O’zbekistonda ro’y berayotgan iqtisodiy islohotlar qimmatli qog’ozlarga bo’lgan qiziqishni qayta uyg’onishiga sabab bo’ldi. Qimmatli qog’ozlarning turli bozori shakllandi va rivoj topdi.
Milliy iqtisodiyotimizda xo’jalik yuritishni bozor usullariga o’tkazish jarayonida qimmatli qog’ozlar bozorini shakllantirish va mukammal faoliyat olib borishini ta’minlash muammosi, qimmatli qog’ozlar bozori sub’ektlarining muhim xususiyatlarini va ma’lum bir sohadagi o’ziga xos qiziqishlarini aniqlash juda dolzarb masala bo’lib turibdi.
Mamlakatimizda qimmatli qog’ozlar bozorini rivojlanish xususiyatlari shundan iboratki: birinchidan u bozor iqtisodiyotiga asoslangan qonunlar asosida shakllanmoqda; ikkinchi tomondan esa O’zbekistonda mavjud o’ziga xoslikni ifodalaydi.
Korxonaning vaqtincha bo’sh turgan pul mablag’laridan samarali foydalanish usullaridan biri - bu ularni qimmatli qog’ozlar sotib olishga yo’naltirishdir.
«Qimmatli qog’ozlar – bu ularni chiqargan shaxs bilan ularning egasi o’rtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlovchi dividend yoki foiz ko’rinishida daromad to’lashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga o’tkazish imkoniyatini nazarda tutuvchi pul hujjatlaridir»4. Boshqacha aytganda, qimmatli qog’ozlar – uni bir shaxsdan ikkinchi shaxsga berish orqali abstrakt mulkchilik huquqini ifodalaydi. Qimmatli qog’ozlarga quyidagilar kiradi: aksiyalar, obligatsiyalar, g’azna majburiyatlari, depozit va jamg’arma sertifikatlari, hosila qimmatli qog’ozlar, veksellar.
Mablag’larni moliyaviy investitsilarga yo’naltirish o’z tavsifiga ko’ra yuqori tavakkalchilik faoliyati bilan bog’liq bo’lib, tavakkalchilik darajasini imkoni boricha pasaytirish maqsadida emitentning moliyaviy holatini va bozor kon’yunkturasini bilish fond birjasi ma’lumotlarini muntazam ravishda monitoring qilib turishni taqozo etadi.
Aksiya, obligatsiya, g’azna majburiyatlari va hosila qimmatli qog’ozlarning rekvizitlari O’zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi xuzuridagi qimmatli qog’ozlar va fond birjalari bo’yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi, depozit sertifikatlari va veksellarni rekvizitlari esa O’zbekiston Respublikasi Markaziy Banki tomonidan belgilanadi. Qimmatli qog’ozlarning majburiy rekvizitlarining yo’qligi yoki qimmatli qog’ozni belgilangan shakliga to’g’ri kelmasligi uni bekor qilinishiga olib keladi. Qimmatli qog’oz ifodalaydigan huquqlar uni taqdim etuvchiga tegishli bo’lishi mumkin (taqdim etiluvchi qimmatli qog’oz) yoki qimmatli qog’ozda ko’rsatilgan shaxsga tegishli bo’lishi mumkin (egasi ko’rsatilgan qimmatli qog’oz). Тaqdim etiluvchi qimmatli qog’ozga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o’tkazish uchun qimmatli qog’ozni o’zini berish kifoya. Egasi ko’rsatilgan qimmatli qog’oz bir shaxsdan boshqasiga o’tishi hisob yozuvlaridagi tegishli qaydlarni o’zgartirish bilan amalga oshiriladi.
Qimmatli qog’ozlar qatoriga kiritiluvchi pullik hujjatlar tarkibiga quyidagilar kiritiladi: egalik huquqini yoki qarz olish munosabatlarini belgilab beradigan, yoki ularni chiqaruvchi shaxs va egasi orasidagi munosabatlarni belgilaydigan, dividend yoki foiz ko’rinishida daromad to’lovlarini amalga oshiradigan, yoki pullik hujjatni o’zini berish yo’li bilan unda zikr etilgan pullik yoki boshqa huquqlarni bir shaxsdan boshqasiga o’tishi belgilangan.
