Tabiat, inson, jamiyat tushunchalari



Yüklə 25,95 Kb.
tarix25.11.2023
ölçüsü25,95 Kb.
#134586
TABIAT, INSON, JAMIYAT TUSHUNCHALARI (2)


TABIAT, INSON, JAMIYAT TUSHUNCHALARI.


Reja:
1.Tabiat, tabiat falsafasi tushunchalari talqin va ta’rif.
2. Inson muammosi falsafiy ta’limotlar markazida.
3. Jamiyat haqidagi falsafiy qarashlar. Jamiyatning mohiyati, o‘ziga xos jihatlari.

Tabiat tushunchasi keng ma’nodagi falsafiy tushunchalardan biridir. Tabiat benihoyat xilma-xil shakl va ko‘rinishlari bilan insonni qurshab turgan moddiy olam, butun mavjudotdan iboratdir, lekin “Tabiat” tushunchasini “Borliq” tushunchasi bilan aynanlashtirmaslik lozim. Borliq, tushunchasi mazmun jihatidan keng bo‘lib ijtimoiy, ma’naviy borliqni ham o‘z ichiga oladi. “Tabiat” tushunchasi anchayin tor ma’noda tabiatshunoslik fanlarining o‘rganish ob’ekti sifatida ham tushuniladi. Tabiat fanlari tabiatdagi barcha narsa va hodisalarning mohiyati va ularda mavjud bo‘ladigan o‘zgarishlarni o‘rganadi. Bu fanlar ma’lumotlarini o‘rganish bilan bizning tabiat haqidagi tasavvurlarimiz kengayib boradi.


Tabiat tushunchasi materiya tushunchasiga yaqin turadi. Demak, tabiat xilma-xil jismlardan tashkil topgan materiyadir. Ammo, odatda, tabiat tushunchasini muayyan bir chegarada, ya’ni inson va insoniyat mavjudligining tabiiy sharoitlari yig‘indisi sifatida ham ishlatiladi. Xuddi shu ma’noda, “Tabiat” tushunchasi inson va jamiyatning tabiatga nisbatan tarixiy jarayon davomi sifatida o‘zgarib boradigan munosabati tizimidagi o‘rni va rolini ifodalaydi. SHuning uchun bu tushuncha nafaqat tabiiy, balki inson tomonidan yaratilgan, uning mavjudligi moddiy shart-sharoitlari “ikkilamchi tabiati”ni ko‘rsatish uchun ham ishlatiladi.
Ma’lumki, inson bilan tabiat o‘rtasidagi munosabatlarning doimiy ravishda amalga oshishi ijtimoiy ishlab chiqarishning tartibga solib turuvchi qonun bo‘lib, busiz inson hayotining o‘zi bo‘lmaydi.
Insonning tabiatga munosabatini asosini uning faoliyati belgilaydi, chunki, bunday munosabat uchun materialni unga tabiatning o‘zi beradi. SHunga ko‘ra, tabiatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi, o‘z o‘rnida, insoniy faoliyatning xarakteri, yo‘nalishi va ko‘lamini ham o‘zgarishiga olib keladi.
Jamiyat rivojlanishi, u bilan birgalikda inson aql-idrokining takomillashuvi, inchunin ilm-fan taraqqiysi tabiatga bo‘lgan munosabat xarakterini ham o‘zgartirib boradi. Bu narsa insonning tabiatga nisbatan ta’siri asta-sekin chuqurlashib, kengayib borishiga olib keldi. Insonning tabiatga munosabati masalasi tarixiy taraqqiyotning turli bosqichlarida turlicha namoyon bo‘la boshlaydi. SHunga muvofiq tabiat haqidagi falsafiy tushuncha tarixan o‘zgarib, rivojlanib borgan.
