«Sosiologiya» fanidan o’quv-uslubiymajmua tuzuvchi: dos. Jo’rayev L. N. dos. Yusupov R. K. kat o’qit. Sherov M. B. Samarqand – 2015



Yüklə 0,65 Mb.
səhifə24/81
tarix10.02.2023
ölçüsü0,65 Mb.
#123249
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   81
«Sosiologiya» fanidan o’quv-uslubiymajmua tuzuvchi dos. Jo’raye

Sosiologiya strukturasi. Struktura bu fandagi asosiy elementlar ularning joylashishi, munosabati va tartibidir. Struktura bevosita fanning rivojlanish darajasi va uning elementlariga bog’liqdir. Fanning rivojlanib borishi davrida uning elementlari bir tizimga to’planib, bu sistema orqali esa bilimlarni tashkil qilish vositaligi taminlanadi. Buning natijasida esa nazariy, metodologik, metodik va boshqa elementlar o’rganilayotgan voqyelikni (reallikni) yaxlit ko’rinishda aks ettiradilar. Fan bir tizim sifatida, qachonki umumiy asoslar, kategoriya va tushunchalarni ishlab chiqgandagina va bilishning har xil darajalari va shakllari orasida mantiqiy bog’lanish bo’lsagina yuzaga kelishi mumkin. Bu holatda fanning turli xil rivojlanish yo’nalishlari bilimning shakllangan tizimi bilan muvofiqlashadi. Agarda Sosiologiya haqida gapiradigan bo’lsak, u hali yetuk birlashgan ilmiy tizim sifatida shakllangani yo’q. Hali yosh va rivojlanayotgan fan sifatida Sosiologiya har xil ilmiy tizimlarning to’plami sifatida ko’zga tashlanyapti.
Sosiologiyaning strukturasini har xil tahlil qilish mumkin. Ayniqsa, bu strukturani aniqlash nazariy Sosiologiya, metodologiya va empirik tadqiqotni ajratib olishlik bilan ko’pincha yuzaga keladi.
Lekin bu Sosiologiyaning komponentlarini ajratib olish umumiyroq manoga ega, natijada esa fanning murakkab va har xil ko’rinishga ega bo’lgan strukturasining mazmuni kashf etilmaydi. Shuning uchun to’laroq va har tomonlama xususiyatga ega bo’lish bilangina Sosiologiyani strukturasini ko’rsatib berish lozim. Sosiologiya strukturasida fundamental va amaliy yo’nalishlarni, nazariy va empirik tadqiqotlarni, maxsus va tarmoq sohalarni ajratib ko’rsatish darkor. Ular bir-birlari bilan juda murakkab o’zaro dialektik aloqadordirlar. Ayrim hollarda bir-birlariga qo’shilib ketadilar, boshqa holatlarda esa bir-birlarini inkor qiladilar. Tadqiqotimiz ilmiy, teran bo’lishligi uchun Sosiologiya strukturasini bu elementlarini alohida tahlil qilib chiqishga harakat qilamiz.
Fundamental Sosiologiya boshqa elementlardan o’zining hal qilayotgan muammolarining darajasi, ko’lami va ahamiyati bilan farq qiladi. Fundamental Sosiologiya mohiyatli muammolar, abstraksiyaning (mavhumlik) oliy darajasi bilan shug’ullanib, Sosial olamning taraqqiyoti va borlig’i uchun zarur bo’lgan umumiy qonun va qonuniyatlari izlash bilan faoliyat ko’rsatadi. Fundamental Sosiologiya ko’plab maktablar va yo’nalishlarga egadirki, ular Sosiologiya fanining asosini ijodiy izlash bilan banddir. Fanning asosini ijodiy ishlashning uchta asosiy aspektini ajratib ko’rsatish mumkin. Birinchisi, ontologik, yani Sosial voqyelikni mohiyati masalalarini yanada aniqroq aytadigan bo’lsak Sosiologiya obyektini, uning faoliyat ko’rsatish shakllarini tahlil qilib o’rganadi. Malumki, Sosial dunyo murakkab ko’pqatlamlik, dinamik va o’zgaruvchanlik xususiyatiga egadir. Ontologiya borliq haqidagi talimot sifatida falsafada vujudga keladi va ushbu fanning bosh mavzusi hisoblanadi. Sosiologiyada esa ontologiya masalalari ikkinchi jahon urushidan keyin, yanada keng ko’lamda esa oxirgi o’n yillikda ko’tarildi. Chunki bu vaqtda «pozitivistik» krizis degan jarayon keng quloch yozgan edi. Bu krizis jarayonining asosiy mohiyati shundan iborat ediki, ssiyentizmga asoslangan Sosiologiya natijalaridan ranjish, yani tradision ilmiy metodlar kutilgan ilmiy natijalar bermay qo’ydi.