Moliyaviy investitsiyalar auditini o’tkazish jarayonida «Buxgalteriya hisobi to’g’risida», «Qimmatli qog’ozlar bozori va fond birjasi to’g’risida» va «Auditorlik faoliyati to’g’risida» gi O’zbekiston Respublikasi qonunlari, 12-son «Moliyaviy investitsiyalar hisobi» nomli BHMS va auditorlik faoliyatining milliy standartlariga rioya qilish lozimdir.
Moliyaviy investitsiyalar auditini o’tkazganda uchraydigan asosiy atamalarni «Qimmatli qog’ozlar va fond birjalari to’g’risida» gi O’zbekiston Respublikasi Qonuniga asoslanib aniqlab olamiz.
Aksiya – amal qilish vaqti belgilanmagan qimmatli qog’oz bo’lib, yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ma’lum ulushni aksioner jamiyatini nizom jamg’armasiga kiritilishini, uning egasini mazkur jamiyatga egalik qilishda qatnashishini va dividend olish, shuningdek jamiyatni boshqarish huquqiga ega bo’lishini tasdiqlaydi. Daromad olish ketma-ketligi bo’yicha aksiyalar oddiy va imtiyozlilarga bo’linadi.
Oddiy aksiyalarga korxonaning yillik faoliyati natijasi bo’yicha dividend to’lash mo’ljallanadi. Ular boshqarishga ta’sir ko’rsatish huquqi bo’yicha farqlanadi: ovoz berish huquqiga ega bo’lmagan va bir yoki bir nechta ovozga ega bo’lgan aksiyalar. Imtiyozli aksiya ovoz berish huquqiga ega emas, lekin doimiy qat’iy belgilangan dividendlar bilan ta’minlanadi va korxona tugatilganda birinchi navbatda qoplanadi. Qimmatli qog’ozlar bozorida qo’llanilish turi bo’yicha nomli va taqdim etiluvchi aksiyalar farqlanadi.
Obligatsiya – bu uning egasi ma’lum miqdorda pul to’laganini va unda belgilangan muddatda nominal qiymatini va aniq belgilangan foizini so’ndirish bo’yicha majburiyatlar ko’rsatilgan qimmatli qog’oz (agarda chiqarish shartlarida boshqa narsa ko’zda tutilmagan bo’lsa).
Obligatsiyalarni korxonalarning nizom jamg’armasini shakllantirish va to’ldirish uchun, shuningdek xo’jalik faoliyati bilan bog’liq zararni qoplash uchun chiqarish mumkin emas.
Aksionerlik jamiyatlar hamma chiqarilgan aksiyalari to’liq to’langanidan keyingina xususiy kapital hajmining 100 foizidan miqdorda korporativ obligatsiyalar chiqarish huquqiga ega. Boshqa mulkchilik shakliga ega bo’lgan korxonalarga korporativ obligatsiyalar chiqarish mumkin emas.
G’azna majburiyatlari – taqdim etiladigan qimmatli qog’ozlar bo’lib, ularning egalari byudjetga pul mablag’lari o’tkazganini va bu qimmatli qog’ozlarga egalik qilish muddati davomida aniq belgilangan daromad olish huquqini beruvchi ko’rsatuvchi egalik qiladigan Davlat qimmatli qog’ozlaridir.
G’azna majburiyatlari quyidagi turlarda chiqariladi: uzoq muddatli – 5 yil va undan uzoq bo’lgan muddatga, o’rta muddatli – 1 yildan 5 yilgacha, qisqa muddatli 1 yilgacha bo’lgan muddatga. Uzoq va o’rta muddatli g’azna majburiyatlarini chiqarish bo’yicha qaror O’zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi. Qisqa muddatli g’azna majburiyatlarini chiqarish bo’yicha qarorni O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qabul qiladi. G’azna majburiyatlarini chiqarish to’g’risidagi qarorda daromad to’lash va majburiyatlarni bajarish shartlari belgilanadi.
