayron bo`lishi uchun bayramdir. Asarda Yapaloqqush bilan Boyo`g`lining quda-anda bo`lishi, Yapaloqqushning o`g`li Kulonkirga Boyo`g`lining qizi Gunashbonuning olib berilishi sarguzashtlari majoziy, o`tkir hajviya tarzida tasvirlanadi. Gulxaniy qushlarning o`zaro murakkab munosabatlari asosida o`z davri ijtimoiy hayotining tanqidiy manzarasini yaratadi. Asarning “Zarbulmasal” deya nomlanishiga sabab, unda yozuvchi xalq tilidagi maqol va masallarni tasvirlayotgan hayotiy voqealarga mutanosib ravishda zarblash usulida ish tutgan. “Zarbulmasal” mundarijasiga “Toshbaqa bilan Chayon”, “Tuya bilan bo`taloq”, “Maymun bilan najjor” kabi masal va 400 dan ortiq maqol, talay xalqona iboralar voqealar izchilligiga singdirib yuborilgan. “Zarbulmasal” badiiy asar bo`lishi bilan birga, mumtoz nutqiy xazina hamdir. Undagi «tesha tegmagan» iboralar va mazmundor maqollardan bugungi adabiy tilimizni boyitishda ham foydalanish mumkin.
3. Biz Gulxaniyning “Zarbulmasal” asaridagi syujet (voqea) ipiga san`atkorona bog`lanib kelgan va har birini mustaqil asar deyish mumkin bo`lgan “Maymun bilan Najjor”, “Tuya bilan Bo`taloq”, “Toshbaqa bilan Chayon” masallarida “qissadan hissa” tariqasida axloqiy-ta`limiy fikr va ma`nolar ifodalanganini ko`rib o`tdik. Masal tuzilishi jihatidan xilma-xildir: ba`zi masallar she`r bilan yozilsa, ayrimlari nasriy yo`l bilan yoziladi. Chunonchi “Maymun bilan Najjor” she`riy formada, “Toshbaqa bilan Chayon” nasriy usulda yozilgan. Obraz badiiy asarning o`ziga xos xususiyatidir. Masalda ko`rib o`tganimizdek, maymun, tuya, bo`taloq singari hayvonlar, toshbaqa, Chayon kabi jonivorlarning majoziy-kinoyaviy obrazlari ma`lum bir ijtimoiy ma`noni bildiradi. Masalan, toshbaqa bilan Chayon obrazida fe`l-atvori bir-biriga zid kishilar ustida bahs yuritgan yozuvchi, toshbaqaning harakati orqali bir-biriga yordam, do`stlik, hamkorlik, mehr-shafqat singari insoniy tuyg`u va fazilatlarni ma`qullasa, Chayonning nojo`ya qilmishida insoniy qiyofasini yo`qotgan, kishilik jamiyati uchun tamomila zararli bo`lgan yaramas fe`l-atvorni fosh etgan. Gulxaniy bunday kishilardan nafratlanib, do`st bilan dushmanni ajrata bilish, dushmanga o`z vaqtida qaqshatqich zarba berishga chaqiradi. Insonparvar kishi sifatida tasvirlangan toshbaqa tomonidan cho`ktirib yuborilgan Chayonning halokati misolida masalning g`oyaviy mazmuni ochiladi. Gulxaniy yovuz xoinlar mahv etilishi muqarrar degan xulosa chiqaradi. Masaldagi bunday ibratli fikr va xulosalar qissadan hissa deyiladi. Qissadan hissa, ko`rib o`tganimizdek, ko`pincha, masalning oxirida, ba`zan esa boshida keladi.