Nafaqat bilishning shakl va metodlarini qayta ko’rib chiqish ehtiyoji paydo bo’ldi va yana Sosiologiyaning obyektini mohiyati, bilishning darajalari va mezonlarini ham qayta ishlash zaruriyati tug’ildi. Ontologik muammo masalalarini Sosiologiyadagi barcha nazariy yo’nalish vakillari o’zlaricha hal qilishga harakat qilganlar.
Ayniqsa, sosiologik muammoga ekzistensial va fenomenologik maktablar chuqur etibor bilan qaraydilar. Lekin realistik yo’nalish vakillari hammadan ham bu muammoga kengroq etibor beradilar. Realizm ̶ bu sog’lom fikrli ontologiyadir, deb takidlaydi ushbu yo’nalish vakillaridan biri U.Autveyt. Sosial reallik insonlarning mustahkam o’zaro harakati yangilanayotgan strukturaning natijasi sifatida tushuniladigan sinflar, jarayonlar va interpretasiyadir.
Realistik yo’nalish reallikni har xil darajasi, tabaqasini ajratib tahlil qildiki, bular shunday jabhalardir: real, aktual va empiriklikdir. Bu intilishlar esa metodologik munosabat sifatida juda muhimdir. Reallikning ushbu jabhalari orasidagi o’zaro bog’liqlik ularning Sosial voqyelikni shakllantirishdagi o’rni va ahamiyatining tashkil etilishi ushbu yo’nalishning beqiyos xizmatidir.
Fundamental Sosiologiya nafaqat nazariy asoslarni ishlab chiqish bilan shug’ullanadi, binobarin bilishning umumsosiologik fundamental prinsiplarini ham keng manoda ishlab chiqadi. Sosiologik bilishning mohiyati vazifalari, bilimlarning obyektivligi, u yoki bu prinsip va yondoshishlarni qo’llash ham fundamental Sosiologiya muammolari majmuasiga taalluqlidir.
Har xil nazariyalar negizida «sistemalilik», «funksional yondashish», «sababiyat», «tushunuvchi» yo’nalish deb ataladigan fundamental prinsiplar ishlab chiqildi. Sosial reallik mohiyatining masalalarini hal qilish bilan birgalikda, taraqqiyot qonunlari va insonning Sosial dunyodagi o’rni muammolari yechimini topish sababli malum bir sosiologik metodlar shakllanadi.
Sosiologiyaning rivojlanishi davrida o’rganilayotgan muammolar, tadqiqot yo’nalishlari o’zgardi, lekin asosiy, fundamental xarakterga ega bo’lgan fan uchun juda muhim ahamiyatga doir umumiy prinsiplar: Sosiologiyaning obyekti va predmeti, Sosial reakllikning mohiyati, uning rivojlanish qonunlari, Sosial olamdagi insonning ahamiyati va o’rni, uning ongi va tafakkuri kabilar o’z ahamiyatini yo’qotmadi.
Fundamental Sosiologiyaning maqsadi ̶ bu Sosial olamning to’liq tasvirini yaratishdir va bu Sosial olamning taraqqiyot manbai va shakllarini aniqlashdir. Ilk bor fundamental nazariyalar tabiiy fanlar taraqqiyotiga tayangan, ayniqsa biologiya va fizikaga. Sosiologiya fanining asoschilari xuddi shu fanlarning eksperimental va empirik negizga o’xshagan negiz asosida yangi Sosial fanni yaratishmoqchi bo’ldilar. XIX asrning ikkinchi yarmidagi yo’nalishlar ̶ pozitivizm, iaturalizm va psixologizm Sosial hayotning doimiy harakatlanuvchi mexanizmini kashf etish, Sosiologiyada empirik metodni yaratish uchun o’z kuch-g’ayratlarini birlashtiradilar.
Buning natijasida ular tabiiy fanlarning tushunchalarini, umumilmiy metod va yo’nalishlarini qo’llaydilar. Ammo XX asrning boshlarida Sosiologiya tabiiy fanlar tizimidan ajralib chiqa boshlaydi.
