Tarmoq standarti – bu xalq xo‘jaligi (sanoat) tarmog‘ini boshqarish davlat idorasi tomonidan uning vakolatiga muvofiq tasdiqlangan standartdir.
Standartlarni qo‘llashda turli usullar mavjud. Bir mamlakat doirasida standartlar yangidan yaratilishi mumkin hamda xalqaro, mintaqaviy va davlatlararo standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi ham mumkin.
Standartlardan tashqari rahbariy hujjatlar, texnikaviy shartlar, standartlashtirish bo‘yicha tavsiyanomalar, yo‘riqnoma (qoidalar) ham mavjuddir.
Rahbariy hujjat (RH) deganda standartlashtirish idoralarining va xizmatlarning vazifalarini, burchlarini va huquqlarini, ularning ishlari yoki ishlarining ayrim bosqichlarini bajarish usullari, tartibini va mazmunini belgilaydigan me’yoriy hujjat tushaniladi.
Texnikaviy shartlar (O‘z TSh) - bu buyurtmachi bilan kelishilgan holda, ishlab chiqaruvchi tomonidan yoki buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan aniq mahsulotga (xizmatga) bo‘lgan texnikaviy talablarni belgilovchi me’yoriy hujjatdir.
Yo‘riqnoma (qoidalar) - instruksiya (pravila) - bu ishlarni yoki ularning ayrim bosqichlarini mazmuni va tarkibini belgilovchi me’yoriy hujjatdir.
Standartlashtirish bo‘yicha me’yoriy hujjatlarga shuningdek rahbariy hujjatlar, me’yorlar va qoidalar (qurilish, sanitariya, ekologik qoidalar va b.), tavsiyalar, texnik-iqtisodiy va ijtimoiy axborot tasniflagichlari ham kiradi.
Xalqaro va hududiy standartlar O‘z DSt ISO/IEC 21:2001 bo‘yicha O‘zbekiston davlat standartlariga qayta rasmiylashtirilib qo‘llaniladi.
CHet el standartlari – O‘z DSt 1.7:1998 bo‘yicha qayta rasmiylashtiriladi.
Uzluksiz ta’lim tizimida O‘zbekiston davlat standartlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Ixtiyoriy me’yoriy hujjatlarni qo‘llanish (amal qilish) maqsadida respublikada texnik reglament mavjud bo‘lganda qo‘llanilishi majburiy bo‘lmagan me’yoriy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Me’yoriy hujjatlarni belgilash tartibi o‘rnatilgan:
a) davlat ahamiyatidagi me’yoriy xujjatlar:
– O‘zbekiston davlat standarti – O‘z DSt;
– O‘zbekiston umumdavlat tasniflagichi – O‘z DT
– O‘zbekiston rahbariy hujjati – O‘z RH
– O‘zbekiston tavsiyanomalari – O‘z T.
b) tarmoq darajasidagi me’yoriy hujjatlar:
– tarmoq standarti – TSt;
– tarmoq tasniflagichi – TT;
– texnik shartlar – TSh;
– rahbariy hujjat – RH;
– tavsiyalar – T.
v) ma’muriy-hududiy axamiyatdagi me’yoriy hujjatlar:
– ma’muriy-hududiy standart – MNSt ;
– tavsiyanomalar – T.
g) korxona ahamiyatidagi me’yoriy hujjatlar:
– texnik shartlar – TSh;
– korxona standarti – KSt.
Demak, barcha darajadagi me’yoriy hujjatlarning belgisi hujjat matnining qaysi tilda yozilganligidan qat’iy nazar, davlat tilida lotin yozuvidagi qisqartmalar (abbreviaturalar) bilan belgilanadi.
Abbreviaturalar quyidagilarni ifodalaydi: O‘z – O‘zbekiston; D – Davlat; T – Tasniflagich, Tarmoq, Tavsiyanoma; R – Rahbariy; H – Hujjat, Hududiy; Sh – Shart; K – Korxona; M – Mamuriy; St – Standart
Davlatlararo standart belgisi (GOST) russ tilida saqlanadi. Standartlar darajasi, ularning tasdiqlash darajalari va O‘z SDT standartlarining turlari 9.4-rasmdagi sxemada keltirilgan.
Xalq iste’moli nooziq mollarini tayyorlash va haridga chiqarish uchun namunalar (etalonlar) ning texnik tavsiflarini ishlab chiqish ruxsat etiladi. Texnik tavsiflar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi, chunki ular ushbu guruhdagi bir turli mahsulotga umumiy talablarni o‘rnatuvchi me’yoriy hujjatlar asosida ishlab chiqiladi.
O‘z SDT standartlarining turlari.
Xaridga chiqariladigan mahsulotga barcha darajadagi me’yoriy hujjatlar “O‘zstandart” agentligining idoralarida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan me’yoriy hujjatlar haqiqiy bo‘lmaydi. Mahsulotga me’yoriy hujjatlar, odatda, har besh yilda, agar boshqa muddat o‘rnatilmagan bo‘lsa, qaytadan ko‘rib chiqiladi.
Import qilinadigan mahsulot O‘zbekiston hududida amaldagi me’yoriy hujjatlarda o‘rnatilgan majburiy talablarga muvofiq kelishi lozim. Bu sertifikat bilan tasdiqlanadi.
Me’yoriy hujjatlarsiz mahsulot ishlab chiqarish va xaridga chiqarish ruxsat etilmaydi.
Me’yoriy hujjatlarni nusxalash tartibi asosiy qoidalarda belgilangan. Me’yoriy hujjatlarni va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni nashr va qayta chop etish bu hujjatlarni tasdiqlagan (qabul qilgan) tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro, davlatlararo va hududiy tashkilotlarning me’yoriy hujjatlarini O‘zbekiston hududida nashr va qayta chop etish huquqi “O‘zstandart” agentligiga berilgan.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda standartlar ustidan davlat tekshiruvi va nazorati qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.