8-bob. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun haq to‘lash 58. Loyihaoldi va loyiha hujjatlari, atrof tabiiy muhitning holatiga va fuqarolarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ishlab turgan korxonalar va boshqa obyektlar, maxsus huquqiy rejimli obyektlar davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilganligi uchun haq to‘lash miqdori ularning quyidagi toifalarga mansub faoliyat turlari bo‘yicha atrof tabiiy muhitga ta’sir ko‘rsatishi toifalariga muvofiq:
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub faoliyat turlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarini;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning II toifasiga mansub faoliyat turlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravarini;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning III toifasiga mansub faoliyat turlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 7,5 baravarini;
atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub faoliyat turlari uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 0,5 baravarini tashkil etadi.
Tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq xo‘jalik faoliyati va boshqa faoliyatni tartibga soluvchi normativ-texnik hamda yo‘riqnoma-uslubiy hujjatlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish uchun tegishli toifadagi obyektni davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazishga to‘lanadigan to‘lovning 30 foizi miqdorida haq belgilanadi.
Agar davlat ekologik ekspertizasi uchun bitta buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan atrof muhitga ta’sirni baholash materiallari kompleks hisoblansa va atrof muhitga ta’sir ko‘rsatadigan hamda bitta sanoat maydonida joylashgan turli toifadagi bir qancha obyektlardan iborat bo‘lsa, davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazganlik uchun to‘lov ularning atrof muhitga ta’sir ko‘rsatishining yuqori toifasiga tegishli bo‘lganida undiriladi.
Atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlar hududiy jihatdan bir-biridan uzoqdagi sanoat maydonchalarida joylashgan taqdirda, davlat ekologik ekspertizasi materiallari har bir sanoat maydonchasi uchun alohida ishlab chiqiladi va davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun taqdim etiladi.
Obyektlarning bir-biridan uzoqda joylashganligi atrof muhit ifloslanishiga birgalikda ta’sir ko‘rsatmasligi bilan tavsiflanadi.
Ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiyot tarmoqlarini joylashtirish va rivojlantirish konsepsiyalari, sxemalarining loyihalari, 50 mingdan ortiq kishi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlari, hududlarga keyinchalik muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar, favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalari maqomini berish maqsadida ularni kompleks o‘rganish materiallari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilgani uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida haq belgilanadi.
Texnika, texnologiyalar, materiallar, moddalar, mahsulotlarning yangi turlarini yaratishga doir hujjatlar loyihalari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida haq belgilanadi.
50 ming va undan kam aholi istiqomat qilishi loyihalashtirilayotgan obyektlar uchun shaharsozlik hujjatlarini davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida haq belgilanadi.
Ijtimoiy sohani rivojlantirish davlat dasturlari, konsepsiyalari va sxemalarining, shuningdek, davlat tomonidan muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarining loyihalari davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilganligi uchun haq to‘lanmaydi.
59. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun buyurtmachi tomonidan banklarning elektron to‘lov tizimlari orqali belgilangan tartibda haq to‘lanadi.
60. Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish uchun 30 kalendar kun mobaynida haq to‘lanmagan taqdirda, Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmasi davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazishga taqdim etilgan materiallarni buyurtmachiga qaytaradi.
Oldingi tahrirga qarang. 61. Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari faoliyati davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shartnoma bo‘yicha bajariladigan boshqa ishlarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lashdan tushadigan mablag‘lar hisobi moliyalashtiriladi hamda bu mablag‘lardan Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari xodimlariga ish haqi to‘lash, asosiy vositalarni sotib olish, moddiy-texnik bazani rivojlantirish, transport vositalariga xizmat ko‘rsatish va boshqa xarajatlarni to‘lash, shu jumladan, jalb etiladigan mutaxassislar xizmatiga haq to‘lash uchun foydalaniladi.
(61-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)