Fundamental Sosiologiya rivojining ikkinchi muhim tushunchasi ̶ bu Sosial jarayonlarning markaziy omili sifatida subyektga murojaat qilish bilan belgilanadi.
Shunday qilib, fundamental Sosiologiya bu metanazariyadir, u fanning strukturasi, mazmuni, kategoriyasi va metodlarini o’rganadigan umumsosiologik muammoni tadqiq qiladi. Shuning uchun, fundamental tadqiqotlarning roli beqiyosdir, funksiyalari esa xilma-xildir. Quyidagi funksiyalarni ajratib ko’rsatish mumkin: dunyoqarash, metodologik, integrasiyalashtiruvchi, evristik va hokazolar.
Dunyoqarash funksiyasi bevosita borliq va ong, insonning mohiyati kabi dolzarb muammolari bilan bog’liqdir. Chunki bu muammolar Sosiologiya fanining predmeti va obyekti yadrosini tashkil etadi. Bu muammolarni hal qilish jarayonida Sosiologiya falsafa bilan juda faol o’zaro muloqot va dialektik aloqada bo’ladi va Sosial olam haqida ilmiy tasavvur yaratadilar. Umumsosiologik nazariya negizida Sosiologiyaning umumiy metodologiyasi ishlab chiqiladi. Integrasiyalashtiruvchi funksiya fundamental nazariyani barcha bilimlar bilan bog’laydi. Fundamental Sosiologiyaning yaxlit yondashuvi yangi muammolarni hal qilish, ijtimoiy hayotning hali yaxshi o’rganilmagan tomonlarini chuqur ilmiy tahlil qilishga yordam beradi.
Sosiologiya fani tizimida amaliy tadqiqotlar paydo bo’ldi va rivojlanayapti. Amaliy sosiologik tadqiqotlar fuidamental Sosiologiyadan o’zining strukturasi, mazmuni va maqsadi bilan farq qiladi. Amaliy Sosiologiyaning xususiyati shundan iboratki, u orqali jamiyatning har bir sohasi uchun kerakli bo’lgan nazariy va empirik tadqiqotlarni natijalarini qo’llash uslublari va vositalari joriy etiladi. Amaliy Sosiologiya XX asr boshlarida tashkil topgan empirik tadqiqotlar negizida shakllandi va rivojlandi.
Yempirik va amaliy tadqiqotlarni tenglashtirishning yana bir sababi shundaki, empirik tadqiqotlar Sosial amaliyotga olib chiqadigan vosita hisoblangan. Binobarin, bu masalaga bunday yondashish uning mohiyatini to’g’ri tushunishga halaqit beradi. empirik tadqiqotlar jonli faoliyatni bevosita shaklida o’rgansa ham, u o’zgartiruvchanlik faoliyat emasdir. empirik tadqiqotlarning vazifasi bu kuzatish, eksperiment, hujjatlarni o’rganish va so’rov metodlari orqali Sosial jarayonlar haqida faktlar va empirik malumotlar yig’ishdir. empirik tadqiqotlar natijalaridan ham amaliy maqsadlarda, ham nazariy bilimlar rivoji uchun foydalanish mumkin.
Amaliy tadqiqotlar tizimida ham nazariy, ham empirik bilimlar mavjud bo’lib, ular amaliy tadqiqotlarni ijtimoiy hayotni turli sohalari faoliyatini takomillashtirish uchun amaliy tavsiyanomalariga aylantiradi.
Boshqaruv tizimini elementi sifatida amaliy tadqiqotlar fanning ijtimoiy funksiyalarini bajara borib, uning natija va yutuqlarini amaliy faoliyatga aylantiradi, o’zining amali yo’nalishiga qarab ayrim hollarda amaliy tadqiqotlar ilmiy tadqiqotlar bilan qarama-qarshilik munosabatida bo’ladi.
Foydaliylik va obyektivlik munosabatlari nisbati amaliy Sosiologiyaning eng muhim metodologik muammolaridan biridir. Ilmiy obyektivlik o’rganiladigan obyektning xususiyatlariga mosligi bilan belgilanadi. Ayni vaqtda foydaliylik bilimlar kimning manfaatlari uchunligini nazarda tutilishi bilan belgilanadi. Sosiologik tadqiqotlar umumiy ijtimoiy-madaniy kontekst bilan chambarchas bog’liq bo’lgan Sosial faoliyatning bir turi hisoblanadi. Buning natijasida esa tadqiqot natijalaridan iqtisodiy, siyosiy manfaatlar uchun foydalanadi.