Depozit sertifikati – bu pul mablag’lari omonatga qo’yilganligi to’g’risida, omonatchiga belgilangan muddat tugaganidan keyin depozit summasi va unga tegishli foizlarni olish huquqini beruvchi kredit muassasasining guvohnomasidir.
O’zbekistonda sertifikatlar ikki turda chiqariladi: depozit sertifikatlari (yuridik shaxslar uchun, 1 yilgacha muddatga); depozit (jamg’arma) sertifikatlari (jismoniy shaxslar uchun, 3 yilgacha muddatga).
Veksel deb shunday qimmatli qog’ozga aytiladiki, unda veksel chiqaruvchi yoki vekselda ko’rsatilgan to’lovchini belgilangan muddat kelganda belgilangan mablag’ni veksel egasiga so’zsiz to’lanish majburiyatini tasdiqlovchi qimmatli qog’ozdir.
Hosila qimmatli qog’ozlar – bu shartnomalar bo’lib, ular bo’yicha bir tomon qimmatli qog’ozlarning ma’lum bir miqdorini ma’lum muddatda kelishilgan narxda sotib olish yoki sotish huquqi yoxud majburiyatini oladi. Hosila qimmatli qog’ozlar opsion, fyuchers va boshqa moliyaviy instrument ko’rinishida bo’lishi mumkin.
Opsion – shunday shartnomaki, uning egasiga qimmatli qog’ozlar yoki tovarlarni kontraktda kelishilgan narxda kelishilgan muddatda xarid qilish huquqini beradi.
Fyuchers–kelajakda, kelishilgan aniq vaqtda kontraktda belgilangan narxda ma’lum bir qimmatli qog’ozlar yoki boshqa moliya instrumentlari yoki tovarlarni so’zsiz sotib olish yoki sotish majburiyatini belgilovchi qimmatli qog’oz (kontrakt).
Qimmatli qog’ozlar emissiyasi - qimmatli qog’ozlarni ularni birinchi egalari (investorlari), yuridik yoki jismoniy shaxslarga sotish orqali muomalaga chiqarish.
Emissiya quyidagi holatlarda amalga oshiriladi: aksionerlik jamiyati ta’sis etilib uning aksiyalari ta’sischilar orasida joylashtirilganda; aksionerlik jamiyati aksiyalar chiqarish yo’li bilan boshlang’ich nizom kapitali (jamg’armasi) miqdori oshirilganda; obligatsiya va boshqa qarz majburiyatlarini chiqarish orqali yuridik shaxslar, davlat hokimiyati va boshqarish organlari tomonidan qarz kapitali jalb qilinganida; o’zaro respublika miqyosida korxonalarning qarz majburiyatlarini to’lash (so’ndirish) jarayoni amalga oshirilganda.
Har bir yuqorida sanab o’tilgan holda vakolatli davlat organi emissiyaning minimal va maksimal o’lchamini belgilaydi.
Ma’lumki, qimmatli qog’ozlar muomala jarayonida uchta bosqichdan o’tadi. Bulardan birinchisi, emissiya bosqichi bo’lib, unda qimmatli qog’ozlar birlamchi joylashtiriladi va o’zining birinchi egasi (anderraytor yoki investor) ga o’tadi. Ikkinchi bosqich deganda, ularning ikkilamchi, ya’ni aktiv bozordagi harakati tushuniladi. Yakuniy - uchinchi bosqichda qimmatli qog’ozlarning so’ndirilishi (emitent tomonidan qaytarib olinishi) amalga oshiriladi. Ushbu muomala jarayonida qimmatli qog’ozlar harakati fond birjalarida amalga oshirilib, vaqtga teskari mutanosib (proporsional) ravishda nominal va haqiqiy (bozor) narxlari o’zgaradi. Ushbu o’zgarish iqtisodiyotda bozor kotirovkasi deb ham ataladi.