Ibtidoiy odam uchun tabiat butunlay ilohiylashgan bo‘lganligi bilan xarakterlidir. Mifologik tafakkur xali tabiat bilan insonni bir-biriga munosabatini to‘g‘ri belgilash uchun muayyan asos bo‘la olmasdi. Tabiat haqidagi bilimlarning ortib borishi, unga nisbatan muayyan qarashlarning shakllanishiga olib kela boshlaydi. Bu esa falsafani mifologiyadan ajralib chiqishini ko‘rsatadi.
Antik tafakkurning paydo bo‘lishi tabiatga nisbatan o‘ziga xos munosabatni keltirib chiqardi. Bu davrda tabiat tushunchasi insonni mukammallikka erishishga intilishini ifodalay boshlaydi. Insonning tabiatdan bahramand bo‘lishi va u bilan hamnafas bo‘lish tomon harakati kuchayadi.

Tabiat (yunoncha “rhusiske”- vujudga kelgan, dunyoga kelmoq) «Tabiat» so‘zi narsalarning mohiyati hamma narsalarning yig‘indisi hamda insonni ifodalaydi.
Inson o‘zining kelib chiqishi va yashashi nuqtai nazaridan tabiatning bir bo‘lagidir. SHu ma’noda tabiat, mazmuni jihatidan, bevosita hamma faoliyatning yig‘indisi hamma narsa va voqealarning umumiy bog‘lanishi, umuman borlig‘idir. Tabiat tushunchasi ikki xil ma’noda qo‘llaniladi. Keng ma’noda butun borliq, olamning cheksiz xilma-xilligining aniq namoyon bo‘lish sifatida bunda tabiat “borliq”, “voqelik”, “koinot”, “olam” tushunchalarining sinonimidir. Ularning hammasi butun borliq yig‘indisini, shu jumladan, insonni ham ifodalaydi.
Tor ma’noda esa tabiat insonning geografik muhitini anglatadi. Inson va tabiat o‘rtasidagi munosabat insoniyat sivilizatsiyasining taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda o‘zgarib turadi. Inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatlarni, uch xil yondashuv orqali ifodalash mumkin:
1) afsonaviy (mifologik) - insonni tabiatga qaramligi;
2) ilmiy-texnologik (insonning tabiat ustidan hukmronligi);
3) muloqot (dialog) - tabiat va insonning uyg‘un barkamolligi.
Tabiat - odamning paydo bo‘lgunicha ham, odam ishtiroki bilan ham mavjud borliq. Umuman, bu - dunyo, olam, koinot; mikro-makro-megadunyolar; jonsiz va jonli borliq. Tor ma’noda - tabiat fanlari o‘rganadigan ob’ekt. Tabiat odamga, jamiyatga bog‘liq bo‘lmagan qonuniyatga bo‘ysunadi. Odam tabiatning bir qismi. Odam tabiat qonunlarini o‘zgartira olmaydi, faqat bu qonunlardan foydalanib, tabiat elementlarini, qisimlarini o‘zlashtirishi mumkin.
Tabiat - keng ma’noda butun borliq, xilma-xil shakl va ko‘rinishdagi olam, materiya, koinot tushunchalarini ham qamrab oladi. Tor ma’noda - fan, asosan, tabiiyot fanlari o‘rganadigan ob’ekt, turli tabiiyot fanlari tabiatni har tomondan o‘rganadi va o‘z tadqiqot natijalarini universal shaklda, konkret qonunlarda ifodalaydi. Tabiatning umumiy tushunchalari falsafa va fan metodologiyasi doirasida ishlab chiqilib, tabiiy fanlar yutuqlariga tayangan xolda tabiatning asosiy xarakteristikasini ochib beradi. Tabiiyot fanlarining rivojlanishi tabiat haqidagi tasavvurlarni boyitib boradi.
Demak, tabiiyot - tabiat haqidagi fanlar sistemasi, tabiiy fanlar majmui. Mavzui - tabiatdagi materiyaning turli harakat shakllari, o‘zaro aloqolari, ichki strukturasi va genezisidan iborat.