Ilmiylik va foydaliylik bir-birlari bilan ziddiyatli munosabatlarga kirishmasliklari uchun M.Veberning fikricha haqiqat uchun intilish kerak, yani boshqacha qilib aytadigan bo’lsak, ilmiy bilimlardan to’g’ri foydalanish uchun iqtisodiy, Sosial-siyosiy va manaviy tuzilishlarning malum tizimi mavjud bo’lishi zarur.
Shunday qilib, amaliy Sosiologiya nafaqat tayyor bilimlarni ishlatadi, balki yangi nazariy va metodologik bilimlarni ham shakllantiradi. Amaliy Sosiologiya ilmiy bilimning amaliy effektivligi masalalarini hal qila turib fundamental tadqiqotlarni rivojiga rag’bat berish uchun yangi muammolarni o’rtaga qo’yadi. Amaliy tadqiqotlar ilmiy faoliyatning alohida bir turi sifatida faqatgina nazariy va metodologik muammolarni hal qilmasdan prosedura va metodik muammolarni ham yechishga intiladi.
Sosial injenerlik amaliy tadqiqotlarning negizida shakllangan faoliyatning malum bir yo’nalish sifatida shakllandi. Sosial injenerlik ̶ bu Sosial strukturani (iqtisodiy, siyosiy, madaniy, manaviy) maqsadga yo’naltirilgan, tubdan o’zgartirishlik bilan uni optimal va effektiv shaklga keltirishdir. Amaliy Sosiologiyaning sodial injenerlikdan tashqari yana Sosial texnologiya qismi ham muhim ahamiyatga egadir. U maqsadga erishishni taminlaydigan metodlar vositalarining majmuasidir. Amaliy Sosiologiya taraqqiyotini belgilab beradigan bu omil ijtimoiy-siyosiy holatdir, chunki Sosial amaliyotning muammolarini belgilab, hal qilib berish bu Sosial buyurtmadir, har xil konkret-tarixiy sharoitlarda turli xil muammolar oldingi o’ringa chiqishi mumkin. Ilk bor ishlab chiqarishni tashkil etish, shaxsning ijtimoiylashuvi, og’ishma xulq-atvor, urbanizasiya va jamiyatni stabillashtirish muammolarini yechish uchun Sosial buyurtmalar berilgan.
Amaliy tadqiqotlar tarmoq yo’nalishlarini shakllantiradi. Bu yo’nalishlarning orasida og’ishli xulq-atvor Sosiologiyasi, shahar Sosiologiyasi, industrial Sosiologiyalar ko’proq taraqqiy etgan. Inson o’limi muammosini o’rganadigan ̶ nekroSosiologiya, Sosialdiagnostikalar tarmoq yo’nalishlari orasida eng yangilari hisoblanadi.
Maxsus nazariyalar Sosiologiyaning obyektini muhim tomonlarini o’rganadi. Sosial struktura nazariyasi, o’zaro tasir nazariyasi, institutlar nazariyasi va hokazolar maxsus sohalar sifatida shakllandilar. Maxsus nazariya yoki o’rta daraja nazariyasi tushunchasini fanga R.Merton joriy etgan.
O’rta daraja nazariyasi Sosial tizimlarning umumiy nazariyasini Sosial xatti-harakatning tashkil etilishning umumiyligiga maxsus kuzatilayotgan turlari bilan bog’lashi kerak. Bu nazariyalar mavhum tushunchalardan foydalanadilar, lekin ular ko’pincha faktlar bilan bog’liqdirlar va bitirish tadqiqotlar asosida shakllanadilar. Shuningdek, xususiy nazariyalarni ham ajratib ko’rsatish mumkin va ular Sosial jarayonlar haqidagi empirik malumotlar bilan ko’proq bog’langanlar. Bunday nazariyalar deb quyidagilarni aytamiz: referent guruhlar nazariyasi, kichik guruhlar nazariyasi va boshqalar.
Bu nazariyalar inson fel-atvorining mustahkam mexanizmlarini har xil sharoit va holatlarda ko’rinishni aniqlashga harakat qiladilar. Nafaqat axloqli nazariyalar balki faoliyatning turli xil turlari nazariyalari: mehnat munosabatlari, qadriyatli moslashishni shakllantirish, tashkil qilish va boshqarish.