Bozor kotirovkasiga ega qimmatliqog’ozlar deganda, fond birjalari va birjadan tashqari bozorlarda faol savdo qilinadigan aksiyalar va obligatsiyalar tushuniladi, ularning kotirovkasi esa keng chop etiladi. Bunday qimmatli qog’ozlarning ro’yxati qimmatli qog’ozlar (fond) birjasi ekspert komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi. Bunda qimmatli qog’ozlar javob berishi lozim bo’lgan quyidagi mezonlarga qaraladi: birja savdosiga ruxsat etish shartlari (listing shartlari) ga mos kelish; bitta fond birjasida rasmiy kotirovka qilishga ruxsat etish.
Korxonaning qimmatli qog’ozlar listingiga kiritilishi tavsiya etilayotgan qimmatli qog’ozlar sifati haqida potensial investorlarga aniq tasavvur berishdan iborat. Bozor ishtirokchilari emitentning iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini va shu bilan birga uning qimmatli qog’ozlari ishonchliligini baholash imkoniyatlariga ega bo’lishlari lozim.
Qimmatli qog’ozlar bilan birjada savdo qilishga ruxsat etish uchun korxona ishlab chiqarish jarayonlari va boshqaruvining eng muhim sohalarini tahlil qilish zarurligini alohida ta’kidlab o’tish lozim. Bunda tahlil quyidagi axborotlarni umumlashtirish va ishlashga tayanadi: ustav kapitalining miqdori, bitta aksiyaga to’g’ri keladigan daromad, xavf-xatarni baholash, bozorning holati, ishlab chiqarish samaradorligi, to’lov qobiliyati va pul mablag’lari bilan ta’minlanganlik.
Ishlab chiqarish samaradorligini tahlil qilishda birinchi navbatda, xarajat va natijalar nisbati, bu nisbatni bir me’yorda tutib turish va yaxshilash layoqati baholanadi.
Ishlab chiqarish xarajatlari strukturasi batafsil tahlil qilinganidan so’ng asosiy ishlab chiqarish fondlarining faoliyati, material va mehnat resurslari ko’rib chiqiladi.
Boshqaruv samaradorligini baholashda: ishlab chiqarish va moliyaviy muomalalar natijalari puxta tahlil qilinadi; korxona faoliyatini strategik va joriy rejalashtirishning sifati; rejalarning kompleksligi va ular bajarilishining sifati; ichki boshqaruv, moliyaviy, shuningdek tashqi nazorat ham baholanadi. Korxonaning firmalar bilan qo’shilib ketishi, boshqa kompaniyalarni o’ziga qo’shib olish, boshqa firmalarni sotib olish hisobiga kengayish imkoniyatlari ko’rib chiqiladi. Nomoddiy aktivlar, boshqaruv, tashkiliy resurslar, firmaning bozordagi amaliy shuxrati, sotish shaxobchalarini nazorat qilish va shu kabilar alohida baholanadi. Hisobni tahlil qilishda hisob yuritish siyosati, asosiy vositalar va nomoddiy aktivlarga amortizatsiya hisoblashda qo’llaniladigan metodlar, moddiy qiymatliklarni baholash, daromadlarni aniqlash va boshqalar umumiy tarzda baholanadi. shuningdek, firma moliyaviy ahvolini aks ettirishning to’laligi ko’rib chiqiladi.
Daromadlilikni tahlil qilish korxonaning uzoq kelajakdagi daromadliligini, soliqlarni to’lashda oldingi va keyingi kapitalga to’g’ri keladigan daromadlarni tavsiflaydigan asosiy ko’rsatkichlarni ko’rib chiqishni nazarda tutadi. Inflyatsiya va o’z-o’zini moliyalashtirish imkoniyatlari o’sishining ta’siri baholanadi. Тo’lovga layoqatlilikni tahlil qilish korxona qisqa muddatli va uzoq muddatli qarzlari tarkibini, kreditor qarzlarni o’rganib chiqish, o’z aylanma mablag’larining tarkibi va manbalarining qo’shimcha o’sishini o’rganishdan iborat. Korxona jami qarzlarining o’z kapitaliga nisbati dinamikasi ya’ni kapital strukturasi koeffitsiyentlari; pul mablag’lari va boshqa joriy aktivlarning joriy majburiyatlariga nisbati, ya’ni tez va mutloq likvidlik koeffitsiyentlari aniqlanadi va baholanadi.