Tabiat tushunchasi insoniyat jamiyati yashashi tabiiy sharoitlarining majmui sifatida ham qaraladi. Inson yashashi uchun mehnat qiladi, mehnat (masalan, dehqonchilik, qurilish, sanoat), miya faoliyati va boshqalar esa tabiatning ba’zi jihatlarini o‘zgartiradi, o‘sha tabiat qonunlari doirasidan chiqqan holda. Odam tomonidan, ya’ni ijtimoiy mehnat jarayonida yaratiladigan moddiy boyliklar shartli ravishda “ikkinchi tabiat” deyiladi. Masalan, vodoroddan urangacha bo‘lgan 92 ta kimyoviy element tabiiydir, undan keyingi kashf etilganlari sun’iydir. Barcha sun’iy sintetik kimyoviy birikmalar, odam yaratayotgan atom va yadro energiyalari “ikkinchi tabiat”ga kiradi.
Odamning tabiatga munosabati tarixda o‘zgarib va rivojlanib bordi. Antik falsafada tabiatga stixiyali kuchlar (Demokrit), ideal dunyoning in’ikosi (Platon), uyg‘un jarayon (Pifagor), mukammallik (Aristotel) deb qaralgan. Diniy ta’limotlarda tabiat ruhiy ibtidoning moddiy gavdalanishi deb hisoblangan va Xudo tabiatdan yuqori turadi, deb tushunilgan. Ovrupoda Uyg‘onish davrida tabiatga hamma tabiiy uyg‘unlik va mukammallikning yuzaga chiqishi sifatida qaraldi. YAngi davrda tabiatga bo‘lgan munosabat tabiatning ilmiy o‘rganish ob’ektiga aylanishida katta rol o‘ynadi.
Tabiat ob’ekti fazo va vaqtda mavjud modda, materiyadir. Ular cheksiz ma’lum narsalarning (elementar zarralar, antizarralar, qum, tosh, tuproq suv, havo, jonli va jonsiz mavjudot, planetalar, yulduzlar, galaktikalar va boshqa samoviy jismlar, fizik maydonlar) majmuidan iboratdir. Bir vaqtlar (fanning so‘nggi ma’lumotlari bo‘yicha bundan 20 milliard yil avval) bu jismlar boshqa ko‘rinishda bo‘lgan. Bo‘lajak milliard yillarda u yana o‘zgarib boradi. Tabiat odamning, jamiyatning vatani. Odamning hayoti tabiatning, biosferaning uyg‘un sharoitiga bog‘liq. Bu tushunchani birinchi bo‘lib 1875 yilda avstriyalik geolog olim Eduard Zyuss kiritgan. Noosfera-esa aql sferasi, doirasi. Bu tushunchani 1927 yilda fransuz olimi E.Lerua istemolga kiritgan. Bu sharoit salbiy tomonga o‘zgartirilsa, odamning normal yashashiga putur etkaziladi, ekologik muammolar paydo bo‘ladi. Ilmiy-texnika yutuqlaridan noto‘g‘ri foydalanish - biosfera, noosferaning buzilishiga olib keladi. Binobarin tabiatni puxta bilib, undan samarali foydalanish, unga to‘g‘ri va oqilona munosabatda bo‘lish lozim. Insonning tabiatga bunday munosabatda bo‘lishida fan asosiy omil bo‘lib kelmoqda. Er va koinotda insonning faoliyati faollashmoqda. Koinotning uzoq-uzoq joylari (masalan, metagallaktikalari, pulsarlari, kvazarlari) yuz berayotgan hodisalarni kengroq va chuqurroq bilish tabiat haqidagi tasavvurlarimizni yanada kengaytiradi.