Yempirik tadqiqotlar Sosiologiyaning muhim komponenti hisoblanadi. Dastlabki empirik tadqiqotlar XVII asrdayoq o’tkazilgan edi, lekin faqatgina XX asrning birinchi choragidan AKShda ommaviy ravishda o’rin oladi.
Yempirik tadqiqotlar tajribali bilishni anglatadi. Ular Sosial guruhlar, individlar, tashkilotlar, muammolarni bevosita o’rganishni o’zining asosiy maqsadi deb hisoblaydilar. empirik sosiologik tadqiqotlarning obyekti ̶ bu ijtimoiy hayotning mikrojarayonlari, insonlarning harakatlari, tafakkur tarzi, fikri va munosabatlaridir. empirik tadqiqotlarlarni Sosiologiya fanning muhim bir bo’lagi sifatida empirizm konsepsiyasi bilan solishtirish mumkin emas, chunki empirizm konsepsiya sifatida nazariy sosiologik bilimlarni to’liq inkor etadi. empirizm hissiy idrokni bevositaligini fanning asosi deb hisoblaydi.
Yempirik tadqiqotlarning vazifasi sezgilar maydoniga bilimlarni olib chiqishi emas, aksincha bu bilimlarni rivojlantirish, empirik faktlar yig’ish, real jarayonlarni tadqiqot qilishligi bilan muammolarni ko’ndalang qo’yish va hal qilishlikdir. empirik tadqiqotlar xuddi boshqa fanlar kabi qo’yilayotgan bilishning malum bir vositasi, davri va darajasidir. empirik Sosiologiyaning obyekti mikrojarayonlar bo’lsa, predmet sifatida takomillashishning turli muammolari, munosabatlar uyg’unlashuvi, faoliyatning sermahsulligi, shaxsning Sosial xususiyatlari turli xil institut va tashkilotlar namoyon bo’lishlari mumkin. empirik Sosiologiyaning obyekti va predmetining xususiyati maxsus metodologiya va metodni ishlab chiqishni talab qiladi. Buni anglash esa birdan yuz bermadi. Dastlab empirik metodni ishlab chiqish aniqrog’i Sosial jabhalar uchun tabiiy fanlarning metodlarini qayta ishlab chiqish g’oyasi yetarlidir degan fikrlar vujudga keldi va bu qayta ishlangan uslublar bilan empirik tadqiqotlarni muvaffaqiyatli o’tkazish mumkin degan xulosa paydo bo’ldi. Ammo tez orada malum bo’ldiki, empirik tadqiqotlarni o’tkazish chog’ida ko’plab metodologik xarakterga ega bo’lgan muammolar: Sosial faktning mohiyati, nazariy bilishning empirik malumotlar bilan o’zaro munosabatlari, so’rov, kuzatish va o’tkazilayotgan malumotlarni tahlil qilish jarayonida subyektiv omilning roli kabilar paydo bo’ldi. Sosiologiyada bilishning subyektiv aspekti masalasi metodologik muammolarning eng markaziylaridan xisoblanadi. empirik Sosiologiyaning tadqiqotida empirik metodlar: so’rov, kuzatish, hujjatlarni o’rganish va eksperiment usullari shakllanib joriy etildi. Bu metodlarning har birini xususiyati jarayonning tomonlarini xuddi shu metod bilan tahlil qilishlik bilan belgilanadi. Masalan, eng ommabop metod ̶ so’rov metodi asosan insonlarning subyektiv dunyosini: qarashlari, munosabat bildirishlar, juda tez rivojlanishlik va o’zgaruvchanliklarga yo’naltirilgandir. Bundan tashqari, sosiolog tomonidan olingan malumotlarga uning munosabat bildirishi, interpretasiya (talqin qilishlik), tushunishi bilan tus beriladi. Shu tufayli esa empirik tadqiqotlar metodologiyasi shunday prinsip va yo’nalishlar ishlab chiqilishi kerakki, u orqali empirik malumotlarining obyektivligi va haqqoniyligi taminlansin, sosiolog va respondent o’zaro harakatlarining murakkab aspektlari to’liq majmuasini nazarda tutadigan tadqiqot vositalari, mantiqiy masalalari va davri muammolarni hal qilsin.