Pul mablag’lari bilan ta’minlanganlik korxonaning barcha ehtiyojlarini o’z mablag’lari bilan qondira olish imkonini bildiradi. Bunday imkoniyatni baholash bir necha yillardagi naqd pullar harakati rejasini va hisobotini shuningdek, kapital investitsiyalarga bo’lgan ehtiyojni va boshqalarni tahlil qilish yo’li bilan amalga oshiriladi.
Ko’rinib turibdiki, o’z qimmatli qog’ozlarini birjaga chiqarish haqida qaror qabul qilgan korxona bozorda yaxshi sharoitlarga shuningdek, yaqin kelajakdagi rivojlantirishning aniq strategiyasi, mahsulot ishlab chiqarishning zamonaviy texnologiyasi, ishlab chiqarish va menejmentning yuqori saviyada tashkil etilishiga ega bo’lishi lozim.
Rasmiy ravishda kotirovka qilishga ruxsat etish, korxonada mustaqil auditorlik kompaniyalari tomonidan ishonchliligi tasdiqlangan hisobotlarni taqdim etish bo’yicha ma’lum majburiyatlar bajarilishini va asosiy hisobot ko’rsatkichlarini rasmiy birja byulletenlarida chop etilishini ko’zda tutadi.
Ushbu barcha choralarning qat’iyligi aksiyadorlarni maksimal himoya qilish bilan bog’liq. shuning uchun auditor qimmatli qog’ozlarni inventarizatsiya qilishda ularning emitentlarini va rasmiy birja kotirovkasining mavjudligini puxta tahlil qilishi zarur. Agar korxona mablag’lariga qo’yilgan qimmatli qog’ozlar fond birjalarida muomalada bo’lmasa va bozor kotirovkasiga ega bo’lmasa, u holda auditor bunday qimmatli qog’ozlarni sotib olishda vujudga keladigan xavf-xatarlarni baholashi zarur. Bunda auditor qimmatli qog’ozlarning haqiqiy sotib olish bahosini ularning daromadliligini tahlil qilishda asos bo’ladigan muqobil kursi bilan qiyoslashi zarur. Afsuski, bizning amaliyotimizda daromadlilikni bunday tahlil qilish o’tkazilmayapti. SHuni inobatga olgan holda, qimmatli qog’ozlar bozori rivojlangan mamlakatlar tajribasidan foydalanish mumkin.
Bu quyidagilarni ko’zda tutadi:
soliqlar chegirib tashlanganidan so’ng taqqoslanuvchan, tasodifiy, vaqti-vaqti bilan o’zgarib turmaydigan daromad miqdori aniqlanadi. Bu miqdor bitta aksiyaga hisoblab chiqariladi;
taqqoslanayotgan korxonalar aksiyalari bozorining o’rtacha foydaliligiga yo’naltirilgan foyda multiplikatori hisoblab chiqariladi. Korxonada emitentning moliyaviy hisoboti yo’q bo’lsa, bunday tahlilni o’tkazish imkoni bo’lmaydi. Auditor bu holda birjada kotirovka qilinmagan aksiyalarga investitsiyalar qilish haqida qaror nimaga asosan qabul qilinganligi, korxona rahbariyati va ichki auditorlik xizmati tomonidan hisobotlar va emitentning hozirgi va kelajakdagi moliyaviy holati tahlil qilinganligi bilan ham tanishishi zarur.
Moliyaviy investitsiyalar inflyatsiya sharoitida pul mablag’lari qadrsizlanishining oldini olish, qo’shimcha daromad olish va boshqa korxona faoliyati ustidan nazorat o’rnatish maqsadida amalga oshiriladi.