2. Inson to‘g‘risidagi ilk tasavvurlar falsafa maydoniga kelishidan ancha avval ham bo‘lgan. Bular tabiat va inson nisbati to‘g‘risidagi ertaklarda, turli asotirlarda (miflarda) ifodalangan eng sodda fikrlar edi. Hozirgi zamon fani nuqtai nazaridan erda hayot 100 mln yil avval kelib chiqqan. Maymunsimon mavjudotlardan insonning kelib chiqishi bir necha million yil avval boshlangan. Hozirgi vaqtda Er yuzida tarqalgan Homo sapiens (aqlli odam) turi esa zamonaviy genetika ma’lumotlariga ko‘ra bundan taxminan 200 - 250 ming yil avval Afrikada paydo bo‘lgan.
Ayni shu fikrlar asosida va ular bilan aloqadorlikda insonni falsafiy tushunishga doir ta’limotlar yuzaga keladi. Inson va uning mohiyati haqidagi dastlabki bunday falsafiy ta’limotlar qadimgi Hindiston, keyinroq Xitoyda rivojlandi.
Qadimgi Hindiston falsafasida bu masala «inson qaerdan paydo bo‘lgan», «biz qaerda yashaymiz», «qayoqqa qarab borayapmiz» kabi savollar tarzida qo‘yilib, bu savollarga berilgan javoblarda insonning ijtimoiy-ma’naviy mohiyatini tahlil etish bilan birga uning barcha jonli mavjudotlar bilan umumiyligiga ham e’tibor qaratiladi. Asotiriy-diniy va falsafiy g‘oyalarni ifodalagan vedalarning davomi hisoblangan upanishidalarda ta’kidlanishicha, erkinlikka, ehtiroslilikdan qutulishga intilish va sansara-karma qonunlariga ko‘ra amalda bo‘lgan hissiy borliq yo‘li faqat insongagina xosdir.
Inson muammosi tahlilida xitoylik Konfutsiyning ta’limoti alohida ajralib turadi. Uning falsafiy qarashlarida insonning axloqiy tabiati, oiladagi hayoti va davlatni boshqarishi masalalari katta o‘rin olgan. Garchi Konfutsiy ta’limotida tabiat masalalari alohida va bevosita o‘rin olmagan bo‘lsada «osmon» va «osmon hukmi» tushunchasi hiyla katta salmoqqa egadir. «Osmon hukmi» - bu taqdir bo‘lib, inson hayoti va o‘limi uning tomonidan belgilab qo‘yilgan.
Konfutsiyning «o‘zingga nimani istamasang, boshqalarga ham uni ravo ko‘rma», degan fikrida insoniylik, kishilarga hurmat-izzat ko‘rsatish yo‘llari ifodalangan. U yana bilish - insonni bilishdir, deb aytgan edi.
Konfutsiychilik bilan yonma-yon mavjud bo‘lgan daosizm falsafiy maktabi vakillari ham inson muammosini jiddiy tadqiq qilganlar. Bu maktab vakillari ta’limotiga ko‘ra inson o‘zining hayotida dao - butun Olamning o‘z-o‘zidan kelib chiqishi, rivojlanishi va barham topishining doimiy tabiiy qonunlariga amal qilib yashashi kerak. YA’ni, uning barcha xatti-harakatlari Olam qonuni va insoniy tabiatga mos bo‘lmog‘i lozim.
Inson muammolarining falsafiy tahlili qadimgi YUnonistonda ham ancha yuksaqlikka ko‘tarildi. YUnon faylasuflari ko‘rsatishicha, inson Koinotning unchalik mukammal bo‘lmagan ko‘rinishi bo‘lib, uning barcha unsurlarini ifodalaydigan tana, jon va ruhdan iboratdir. Koinot doirasida inson xudolar, barcha jonli mavjudotlar - o‘simliklar va hayvonlar bilan yonma-yon mavjuddir.
Falsafiy ta’limotlar markazida inson muammosining alohida tarzda quyilishi eng avvalo Protogarning «inson barcha narsalarning o‘lchovidir”, degan fikrida to‘la ifoda etilgan.