Shunday qilib, empirik Sosiologiya bu bilimning yirik bir sohasidir. U o’zining tarkibida empirik metodlar bilan bir qatorda metodologiya, malumotlar taminoti va empirik malumotlarni qayta ishlash tizimini o’zida mujassamlashtiradi. Shu sababli empirik tadqiqotlar odatda har hil mutaxassislikning tadqiqotchilari: psixologlar, metodologlar, matematiklar jamoasining o’zaro hamkorligi ostida o’tkaziladi.
Yempirik tadqiqotlar asosan statistik malumotlarga tayangan holda o’tkaziladi. Rivojlangan mamlakatlarda informasion taminot empirik tadqiqotning muhim manbasi hisoblanadi. empirik tadqiqotlarning rivojlanishi uchun asosiy muammo ̶ bu texnik vositalar taminoti bilan bog’liqdir, chunki tadqiqotlar natijalari eHMda qayta ishlanishi zarur. Shuningdek, so’rov va kuzatish uchun ham malum texnik vositalar talab qilinadiki, shuning uchun empirik tadqiqotlar anchagina qimmat tadbir hisoblanadi.
Sosiologiyaning rivojlanish jarayonida sekin-asta maxsus va tarmoq yo’nalishlar vujudga kela boshladilar. Maxsus deb institusional Sosiologiyani, shaxs Sosiologiyasini, guruh, jamiyat, Sosial harakat va Sosial munosabatlar Sosiologiyasini etirof etamiz. Bundan tashqari, yana shakllanib bo’lgan deb taraqqiyot Sosiologiyasi, o’zaro harakat, Sosial struktura va boshqalarni ajratib ko’rsatishimiz mumkin. Institusional Sosiologiya o’zaro harakatning mustahkam shakllarini tadqiq qiladi. Taraqqiyot Sosiologiyasi jamiyat taraqqiyotining manbasi shakli, yo’nalishlari va uning tarkibiy qismlarini o’rganadi. Sosial harakat nazariyasi esa insonning Sosial faoliyatini sabablari, turlari va ahamiyatini aniqlashga harakat qiladi.
Sosiologiyadagi maxsus yo’nalishlar Sosial reallikni Sosiologiyaning obyekti sifatida qabul qilishda nazariy mushohada qilishlik va bir obyektning asosiy elementlarini aniqlash asosida vujudga keladi. Ayrim nazariyalar Sosiologiyaning asoschilar tomonidan ishlab chiqilgan bo’lsada, ammo tadqiqot yo’nalishi sifatida XX asrning birinchi yarmida, neopozitivizm negizida yaratiladi. Maxsus yo’nalishlar Sosiologiya fanining yuz yillik taraqqiyot yo’lining mahsulidir. Yuqorida qayd etilganidek, maxsus yo’nalishlar neopozitivizm negizida shakllandi, lekin o’zining kelgusi rivojini boshqa nazariy yo’nalishlar tufayli topdi. Maxsus yo’nalishlar fanning markaziy qismini tashkil qiladi, chunki u o’zida tadqiqotning boshqa barcha yo’nalishlar: fundamental, tarmoq, empirik yo’nalishlarni mujassamlashtirgan bo’ladi.
Maxsus yo’nalishlardan tashqari Sosiologiyada yana tarmoq yo’nalishlari quyidagilar: shahar Sosiologiyasi, sanoat Sosiologiyasi, oila Sosiologiyasi, deviant yoki og’ishma xulq-atvor Sosiologiyasi, jamoatchilik fikri Sosiologiyasi shakllangan. Keng rivojlangan ushbu yo’nalishlar ijtimoiy hayotni malum bir tomonlari, har xil tizimchalar, tafakkurning malum bir elementiii o’rganish natijasida vujudga keldilar. eng rivojlangan yo’nalishlar bu ̶ deviant xulq-atvor Sosiologiyasi, sanoat Sosiologiyasi, jamoatchilik fikri Sosiologiyasi. Bu yo’nalishlar ko’xnadirlar, chunki ular XIX asr oxiri, XX asr boshlarida vujudga keldi. Masalan, deviant xulq-atvor Sosiologiyasining asoschisi e.Dyurkgeym hisoblanadi. Ilk bor u deviant xulq-atvorning turi bo’lmish o’z-o’zini o’ldirish muammosini tadqiq qildi, bunda o’z-o’zini o’ldirishni psixologik patalogiya emas, balki Sosial hodisa deb etirof etdi. Lekin ko’pgina tarmoq yo’nalishlar XX asrning birinchi choragida, Amerikada empirik tadqiqotlar negizida shakllana boshlandi. Bu vaqtda jamoatchilik fikri, sanoat Sosiologiyalarining markazlari vujudga kela boshladi. Tarmoq yo’nalishlar empirik tadqiqotlarning keng qamrovli amaliyotining negizida shakllana boshladi, lekin ular Sosiologiyaning boshqa yo’nalishlari bilan ham bog’liqdirlar.