4. “Zarbulmasal” xalq orasida “Yapaloqqush hikoyasi” nomi bilan mashhur bo`lib, qissaxonlik kechalarida uni eshitgan shinavandalar asarning chuqur hayotiy mazmuniga qoyil qolishgan. Uning qisqacha mazmuni quyidagicha: Farg`ona iqlimida Qayqubod degan podshohdan qolgan bir vayrona bor edi. Unda yashovchi Boyo`g`lining Gunashbonu ismli qizi bo`ladi. Shu atrofda manzil tutgan Yapaloqqush uni o`g`li Kulonkir sultonga olib bermoqchi bo`lib, Ko`rqushni sovchilikka yuboradi. Ko`rqush yo`lda Hudhudga duch kelib, o`zaro munozara qiladi. Keyin Kulonkir sulton bilan gaplashib oladi. Boyo`g`linikiga kelsa, u qarindoshlari bilan kengashib, so`ng javob bermoqchi bo`ladi. Buni yaxshilikka yo`ygan Yapaloqqush do`sti Sho`ranul degan qarg`a orqali qushlar shohi Malikshohindan suyunchi oladi. Malikshohin o`zining pahlavoni bo`lmish Kulonkir sultonning to`yini podshohlik hisobidan o`tkazib bermoqchi bo`lib, o`z xazinachisi Kordonni to`y xarajatlarini aniqlash uchun Boyo`g`linikiga jo`natadi. Boyo`g`li qizining qaliniga mingta vayrona so`raydi. Kordon Umarxon davrida mamlakat obod bo`lib, vayronalar kamaygani, shuning uchun uning sonini 600 taga tushirishni so`raydi. Boyo`g`li ko`nmagach, ortiga qaytib ketadi. Uni eshitgan Ko`rqush oting Kordon – ishbilarmon bo`lsa-da, aslida qo`lingdan hech ish kelmas ekan deb, o`zi Boyo`g`lining yoniga kelib, Qo`qondan topilmasa ham, mingta vayronani Buxoro muzofotidan topib berishga va`da beradi. Shundan keyin dabdabali to`y qilib, kelin-kuyov murod-maqsadlariga etadilar. Yuqorida ta`kidlab o`tganimizdek, mazkur to`y bo`lishidan oldin Ko`rqush sovchilikka borgan edi. U sovchilikka keta turib yo`lda Hudhud (popishak) ga duch keladi. Ko`rqushning Boyo`g`lining qiziga sovchilikka boryotganini fahmlagan Hudhud unga: “…qo`lidan kelmas ishga uringan… maymunga o`xshab rasvo bo`lma”, - deydi. Shu o`rinda Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalini voqeaga bog`lab keltiradi. “Hunar-zar” deb, Najjorning ishini davom ettirmoqchi bo`lgan Maymunning dumi yog`ochning orasiga qisilib qoladi, qutulmoqning ilojini topolmay sharmanda bo`ladi:
Ketdi hunar shavqi bila g`ussasi,
Tushdi yag`och ayrisig`a dumchasi.
Bal keynidin bo`ldi tutulmoqlig`i,
Mumkin emas o`ldi qutulmoqlig`i.
Odami jinsida yo`q qissasi,
Qoldi aning dumchasining hissasi.
Gulxaniy kishilarni bilim va hunar o`rganishga, o`z kasbini to`liq egallashga chaqiradi
Aydi: «Ulus ichra bu bir kasbdur,
Kasbni boshina kiysang nasbdur».
Bu fikr qissadan hissa tariqasida uqtiriladi.
Gulxaniy “Maymun bilan Najjor” masalida hunar va hunar ahlini ulug`laydi, qo`lingdan kelmaydigan ishga aslo urinib kulgi bo`lma, ko`r-ko`rona birovga taqlid qilib falokatga yo`liqma, degan fikrni maymunning qismati orqali ko`rsatadi. Najjor juda aqlli va mohir hunarmand sifatida tasvirlanadi. U ijtimoiy-foydali mehnat bilan shug`ullanishni har narsadan yuqori qo`yadi. Gulxaniy Najjor va uning mehnatini, duradgorlik mahoratini tasvirlar ekan, hattoki, Maymun ham mehnatga muhabbat bilan qaraydi, hunarga va hunar egasiga uning havasi keladi, degan fikrni olg`a suradi. O`z navbatida, Ko`rqush ham Yapaloqqush uni majbur qilib sovchilikka yuborayotganini ta`kidlamoqchi bo`lib, “Sen tevaning bo`tasi onasi birla munozara qilganidan bexabarga o`xsharsan”, deydi va “Tuya bilan Bo`taloq” masalini hikoya qiladi. Bunda sorbon tuyani cho`ktirganda bo`talog`i onasiga yetib olib, uning ilgarilab ketganidan ranjib:
Dostları ilə paylaş: |