Demokrit uchun esa inson tabiatning bir bo‘lagidir, binobarin, u ham atomlardan tuzilgan. Hayotdan maqsad Demokritning fikricha, bu ma’naviy baxt-soadatdir.
SHarqda islom tarqalgan hududlardagi diniy-falsafiy ta’limotlarda bu masalaga ratsional yondashish kuchli edi.
Tasavvuf ta’limotlariga ko‘ra, inson borliqdagi eng mukammal mavjudot bo‘lib, o‘zida olamning mohiyatini jam etadi. SHunga ko‘ra borliq - dunyo olamu kabir bo‘lsa, inson olami sag‘irdir. Agar koinot miqyosida borliqning birligi xudoda ifodalansa, xossalari ko‘rinishining ifodasi - insondir. Inson ti-nimsiz o‘z-o‘zini bilish orqali komillik darajasiga erishish imkoniyatiga ega.
Islom falsafasi vakillari inson muammosining barcha asosiy jihatlari bilan shug‘ullandilar. Jumladan, ularni insonning kelib chiqishi, uning olamda tutgan o‘rni, voqelikni o‘zlashtirish imkoniyatlari, ezgulik yo‘lini tanlagan insonning ideal va hokazo masalalar qiziqtirgan edi. Bu masala-larni tahlil etish natijasida Forobiy insonning barcha mavjudotlardan farqi aql-idrokdadir, degan xulosaga kelgan bo‘lsa, Ibn Sino aqlning o‘zini umumiy qarashlar va alohida narsalar to‘g‘risida fikr yuritishga qodirlik shaklida talqin qiladi.
Bu muammo haqidagi Beruniyning fikrlari ham ahamiyatlidir. U insonning xudo tomonidan yaratilganligini ko‘rsatib, ayni vaqtda uning butun hayoti va jismoniy tuzilishi jug‘rofik omillar bilan ham bog‘liq ekanini ko‘rsatib shunday degan edi: «inson tanasi, rangi, haqiqiy qiyofasi, tabiiy belgilari faqat kelib chiqishgagina emas, balki tuproq, suv, havo va turar joyiga ham bog‘liqdir».
Diniy adabiyotlar, xususan Avesto, Tavrot, Injil, shuningdek, Qur’oni karimda ham insonning yaratilishi, uning er yuzidagi ilk hayoti o‘ziga xos tarzda talqin qilinadi. Ularning barchasida dunyo va insoniyatning yagona YAratuvchi (Avestoda – Axura-Mazda, Tavrotda – YAhve, Injilda – Ota Xudo, Qur’onda – Alloh) tomonidan yaratilgani bir ovozdan ta’kidlanadi. Odamzodning diniy tasavvurlari paydo bo‘lishiga kelsak, Xudo dastlabki inson – Odamni yaratgach, unga ma’lum yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar berdi va bu ko‘rsatmalar o‘z navbatida din deb ataldi. Diniy ta’limotga ko‘ra, inson boshdan mukammal holda yaratilgan, shunga o‘xshash din ham unga mukammal holda berilgan. Evolyusionizm ta’limotiga ko‘ra, insonning paydo bo‘lishi ham, dinning shakllanishi ham bosqichma-bosqich, soddadan murakkabga qarab rivojlanib borgan. Umuman olganda, barcha ilmiy adabiyotlarda dinning paydo bo‘lishi borasida bildirilgan fikrlar ilmiy farazlardan iborat bo‘lib, ushbu masalaning diniy adabiyotlardagi talqini esa har bir insonning diniy e’tiqodiga bog‘liq.
Insoniyat tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning kundalik hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan muhim ishlar, jumladan, tug‘ilish, oziqa topish, ov qilish, o‘z xavfsizligini ta’minlash, dafn marosimi kabilar turli diniy tasavvur va e’tiqodlar bilan bog‘liq bo‘lganligini ko‘ramiz.