Tarmoq Sosiologiyasi amaliy tadqiqotlar uchun bazis bo’lib xizmat qiladi, chunki olingan malumotlar asosida tashkilotlarning, korxonalarning va muassasalarning faoliyati takomillashadi. Tarmoq yo’nalishlari ijtimoiy hayotining turli tomonlarini tadqiq qila borib, xususiy va maxsus nazariyalarni rivojiga yordam beradi va shuningdek, fundamental Sosiologiya rivojiga ham tasir ko’rsatadi. Tarmoq yo’nalishlari asosida ayirboshlash nazariyasi, referent guruhi nazariyasi, yetakchilik (lider) nazariyasi va boshqa nazariyalar yaratildi. Tarmoq yo’nalishlar rivoji fundamental Sosiologiya oldiga jamiyatning yaxlit strukturasida turli xil ijtimoiy tizimchalarning roli va o’rni va ularni o’zaro harakatlar turlari, taraqqiyoti asoslarining masalalarini qo’yadi.
Tarmoq Sosiologiyasining maqsadi ayrim ijtimoiy strukturaning: moddiylik, manaviylik, mehnatning sermahsulligi nazariyasini yaratish, ishlab chiqarish, oilaviy munosabatlar va boshqalarning faoliyat ko’rsatish va rivojlanish qonunlarining to’liq tasvirini yaratishdan iborat. Tarmoq Sosiologiyasi xuddi Sosiologiyaga o’xshab Sosial buyurtma bilan bog’liqdir, lekin juda ham bevosita emas. Shuning uchun, u nisbatan mustahkamdir. Tarmoq Sosiologiyasining taraqqiyoti jamiyatning turli xil tizimchalarining rivoji, ularning tarixiy sharoitlarining turli davrlaridagi ahamiyatining kuchayishi, yangi strukturalarning paydo bo’lishi bilan chambarchas bog’liqdir.
Shunday qilib, nazariy va amaliy Sosiologiya bir-biridan tadqiqot obyekti yoki metodlari bilan emas, o’z oldiga qo’ygan maqsadlari bilan farq qiladi. Shu bilan birga sosiologlar o’z fani doirasida makro va mikro sosiologik darajalarini ajratib ko’rsatadilar. MakroSosiologiya - (yunoncha-katta) - katta ijtimoiy guruhlar va tizimlardagi hodisa va jarayonlarni tahlil qilishga qaratilgan fandir. MakroSosiologiya asosan yirik ijtimoiy tizimlar, hamda uzoq davom etadigan ijtimoiy tarixiy jarayonlarni o’rganish bilan shug’ulanadi (masalan, sinflar, ijtimoiy tartibotlar, shaharlar, dinlar va hokazo).
Mikrososiologiya - (yunoncha kichkina) - nisbatan katta bo’lmagan ijtimoiy siyosiy tizimdagi hodisa va jarayonlarni tahlil qilishga qaratilgan yo’nalish. MikroSosiologiya darajasida kishilarning o’zaro kundalik shaxslararo munosabatlari tahlil etiladi (masalan, rahbar-xodim, advokat-mulkdor va hokazo).
Sosiologiya fani olamni anglash jarayonini chuqurroq o’zlashtirish maqsadida tarix, falsafa, psixologiya, etnografiya, sanatshunoslik va jamiyatshunoslik fanlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat yuritadi. Zero, har qanday amaliyotga murojaat, har bir ilmiy tahlil natijaviy mo’ljalni nazarda tutmog’i, obyektiv voqyelik xususidagi bilimlarimizni kengaytirmog’i, ijtimoiy muammolarni hal etishga ko’maklashmog’i, taraqqiyot istiqbollarini aniqroq belgilashga yordam bermog’i lozimdir.
