1996-yil 27-sentabrda Respublika Vazirlar Mahkamasining «Oltin meros» xayriya jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida»gi Qaroriga binoan mazkur jamg‘arma davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Bu qarorida o‘tmish milliy madaniyatimizni yanada taraqqiy ettirish, buyuk ajdodlarimizning asrlar davomida yaratgan bebaho madaniy-marifiy merosini ko‘z qorachig‘iday asrab-avvaylash, kelgusi avlodlarga yodgorlik qilib qoldirish, xalqimizning umuminsoniy qadriyatlar xazinasiga qo‘shgan ulkan hissasini butun dunyoga qayta tanitish, uni keng targ‘ib etish, kishilarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongiga milliy g‘urur, milliy iftixor, Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini singdirib borish kerakligi haqida aniq ko‘rsatmalar beriladi. Mustaqillik yillarida buyuk soxibkiron Amir Temurning 660 yilligi bo‘lib o‘tdi. YuNESKO tomonidan 1996 yil «Amir Temur yili», deb e’lon qilindi. Shu yili YuNESKOning Parijdagi qarorgohida «Temuriylar davri, fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi» mavzuida anjuman va unga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Mamlakatimizda «Temur va temuriylar» muzeyi, Amir Temur nomi berilgan bog‘lar, ko‘chalar barpo etildi.
Istiqlol tufayli milliy madaniyatimiz, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga bebaho hissa qo‘shgan buyuk bobokolonlarimizning ma’naviy merosi qaytadan o‘rganildi va tiklandi. Xalqimiz ulardan bahramand bo‘la boshladi. Mustaqillik yillarida xalqimiz ma’naviyati yulduzlari bo‘lgan buyuk allomalarimizning tavallud topgan tarixiy sanalari Yunesko bilan hamkorlikda mamlakatimizda va xalqaro miqyosda keng nishonlandi: 1991 yil – Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi; 1992 yil – Boborahim Mashrab tavalludining 350 yilligi; 1993 yil – Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi; 1994 yil – Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi; 1996 yil – Amir Temur tavalludining 660 yilligi; 1997 yil – Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon tavalludining 100 yilligi; 1998 yil – Ahmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi; 1999 yil – “Alpomish” dostoni yaratilganligining 1000 yilligi; 2000 yil – Burxoniddin Marg‘iloniy tavalludining 910 yilligi; 2000 yil – Kamoliddin Bexzod tavalludining 545 yilligi; 2001 yil – “Avesto” yaratilganligining 2700 yilligi; 2002 yil-Termiz shahrining 2500 yilligi; 2005 yil-Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi; 2006 yil-Qarshi shahrining 2700 yilligi; 2007 yil-Samarqand shahrining 2750 yilligi; 2007 yil-Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi; 2009 yil-Toshkent shahrining 2200 yilligi.