Inson muammosi tahlili YAngi zamon falsafasining barcha bosqichlarda egallagan o‘rni, tutgan ahamiyatiga ko‘ra o‘tmish davrlarida mavjud bo‘lgan ta’limotlardan sifat jihatidan farqlandi. Uyg‘onish davri tafakkurida o‘tmishdagi ta’limotlarning birontasida bo‘lmagan hol - insonni betakror individualliklarning yig‘indisi sifatida olib qarash boshlandi, insoniyat betakror insonlardan tashkil topgani ko‘rsatildi. Bundan esa tarik tabiatda bo‘lganidek, inson tabiatining ham bir xil emasligi va ayni paytda inson bilan insoniyatning manfaatlari mushtaraklashadigan muhim nuqtalar borligi to‘g‘risida xulosalar chiqarildi.
Bu davr falsafasida, birinchidan, inson, uning alohidalik sifati va imkoniyatlarining cheksizligi masalasi tursa, ikkinchidan individualizm, egoizm (xudbinlik), manfaatparastlikning ham falsafiy tahlillari ko‘rina boshlandi. «Inson insonga bo‘ri», «hammaning hammaga qarshi urushi» kishilar hayotining tabiiy holati (T.Gobbs), degan qarashlar kelib chiqishi tasodifiy emas edi.
Fan taraqqiyoti ta’sirida Ovro‘pa falsafiy antropologiyasida bu davrga kelib inson mohiyati talqinida yanada yangi jihatlari ko‘rina boshlandi. Masalan, B.Paskal insonning butun buyukligi va noyobligini uning fikrlay olish qobiliyatida ko‘radi. P.Golbax esa insonning hayoti tabiat qonuni bilan taqozalangan, deb hisoblagan. U shunday deb yozgan edi: «inson hatto fikrida ham tabiatdan tashqariga chiqa olmaydi».
Nemis mumtoz falsafasi asoschisi I.Kant uchun «inson dunyodagi eng asosiy mavjudotdir». U bir tomondan, tabiatga tegishlidir, ikkinchi tomondan axloqan erkin va, uchinchidan, doimo qadriyatlar bilan ish ko‘radi. Bu sifatlarning birinchisida inson zaruriyat oldida tursa, ikkinchisida ma’naviy erkinlikka zgadir.
XX asr falsafiy antropologiyasi ko‘p hollarda mumtoz falsafa an’analardan voz kechib, ratsionalizm o‘rniga irratsionalizmni (instinkt, intuitsiya, hissiy-irodaviy holatlar va hokazolarni) qo‘yadi.
«Hayot falsafasi» yo‘nalishidagi mutafakkirlar (uning ilk vakillari XIX asr faylasuflaridan Kerkegor, SHopengauer, Nitsshe va boshqalar) aql-idrok o‘rniga irodani oldinga surib, qator qiziqarli g‘oyalarni maydonga tashladilar. Xususan, SHopengauer o‘tmishdagi falsafiy qarashlarda inson irodasi uning aql-idroki hosilasi sifatida qaralganini to‘g‘ri ko‘rsatadi va insonning turli-tuman intilishlari, motivlari harakat uchun turtki bo‘lgan ruhiy holati hamda bularning amalga oshishi jarayoni nisbiy mustaqil ekani va o‘ziga xosligini ta’kidlaydi. Nitsshe ham falsafa markaziga inson irodasini qo‘yib, uni jonli tabiatdagi holatning jamiyatdagi xususiy ifodasi deb tushuntirgan edi. Bergson esa inson ruhiy faoliyati asosida instinkt turadi degan fikrni ilgari surdi.
Inson muammosi Z.Freyd asos solgan ruhiy tahlil falsafasida katta o‘rin tutgan. Uning fikricha inson ongi yordamida o‘zining «MEN»iga ham ega bo‘ladi. Ayni vaqtda unda inson ruhining oliy qatlami- «superMEN» hamda eng past va kuchli qatlam «U» ham farqlanmog‘i lozim. Bular birgalikda olingandagina inson o‘z ruhiy borligini tushuntira oladi.