Sosiologiya fanining tobora taraqqiy etishi, ilmning differensiallashuvi, ko’plab alohida va maxsus sosiologik nazariyalarning tarkib topishga ham olib keladi.
Sosiologiya fani iqtisodiyot fani bilan aloqada bo’ladi. Malumki, iqtisodiyot fani ishlab chiqarish munosabatlarining shakl va qonuniyatlarini o’rganadi. Ishlab chiqarish shakllari esa ijtimoiy munosabatlarning asosini tashkil etadi. Shunday ekan, iqtisodiy izlanishlarning Sosiologiya fani bilan bog’liq bo’lishi tabiiy holdir. Chunki Sosiologiya fani mehnat jarayonlarining o’ziga xos tomonlarini, ishlab chiqarish jamoalarini, kishilarni samarali mehnatga qiziqish va mayllarini o’rganar ekan shubhasiz iqtisodiyot nazariyasini boyitadi.
Ijtimoiy jarayonlarni xronologik ketma-ketlikda o’rganar ekan, tarix fani o’tmishga nazar soladi. Sosiologiya o’tmishning va bugungi kunning o’zaro aloqalarini o’rganib ijtimoiy tarixiy hodisalar rivojlanishining o’zaro bog’liqligini ko’rsatadi, yani jamiyatning bugungi kundagi muammolarini samarali hal qilish uchun, ularning kelib chiqish sabablarini chuqur o’rganish kerak bo’ladi. Buning uchun sosiologlar, albatta o’tmishga murojat qiladilar.
Sosiologiya fani umumiy psixologiya fani bilan ham yaqin hamkorlikda bo’lishni taqozo qiladi. Zero, u yoki bu jamoadagi mehnat unumdorligini o’rganishni maqsad qilib sosiologik tadqiqot o’tkazilayotganda mazkur jamoa tarkibidagi individlarning hatti-harakatlari motivlarini aniqlash,ularni temperamentlari xususiyatlaridan kelib chiqqan holda umumiy xulosa qilishda, odamlar bilan jamoada muomala qilishni tashkil etish va ijtimoiy huquqni boshqarishda, albatta ijtimoiy psixologiya qonuniyatlarini chetlab o’tishi mumkin emas.
Sosiologiya fani statistika fani bilan ayniqsa yaqin aloqada rivojlanadi. Har bir sosiolog muayyan mavzuda sosiologik tadqiqot o’tkazishni maqsad qilib qo’yar ekan,u albatta shu sohadagi predmetning konkret holatini, real voqyelik manzarasini statistik manbalardangina topa oladi. Keng ko’lamdagi konkret sosiologik tadqiqotlarning sosiolog tomonidan statistik idoralar xodimlari bilan hamkorlikda o’tkazilishi ijobiy samaralar berishi shubhasizdir.
So’nggi yillarda Sosiologiya fanida konkret sosiologik tadqiqotlar amaliy natijalarining hayotga faolroq va ko’proq tadbiq etila borishi uning axloq, estetika, tibbiyot va pedogogika, rejalashtirish nazariyasi va boshqaruv, huquqshunoslik, ruhiyatshunoslik singari fanlar bilan aloqasini yanada mustahkamlamoqda. Sosiologiya fani ushbu fanlar natijasiga suyanadi. Tadqiqot o’tkazish jarayonlarida esa statistik malumotlardan, to’plangan malumotlarni o’zlashtirishda matematik modellashtirish usullaridan va metodlaridan foydalaniladi.
Sosiologiyaning boshqa fanlar bilan ko’p tomonlama aloqalari, jamiyatdagi muammolarni samarali yechishda katta yordam beradi. Jamoatchilik fikri Sosiologiyasi ijtimoiy hayotdagi barcha sohalar umumnazariy metodologik va xususiy sosiologik maktablar bilan bevosita ish yuritadi. Shunday qilib, murakkab umumiy va xususiy Sosiologiya fanlaridan iborat bo’lgan zamonaviy Sosiologiya tizimi uni ko’plab ijtimoiy gumanitar fanlar bilan keng aloqalarni taqozo etadi. Bu aloqalar ham umummetodologik bosqichda ham maxsus xususiy fanlar va ilmiy yo’nalishlar bo’yicha olib boriladi. Bu esa uni zamonaviy ijtimoiy gumanitar fanlar tizimidagi o’rnini aniqlab beradi.



Yüklə 0,65 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   81




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin