Din falsafasi taqqoslash, sintez va analiz, abstraktlashtirish, umumlashtirish singari aqliy amaliyotlarning boy xazinasidan unumli foydalanadi. Bilishning bunday operatsiyalaridan o‘xshatish usulida, kauzallik usulida, ya’ni sabab-oqibat munosabatlarini aniqlashga yo‘naltirilgan usulda, shuningdek, dinni o‘rganishning struktur-funksional usulida foydalaniladi.
Sotsiologik yondashuv guruhlarda dindorlikning aks etishi, siyosat va dinning, hokimiyat va dinning o‘zaro ta’sirini o‘rganadi. Nemis sotsiologi Maks Weber ning izlanishlarida diniy yo‘l- yo‘riq, hayot tarzi va xo‘jalik faoliyatining o‘zaro aloqasi o‘rganilgan12
Dinni o‘rganishdagi funksional yondashuv an’analari O.Kont (1798-1875) va G.Spenser (1820-1903) ishlariga borib taqaladi. Ular jamiyatdagi turli institutlarni o‘zining muhim ishini bajarayotgan jonli organizmga qiyoslashadi. Kont fikricha, antik davrdan o‘rta asrlar oxirigacha inson o‘z taraqqiyotining ilk bosqichida teologik tafakkurdan foydalandi.
Ijtimoiy-siyosiy yondashuv dinni o‘ziga xos “ijtimoiy buyurtma” sifatida tushunadi. Dinga ijtimoiy-siyosiy yondashuv XIX asr nemis sotsiologlari va ular izdoshlarining tadqiqotlarida namoyon bo‘lgan. Din ularni, eng avvalo, siyosiy kurash bilan bog‘liq ravishda qiziqtirgan. Ular dinga tanqidiy jihatdan, ijtimoiy buyurtma sifatida, shuningdek, jamiyatni boshqaruvchi elitaning mafkurasi sifatida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar kontekstida qiziqishgan: “inson dinni yaratadi, din esa insonni yaratmaydi”.
O‘z navbatida, “dunyoviylik” tamoyilini to‘g‘ri anglash, jamiyat va din orasidagi munosabatlarda muvozanatni saqlash lozim bo‘ladi. Zero, dinning jamiyatda o‘ziga xos o‘rni mavjud. Bu haqda O‘zbekicton Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlarni keltirish muhimdir: “Dunyoviy va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to‘g‘ri tushuntirishimiz lozim. Tarix va hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to‘ldirmas ekan, bugungi kunning og‘ir va murakkab savollariga to‘laqonli javob topish oson bo‘lmaydi. Shu ma’noda, biz muqaddas dinimiz arkonlari va qadriyatlarini doimo ulug‘lab, shu bilan birga, dunyoviy hayotga ham qat’iy ishonch bilan intilib yashagan taqdirdagina o‘z ezgu maqsadlarimizga eta olamiz”.