XX asr falsafasida inson muammosini alohida o‘rganishni maqsad etib qo‘ygan ekzistensialistlar (YAspers, Xeydeger, Sartr, Kamyu va boshqalar) nuqtai nazariga ko‘ra, individ ezgulik va yovuzlikdan birini tanlashi masalasi falsafiy muammolar markazida turmog‘i lozim.
Ekzistensialistlar o‘zlarining inson to‘g‘risidagi qarashlarda ayniqsa begonalashuv hodisasiga katta e’tibor berdilar. Bunda alohida olingan inson bilan jamiyat o‘rtasidagi munosabatlardagi nomutanosiblik ayniqsa chuqur tekshirilishi lozimligi aytiladi.
Ekzistensializmga yaqin bo‘lgan falsafiy ta’limotlardan hisoblangan va hozirgi vaqtda bevosita falsafiy antropologiya deb atalgan maktabning vakillari (A.Gelen, E.Rotxaker, M.Landman va b.) nuqtai nazariga ko‘ra falsafaning vazifasi nison borlig‘i mohiyatini tushuntirishdan iboratdir. Bunda e’tibor inson borlig‘ining ob’ektiv tomonlariga emas, balki sof sub’ektiv tomonlariga qaratiladi. Bu yo‘l bilan insonning erkin ijodiy faoliyati, uning xaqiqiy borlig‘i asosida nison hayoti ma’nosini ochib berish mumkin deb ko‘rsatiladi.
Hozirgi zamon inson falsafasining mazmuni davr qo‘ygan masalalarga javob berish bilan taqozalangandir. Haqiqatan ham insoniyat hozirgi vaqtda ilmiy bilimlar va dolzarb hayotiy muammolarni hal etish uchun zarur bo‘lgan ilmiy-texnikaviy va madaniy vositalar etishmayotganligini emas, balki bu vositalardan donolik bilan foydalanishmayotganligini yaqqol sezmoqda. By donolik markazida doimiy qadriyatlar hisoblangan tinchlik, demokratiya, ijtimoiy adolat va hokazolar turadi.


3. Falsafa jamiyatni ob’ektiv olamning tarkibiy qismi sifatida o‘rganadi. Ijtimoiy falsafa avvalo jamiyat, uning mohiyati, taraqqiyot qonunlarini o‘rganadigan falsafaning maxsus sohasi bo‘lib hisoblanadi.
Jamiyat muammosi qadimdan odamlarni qiziqtirib kelgan. Kishilik jamiyatini o‘rganadigan fan sohalari ko‘p. Jamiyatning iqtisodiy hayoti- iqtisodiyot nazariyasi, unda kechadigan tarixiy jarayonlar-tarix, jamiyatni boshqarish sohasi-Davlat va huquq nazariyasi fanining tadqiqot ob’ekti bo‘lib hisoblanadi. Ijtimoiy falsafa boshqa fanlardan farqli o‘laroq jamiyatni yaxlitlikdan iborat bo‘lgan tizim sifatida o‘rganadi va bu tizimga xos bo‘lgan qonunlarni ochishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Jamiyat qadimgi YUnon falsafasining muhim muammolaridan biri bo‘lib hisoblanadi.
Aflotun ta’limotida jamiyat, davlat masalalari muhim o‘rin tutadi. Aflotun jamiyatga tizim sifatida yondashadi va bu tizim, jamiyatning tarkibi davlat boshqaruvi haqida qimmatli fikrlar bildirgan.
Arastu jamiyatni o‘rganish bilan bog‘liq bo‘lgan fanlarni ishlab chiqqan va «Metafizika» deb nomlagan. Bu fanlar orasida siyosatga alohida o‘rin bergan. Uning fikricha, jamiyat siyosiy mavjudotlardan tashkil topgan.
Jamiyat haqidagi ilmiy-falsafiy qarashlar Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkir olimlar ijodida markaziy o‘rin tutadi.
Buyuk olim Abu Nasr Forobiy asarlarida jamiyat muammosi chuqur falsafiy tahlil qilingan. U jamiyatning kelib chiqishi asosida tabiiy ehtiyojni qondirish yotadi, degan nazariyani ilgari surgan.
Tabiiy ehtiyoj kishilarni birlashishga, jamoaga uyushuviga, o‘zaro yordamga olib kelgan. O‘zaro yordam tufayli ehtiyojlar qondirilgan. Kishilar o‘rtasidagi o‘zaro yordam jamiyatni keltirib chiqargan. Insoniyat jamiyati turli xalqlardan tashkil topgan bo‘lib, ular o‘zaro bir-birlaridan tillari, urf-odatlari, malakalari, xususiyatlari bilan farqlanadilar.
Forobiy davlatlarni fozil va johillarga ajratadi. Fozil shahar yuksak axloqli va ma’rifatli kishi tomonidan boshqarilib, bu davlat shahar aholisining o‘zaro ko‘maklashuviga, bir-biriga yordam berishiga asoslanadi. Odamlarga nisbatan ularni birlashtirib turuvchi ibtido – insoniylikdir. SHu tufayli odamlar odamzod turkumiga oid bo‘lgani uchun ham o‘zaro tinchlikda yashamoqlari lozim.1
Abu Ali Ibn Sino «Ishorat va tanbihot» asarida inson o‘z shaxsiy talablari jihatidan boshqalardan ajralgan holda yashay olmaydi, chunki u insoniyatning boshqa vakillari bilan munosabatda bo‘libgina, ularni qondirishi mumkin»2 deb hisoblaydi. U insonlarning jamiyatda tutgan o‘rniga ko‘ra 3 guruhga bo‘ladi:
a) Davlat idoralarida xizmat qiluvchi va jamiyatni boshqarish ishi bilan shug‘ullanuvchilar
b) Xomashyo va zaruriy mashg‘ulotlarni ishlab chiqaruvchilar.
v) Davlatni qo‘riqlash, uni turli tashqi xujumlardan saqlashni ta’minlaydigan harbiylar.
Ibn Sino jamiyatning paydo bo‘lishi kishilarning birdamlikka bo‘lgan tabiiy ehtiyojidan kelib chiqqanligini ko‘rsatgan.
Alisher Navoiy o‘z asarlarida «ideal jamiyat» qiyofasini chizgan.
XIX asrning o‘rtalarida jamiyat, uning mohiyati, taraqqiyot istiqbollarini o‘rganish hayotiy zarurat darajasiga ko‘tarildi. Ikkinchi mavzuda ta’kidlaganimizdek, aynan shu zaruriyat falsafa fanidan ijtimoiy falsafaning ajralib chiqishiga va maxsus falsafiy fan sifatida shakllanishiga sabab bo‘ldi.
Jamiyat haqidagi ilk falsafiy qarashlar qadimdan boshlab Markaziy Osiyo mintaqasida shakllangan. Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-falsafiy bilimlarning shakllanishi uzoq tarixga ega. U dastlab boy ma’naviy merosimiz – xalq og‘zaki ijodida, so‘ng esa qadimiy yozma madaniy yodgorliklarda o‘z ifodasini topgan. Bu madaniy yodgorliklarda; a) qadimgi bitiklar; «Avesto». Buyuk allomalarimiz qoldirgan manbalar kiradi.
Jamiyat va insonni falsafiy anglash muammolari Markaziy Osiyolik buyuk mutafakkirlarni Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Alisher Navoiy, YUsuf Xos Hojib, Ahmad YUgnakiy asarlarida ko‘tarilgan.
Yüklə 25,95 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin